1

Toshkentda «Evropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo» formatida tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi tashkil etildi

Siyosat 27.03.2018, 09:50
Toshkentda «Evropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo» formatida tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi tashkil etildi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan o`tkazilayotgan «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzuida Afg`oniston bo`yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi doirasida 26 mart kuni poytaxtda «Evropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo» formatida tashqi ishlar vazirlarining navbatdagi uchrashuvi tashkil etildi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.

Unda O`zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, Qozog`iston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Qayrat Abdraxmanov, Qirg`iziston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Erlan Abdildaev, Tojikiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Aslov, Turkmaniston tashqi ishlar vaziri o`rinbosari Vepa Xadjiev va Evrokomissiya prezidenti o`rinbosari, Evropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo`yicha Oliy vakili Federika Mogerini mintaqalararo hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildi.

Xalqaro tahlil markazlari qayd etayotganidek, Toshkentda Afg`oniston bo`yicha o`tkazilayotgan yuqori darajadagi xalqaro konferensiya O`zbekistonning yangi tashqi siyosati strategiyasining amaliy natijasi sifatida ushbu mamlakatda tinchlik va barqarorlikni ta`minlash bo`yicha mintaqaviy va xalqaro miqyosdagi qo`shma sa`y-harakatlarga keng yo`l ochadi.

Toshkent konferensiyasi oldidan poytaxtdagi Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasida o`tgan «Evropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo» formatida tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvida mazkur konferensiyani o`tkazishning amaliy jihatlari haqida so`z yuritildi.

Markaziy Osiyo mamlakatlarining tashqi siyosiy idoralari rahbarlari Evropaning 2019 yilda EIning mintaqaga oid yangilangan strategiyasini ishlab chiqish va qabul qilishga doir rejasini ma`qulladi hamda Markaziy Osiyo davlatlarining mazkur jarayonda faol ishtirok etishiga doimo tayyor ekanini bildirdi.

Uchrashuvda, shuningdek, mintaqada iqtisodiy, hududlararo yo`nalishlardagi hamkorlikni, savdo-iqtisodiy, investisiyaviy, texnologik, ilmiy va ta`lim sohalaridagi aloqalarni rivojlantirish istiqbollari haqida ham so`z yuritildi.

Tadbirda Afg`onistondagi ahvolni barqarorlashtirish va poytaxtda o`tkaziladigan «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzuidagi Toshkent konferensiyasi arafasida ushbu davlatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga alohida e`tibor qaratildi.

Xususan, Evropa Ittifoqi tomonidan Markaziy Osiyo davlatlarining Afg`onistonda tinchlik va barqarorlikni ta`minlash, uni hududiy iqtisodiy va infratuzilma aloqalariga jalb qilishga doir sa`y-harakatlarini qo`llab-quvvatlashi bo`yicha fikr almashildi. Shu bilan birga, 27 mart kuni O`zbekiston poytaxtida ish boshlaydigan Afg`oniston bo`yicha yuqori darajali xalqaro konferensiyaning delegasiya rahbarlariga kiritiladigan yakuniy Toshkent deklarasiyasi dunyo hamjamiyatini tashvishga solayotgan global muammoni bartaraf etish yo`lidagi g`oyat ulkan qadam bo`lishi ta`kidlandi.

Tashqi ishlar vazirlarining navbatdagi uchrashuvini joriy yilning ikkinchi yarmida Bryussel shahrida o`tkazishga qaror qilindi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1