Bugun Farg`onada O`zbekiston olimpiya terma jamoasi Keniya olimpiya terma jamoasiga qarshi ikkinchi o`rtoqlik o`yinini o`tkazadi.
Dastlabki o`rtoqlik o`yinida Ravshan Haydarov shogirdlari 2:1 hisobida mag`lubiyatga uchrashgandi. Bugungi o`yinda olimpiyachilarimiz ana o`sha mag`lubiyat uchun revansh olishga harakat qilishadi.
Umuman olganda, bu kabi o`rtoqlik o`yinlari Olimpiya terma jamoamiz uchun katta musobaqa oldidan muhim sinov vazifasini o`tab berishi uchun tashkillashtirilayotganini ham ta`kidlab o`tish zarur.
Shu yilning avgust oyida Indoneziyada Osiyo o`yinlari bo`lib o`tadi. Ravshan Haydarov jamoasi oldiga mazkur musobaqada muvaffaqiyatli ishtirok etish vazifasi qo`yilgan. Bundan tashqari, Tokio – 2020 Olimpiadasiga yo`llanma olish ham olimpiya terma jamoamiz oldidagi asosiy vazifa hisoblanadi.
Eslatib o`tamiz, O`zbekiston OTJ – Keniya OTJ o`yini Farg`onadagi “Istiqlol” stadionida soat 20:00da boshlanadi.






