AsosiySport

Engil atletika. Toshkentda MOQ sovrini uchun O`zbekiston chempionati start oldi

'Engil atletika. Toshkentda MOQ sovrini uchun O`zbekiston chempionati start oldi'ning rasmi

Bugun poytaxtimizda engil atletika bo`yicha Milliy olimpiya qo`mitasi sovrini uchun O`zbekiston chempionati boshlandi.

Respublika engil atletika markazi mezbonlik qilayotgan mazkur musobaqa kattalar, 19 hamda 17 yoshgacha bo`lgan sportchilar o`rtasida tashkil qilinmoqda. Unda atletlar bosqon uloqtirish, nayza uloqtirish, disk uloqtirish, yadro uloqtirish, shuningdek, uzunlikka va balandlikka sakrash yo`nalishlarida g`oliblik uchun kurash olib borishmoqda.

Kattalar o`rtasidagi bahslar Indoneziyada bo`lib o`tadigan Osiyo o`yinlari uchun terma jamoamiz tarkibini shakllantirish maqsadida tashkil etilayotgan bo`lsa, 19 yoshgacha bo`lgan sportchilar o`rtasidagi bellashuvlarda Osiyo va jahon chempionatlarida yurtimiz sharafini himoya qiladigan sportchilar nomi ma`lum bo`ladi. 17 yoshgacha bo`lgan sportchilar o`rtasidagi musobaqada esa Argentinada o`tkaziladigan o`smirlar o`rtasidagi yozgi Olimpiya o`yinlarida qatnashadigan vakillarimiz saralab olinadi.

Bahslarda Respublikamizning barcha viloyatlaridan 289 nafar sportchi o`z omadini sinab ko`rmoqda.

Qo`shimcha sifatida shuni qayd etib o`tishimiz lozimki, yaqinda Milliy olimpiya qo`mitasi Prezidenti Umid Ahmadjonov tashabbusi bilan polvonlar yurti hisoblangan Surxondaryo hamda Qashqadaryo vohalaridan 51 nafar sportchi saralab olindi. Ikki kun davom etadigan musobaqada aynan ushbu sportchilarning ishtirokiga ham alohida e`tibor qaratiladi.

    Boshqa yangiliklar