Imkana qishlog`ida qanday sinoatlar yashirin?

Moziydan sado 25.03.2018, 22:34
Imkana qishlog`ida qanday sinoatlar yashirin?

Kitob tumani hududi hayratlanarli tabiiy yodgorliklar bilan birga Hazrati Bashir, Mavlono Xojagi Imkanagiy, Xoja Sayyid Ne`matulloh, Shayx Shamsiddin, Junaydulloh, Islom shayx o`g`li Hoziq, Abdurahmon Hisoriy kabi allomalar, Xiromiy, Abdulla shoir singari nazm ustalari mangu qo`nim topgan tarixiy qadamjolarga boyligi bilan ajralib turadi.

“Qashqadaryo” nashri bildirishicha, So`fi Olloyor va Boborahim Mashrab nazari tushgan Imkana qishlog`i dengiz sathidan 900 metr balandlikda joylashgan bo`lib, odamlar orasida “Xo`ja imkana”, “Xo`ja ilm koni” nomlari bilan mashhur. Qishloq ahli shu erda bundan to`rt yarim asr avval Muhammad payg`ambar (s.a.v.) avlodiga mansub ulug` zot – Mavlono Abulboqi Xojagi Imkanagiy yashab o`tgani va allomaning maqbarasi qad rostlab turgani, shuningdek, respublikamizdagi eng ulkan va keksa chinor daraxti hamda qadimiy suv inshooti – 13 ta quduqmisol o`yiqli er osti kanal (koriz) borligi bilan faxrlanishadi.

Qishloqni suv bilan uning sharqiy tomonida yastanib yotgan Qoraxon (mahalliy aholi “Qora momo” ham deydi) tog`i etaklari ostidan tabiiy tarzda oqib chiquvchi katta-kichik o`nlab buloq suvlarining birlashishidan hosil bo`lgan chog`roq ariq ta`minlaydi. Azalda qishloq bilan buloqlar orasini balandligi ellik-oltmish metrga teng keladigan tabiiy tepalik to`sib turgan. Ko`p asrlar burun ajdodlarimiz buloq suvini tepalik ostidan qishloqqa olib o`tishning o`ziga xos usulini o`ylab topishganki, uni ko`rib hayratga tushishingiz tabiiy.

Tepalikning buloqlar tomonidan qishloq tarafiga oralig`i 15-20, chuqurligi 12-20 metrlar keladigan 13 ta quduqmisol o`yiqlar qo`l kuchi bilan qazilgan. Ushbu o`yiqlarning tubi bir-biriga teng o`lchamda bo`lgan va ular er ostidan bir-biriga maxsus qazilgan g`orsimon kanallar yordamida birlashtirilgan. Qadimiy er osti suv inshootini aholi “koriz” deb ataydi. Korizlarni kuzatarkansiz, ota-bobolarimizning irrigasiya sohasida ham beqiyos bilim sohibi bo`lganliklariga amin bo`lasiz. Bu erdagi quduqsimon o`yiqlar korizning er ostidan o`tgan qismini yoritib turishga qulaylik tug`dirishi bilan birga suv yo`lini tozalash ishlari davom ettirilayotgan payti xavfsizlik nuqtai nazaridan ham juda muhim bo`lgan.

Imkana qishlog`ida tabiatning yana bir durdona yodgorligi – ko`hna chinor borki, uning yoshi o`n besh asrlar atrofida. Tanasidagi tabiiy yoriqqa eshik o`rnatilgan bo`lib, asrlar o`tishi bilan tana markazida kenggina o`yiq hosil bo`lgan. O`yiq ichidagi “xona” devori yong`indan qorayganini ko`rish mumkin. Rivoyat qilishlaricha, chinor daraxti ming yoshga kirsa, o`z-o`zidan olov chiqarib, ichki qismi yonib ketarmish. Rivoyat ushbu chinorga ham taalluqli, deyishdi mahalliy keksalar. Vaqt ta`sirida chinorning markaziy shox tanasi sinib tushgan. Ammo yashash uchun kurashayotgan bu ulkan daraxt yangi shoxlar chiqarib, o`sishda davom etmoqda.

Imkana chinorining tana aylanasi 18 kishi qulochiga teng yoxud 27 metrga yaqin o`lchamda. Chinor bag`rida hosil bo`lgan “xona” esa uzunasiga 5,8 va eniga 4,2 metrga teng. Uning ichida 25 bola bemalol davra qurib o`tirishi mumkin. Shu bois, o`tgan asr boshlarigacha undan maktab sinfxonasi sifatida foydalanilgan. Qishloq qariyalarining guvohlik berishicha, avvallari chinor shoxlarida 35 ta laylak uyasi bo`lgan ekan.
Bu erda abadiy qo`nim topgan Mavlono Xojagi Imkanagiy 1512-1599 yillarda yashagan bo`lib, Kesh viloyatida naqshbandiya tariqatining Imkana maktabiga asos solgan. Alloma sa`y-harakatlari bilan naqshbandiya tariqati olis Hindiston hududiga ham etib borgan va Sirhind maktabi yuzaga kelgan.

Xojagi Imkanagiy ota tarafi Termiz sayyidlariga, ona tomonidan mashhur shayx Ya`qub Charxiy hazratlariga borib taqaladi. Otasi Mavlono Darvesh Muhammad asosan Chag`oniyon (hozirda Surxon vohasining Denov tumani)ning Vaxshuvor, Hisori Shodmon manzilgohlarida yashagan. Shu sabab u kishining nisbasi – Vaxshuvoriy. O`sha yillarda yuz bergan notinchliklar sabab, mavlono Kesh viloyatining Imkana qishlog`iga ko`chib kelgan va u zotning muborak qabri Imkana qishlog`idan uch chaqirim uzoqlikdagi Xojaisparoz qishlog`idadir.
Darvesh Muhammaddan ikki o`g`il avlodni davom ettirgan bo`lib, ularning har ikkisi – hazrat Abulboqi Xojagi Imkanagiy va Xoja Ofoq o`z davrining taniqli ilmdorlari bo`lib etishgan.

Xojagi Imkanagiy dastlabki saboqni otasidan olgan, keyin Buxoro va Samarqand allomalaridan kalom, tafsir va hadis ilmlarini o`rgangan. Vaqt etib, Sumak qishlog`ida yashagan xoja Muhammad Sobirning qiziga uylangan. O`z davrida karomatgo`y avliyo darajasiga etgan Muhammad Sobir kishilar ko`z o`ngida ikki tepalik orasidagi masofani havoda muallaq holatda qadamlab o`tgani rivoyat qilinadi. Ushbu karomati tufayli uning ismiga “Parranda” laqabi qo`shib aytilgan. U zotning qabri Sumak qishlog`ida.

Tarixiy manbalarda Xojagi Imkanagiyning bir qizi va yolg`iz o`g`li bo`lgani qayd etiladi. O`g`li Abul Qosim shayxlik darajasiga etishgan, odamlar e`tiqodiga putur etkazuvchi har qanday bid`at va xurofotlarga qarshi kurashgan. Ayni kuchga to`lgan 39 yoshida boqiy dunyoga rixlat qilgan.

Xojagi Imkanagiy tariqatda o`ziga xos yo`lga ega bo`lib, u shariat qonun-qoidalariga asoslangan edi. Har bir amal Qur`on va Rasululloh sunnatlariga zid bo`lsa, har qanday holatda undan voz kechgan. Alloma faoliyatini chuqur o`rgangan olim Abdusattor Jumanazarov “Xilvat ahli” asarida bu haqda shunday deydi:

“Yozadilar: “Hazrat Xojagi Imkanagiy to`g`ri va ulug` yo`lda sobitqadam edi. U ruxsat etilgan ba`zi shar`iy ishlardan ham o`zini tiyardi. Masjid va xonaqohdan o`zgani bilmasdi. Bag`oyat tamkinligi – Alloh hukmiga itoatgo`yligidan uning majlisida raqs, samo` va jazavada nolalar chekishga yo`l yo`q edi”.

Darhaqiqat, o`sha davrlarda boshqa tariqatlar ta`sirida naqshbandiya sulukida ham samo`, raqs va jahriy zikr paydo bo`la boshlagandi. Mavlono esa ayni shunday ta`sirlar doirasiga tushmagandi. Bir kuni ashoblaridan biri: “Darveshlar majlisida Mavlaviy Rumiy quddusu sirruhu masnaviylari ijro etilsa, ne bo`lur?” deb so`raydi. Mavlono: “Har kuni hadis ushbu majlisning chirog`idur. Nabiy hadislarini so`ylaguvchilarga Tangri rahmatining yog`ilib turishiga hech shak-shubha yo`qdur, hadisdan so`nggina udir”, deb javob beradi.

O`z davrining mashhur valiullohi Xoja Ahror Valiyga taniqli alloma Abul Boqi Dehlaviy murojaat qilganida, u zot ikkita diniy masalani echib bera olmagan. Shundan so`ng, Xoja Ahror bu ilm tolibiga Xojagi Imkanagiyga borib uchrashishni maslahat berarkan, bu muzofatda u kishidan ulug`roq, donishmandroq odam yo`qligini aytadi. Abul Boqi Samarqanddan dovon oshib, Imkana qishlog`iga etib keladi va o`zini qiynagan savollariga javob topadi.

Moziydan ma`lumki, har zamonning o`z allomalariyu tariqat peshvolari – valiullohlari bo`lganki, oliy hukmdorlar ham ularning so`zlariga befarq bo`lmoqlikdan tiyilganlar. Ular siyosiy hayotga ta`sir ko`rsatishi bilan janjalli masalalarni tinch yo`l bilan hal etishga hissa qo`shganlar.

Xojagi Imkanagiy yashagan davrda Shayboniylar saltanati kutilmaganda tanazzulga yuz tutadi. Abdullaxon II vafotidan ikki yil o`tib, Movarounnahr hukmdorligi joniylar (ashtarxoniylar) qo`liga o`tadi. Ushbu sulolaning Buxoro taxtini egallashida Xojagi Imkanagiyning xizmati katta bo`lgan.

Manbalarda yozilishicha, mavlono Ashtarxoniy Boqi Muhammadga Movarounnahr taxtini egallashdan oldin: “Askaring kamligidan andisha qilma! Va bu oyati karimani o`qigin: “Qanchadan-qancha ozchilik guruhlar Alloh izni bilan ko`pchilik guruhlar ustidan g`olib kelmishdur”, deydi.
Mavlononing bu inoyati va xayrli bashorati bilan sulton dilida ishonch paydo bo`ladi va 3-4 minglik qo`shini bilan dushmanning ellik ming lashkaridan ustun keladi. Ushbu jang Xojagi Imkanagiy nomini xalq aro yanada mashhur qiladi. Mavlononing padari buzrukvori Darvesh Muhammad davridayoq qishloqda masjid, xonaqoh va maktab faoliyat ko`rsatayotgandi. Keyinchalik Xojagi Imkanagiy hurmati evaziga ashtarxoniy hukmdorlar tomonidan Imkana qishlog`ida yirik me`moriy inshootlar majmuasi qurishadi.
Keksalarning guvohlik berishicha, o`tgan asrning 30-yillarigacha majmua vayronalari saqlangan. Keyinchalik bino g`ishtlari maktab, vino zavodi qurilishiga tashib ketilgan. O`z davrida majmua tarkibida beshta masjid, 43 hujrasi bo`lgan madrasa, shuningdek, o`ziga xos yirik arkli g`ishtin ko`prik bo`lgan. Hozirda majmuadan faqat xonaqoh binosi saqlanib qolgan.

Xonaqoh tomiga binoning uch tomonidan maxsus g`ishtin zinapoyalar orqali chiqiladi. Zinapoya yo`laklari uchun eshiklar binoning tashqi tomonidan o`rnatilgan. Xonaqoh ichiga toza havo kirishi va yorug`lik tushib turishi uchun katta-kichik maxsus tuynuk (deraza)lar qo`yilgan. Ularga ganchdan yasalgan panjaralar o`rnatilgan.

Xonaqohning janub tomonida er yuzasidan 13-14 metr balandlikdagi g`ishtin ko`prik izlari saqlangan. Ko`prik ostidan o`tadigan ikkinchi – qarama-qarshi yo`ldan ot-aravali va piyoda yo`lovchilar qatnab turgan. Ushbu ko`prik ajdodlarimiz aql-zakovati bilan o`ziga xos murakkab va go`zal arxitektura usulida bunyod etilgan.

Qabriston yuqorida tasvirlaganimiz – xonaqohning ro`parasida, asosan janubi-sharqida joylashgan. Qabriston bilan xonaqoh oralig`ida mavlono Xojagi Imkanagiyning salobatli dahmasi qad rostlab turibdi. Balandligi ikki metrdan oshiqroq bo`lgan dahma kvadrat shaklida, to`rtala tomoni ham 11,2 metrga teng. Dahma devori turli o`lchovdagi tog` toshlaridan kesib tiklangan. Uning ustida ikkita qabr bo`lib, shimol tomonidagisi mavlono Xojagi Imkanagiyga taalluqli, ikkinchisi esa farzandlari bo`lmish xoja Abul Qosimning qabridir. Arab tilida bitilgan yozuvlarda “Bu munavvar qabr oriflar sultoni, haqgo`ylar tayanchi, dinu millat va sultonlar nasihatgo`yi, faqirlar murabbiyi, xos va avom rahnamosi, fozillar va olimlar suyuklisi, ulug` shayxlar etishgan hol sohibi, poklik ila mag`firat qilingan qutublar qutubi, mavlono Yaqub Charxiyning nevarasi, mavlono Darvesh Vaxshuvoriy alayhi rahma va-r-rizvonning o`g`li – hazrat mavlono Xojagiynikidir. Vafot etgan sanasi hijriy 1008 yil (milodiy 1599-1600 yillar)” deyilgan. Qabrtoshning chetlariga aylantirilib, Allohning turli sifatlarini anglatuvchi 33 ismi bitilgan.

Ikkinchi qabrtoshga esa “Bu muattar qabr avliyolar sultoni va yaxshilar suyanchig`i, oliy himmat, haqqa etishgan va Tangri karamiga erishgan, sultonlar do`sti, faqirlar murabbiyi va mag`firat etilib, ushbu joyda sokin bo`lgan xudojo`y marhum xoja Abul Qosim ibn mavlono Xojagi alayhir rahimnikidur. Vafot etgan sanasi hijriy 1022 yil (milodiy 1613-1614 yillar)”, deb yozilgan. Har ikkala qabrtosh bitiklari nasx-suls xatida yozilgan.

Daxmani kuzatgan kishi uning Buxorodagi Bahouddin Naqshband maqbarasiga o`xshashligini payqaydi. Ta`kidlaganimizdek, Xojagi Imkanagiy naqshbandiya tariqati keng yoyilishiga xizmat qilgan, shu sabab Buxorodagi me`moriy echim u zot qabrida ham o`z ifodasini topgan bo`lsa, ne ajab.

Qabristonning xonaqohga yaqin qismida ham ko`plab qadimiy ulkan qabrtoshlar sokin turibdi. Tabiatning uzoq yillik ta`siri natijasi o`laroq, ulardagi bitiklarning asosiy qismi emirilib, hatto o`qishga yaroqsiz holatga kelib qolgan.

Umuman olganda, Imkana qishlog`i hamda Xojagi Imkanagiy ziyoratgohi o`z bag`rida tarixning ko`plab sir-sinoatlarini mujassam etganki, ularni har bir kishi o`zi borib ko`rsa, ko`plab ajoyibotlarga guvoh bo`lishi shubhasiz, deb yozadi O`zbekiston musulmonlar idorasi matbuot xizmati.



Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1