AsosiyHidoyat sari

Fazilatli rajab oyi boshlandi

'Fazilatli rajab oyi boshlandi'ning rasmi

Eslatma! Bu yilgi rajab oyining birinchi kuni 18 martga to`g`ri keladi.

“Rajab” so`zi qanday ma`noni anglatadi?

– Arab tilidagi “rajab” so`zi o`zbekchada “ulug`lash”, “hurmatlash” ma`nolarini ifoda etadi.

Rajab oyi qanday oy?

– Rajab oyi – Alloh taolo urush qilishni harom qilgan (zulqa`da, zulhijja, muharram, rajab) oylardan biridir.

Rajab oyida qanday tarixiy voqealar yuz bergan?

– Er yuzini suv bosgan to`fonda Nuh alayhissalom kemaga rajab oyining birinchi kuni minganlar;

– Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ilk vahiy rajab oyida nozil bo`lgan;

– Mashhur qavlga ko`ra, Isro va Me`roj voqeasi rajab oyida sodir bo`lgan.

Rajab oyining qanday fazilatlari bor?

– Rajab oyi barakali va ulug` oy bo`lib, undagi ozgina yaxshi amal evaziga ko`plab ajru savoblar beriladi. Ibodatlar va duolar ijobat bo`ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Besh kecha borki, unda duolar rad etilmaydi: rajab oyining avvalgi kechasi; sha`bon oyining yarmidagi kecha; juma kechasi; fitr kuni kechasi va qurbonlik kechasi” (Ibn Asokir rivoyati).

Rajab oyini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qanday o`tkazganlar?

– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rajab oyida ro`za tutganlar. Usmon ibn Hakimdan rivoyat qilinadi: “Sa`id ibn Jubayrdan rajab oyida turganimizda rajab ro`zasi haqida so`radim. U: “Ibn Abbosning: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ro`za tutar edilar, hatto og`izlarini ochmasalar kerak, der edik. Og`izlari ochiq bo`lardi, hatto ro`za tutmasalar kerak, der edik”, deyayotganini eshitganman”, dedi”.

– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rajab oyida ko`p istig`for aytishga targ`ib qilganlar. Sayyidul istig`for: “Allohumma anta robbiy la ilaha illa anta xolaqtaniy va ana abduka va ana ala ahdika va va`dika mastatotu a`uzu bika min sharri ma sona`tu, abuu laka bini`matika alayya va abuu bizambiy fag`firliy fainnahu la yag`firuz zunuba illa anta”.

– Rajab oyi kirganda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Allohumma barik lana fi rajabin va sha`bana, va ballig`na ramazona” (“Yo Alloh, rajab va sha`bon oylarida bizlarga baraka ato qilgin va bizlarni ramazon oyiga etkazgin!”) deb duo qilganlar (Imom Bayhaqiy va Imom Tobaroniy Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilgan).

Ulamolarimizdan biri: Rajab shamolga, sha`bon bulutga, ramazon yomg`irga o`xshaydi. Kimki rajab oyida ekin ekmasa, sha`bon oyida uni sug`ormasa, ramazon oyida qanday hosil oladi?” degan edi.

Shunday ekan, ramazonda olajak hosilimiz mo`l bo`lmog`i uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan o`rnak olgan holda rajab oyida ko`proq solih amallar bilan birga astoydil duolar qilishni ham unutmaylik!

G`aflatda qolmaylik, azizlar, vaqt yugurik, umr bevafo!

Davron NURMUHAMMAD tayyorladi.

O`MI Matbuot xizmati

    Boshqa yangiliklar