Xonanda Jennifer Lopes futbol bo`yicha jahon chempionatining ochilish marosimida ishtirok etmaydi. “Afsuski, Jennifer Lopes bu yilgi jahon chempionat ochilish marosimiga tashrif buyurmaydi”, - deyiladi xonandaning vakillaridan biri tarqatgan bayonotda. Ushbu qaror sabablari aytilmagan.
Lopes jahon chempionati ochilish marosimi uchun reper Pitbul va Klaudiya Leitte bilan maxsus qo`shiq ijro etgan edi. Qo`shiq “We are One” ( “Biz birgamiz" ) deya nomlangan. Ushbu qo`shiq 12 iyun kuni San-Pauluda Braziliya hamda Xorvatiya terma jamoalari o`rtasidagi uchrashuv oldidan ijro etilishi kutilgan edi.
Reper Pitbul Jennifer Lopes hamda Klaudiya Leitte bilan JCh uchun birga qo`shiq kuylaganidan baxtiyor ekanligini aytdi. Ammo, qo`shiq xonandalarni birlashtirmadi.
Jahon chempionatlariga maxsus qo`shiqlar ijro etilishi 1966 yildan urfga kirgan. To`rt yil avval Janubiy Afrika respublikasida o`tgan jahon chempionati uchun Shakira tomonidan ijro etilgan “Waka Waka” qo`shig`i xitga aylangan edi.
Bu yilgi JCh uchun ham Shakira “La La La” nomli taronani ijro etdi. Qo`shiq uchun klip suratga olingan. Klipda Shakiraning sevgilisi Pike, ularning farzandi Milan, futbol yulduzlari bo`lgan Messi, Aguero, Neymar va Fabregaslar suratga tushishgan.





