1

Shavkat Mirziyoev Vladimir Putinni O`zbekistonga taklif qildi

Siyosat 19.03.2018, 14:42
Shavkat Mirziyoev Vladimir Putinni O`zbekistonga taklif qildi

Bugun O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlatimiz rahbari Vladimir Putinni 18 mart kuni bo`lib o`tgan Rossiya Federasiyasi Prezidenti saylovida erishgan ishonchli g`alabasi bilan tabrikladi.

Saylov natijalari Vladimir Putin rahbarligida jamiyatni birlashtirish, aholi turmush darajasini yuksaltirish, iqtisodiyot, infratuzilma va davlat boshqaruvini modernizasiya qilish, davlat suverenitetini qat`iy himoya qilish va mamlakatning jahonda muhim o`rin tutgan davlat sifatidagi rolini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan har tomonlama o`ylangan siyosatga Rossiya xalqi tomonidan ulkan ishonch bildirilayotgani va nihoyatda keng qo`llab-quvvatlanayotganini yana bir bor namoyish etgani alohida ta`kidlandi.

O`zbekiston va Rossiya o`rtasida do`stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari jadal rivojlanib borayotgani chuqur mamnuniyat bilan qayd etildi.

2017 yilning aprel oyida Rossiyaga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrif, shuningdek, tomonlarning muntazam muloqoti ikki tomonlama o`zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qilib, uni sifat jihatidan yangi, amaliy mazmun bilan boyitgani ta`kidlandi.

Birgalikdagi sa`y-harakatlar bilan savdo-iqtisodiy, investisiya, bank-moliya, transport-kommunikasiya, madaniy-gumanitar va ko`plab boshqa sohalarda aniq natijalarga erishildi.

O`zaro tovar ayirboshlash hajmi oshmoqda, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida yirik investision loyihalar amalga oshirilmoqda. Ikki mamlakat ishbilarmon doiralari va hududlari o`rtasidagi hamkolik faollashdi.

Sayyohlik va madaniyat sohasidagi almashinuvlar kengaymoqda, ta`lim va sog`liqni saqlash bo`yicha qo`shma dasturlar amalga oshirilmoqda.

O`zbekiston va Rossiya rahbarlari ikki tomonlama sheriklikni yanada kengaytirish masalalari, shuningdek mintaqaviy va xalqaro siyosatning qator dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

Suhbat yakunida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putinni davlat tashrifi bilan O`zbekistonga kelishni taklif etdi.

Rossiya Prezidenti samimiy qutlov va tilaklar uchun chuqur minnatdorlik bildirib, mamlakatimizga tashrif bilan kelish taklifini mamnuniyat bilan qabul qildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1