Rossiya Federasiyasi Tergov qo`mitasi raisi Aleksandr Bastrikin Kemerovodagi yong`inda odamlarni qutqargan fuqarolarga mukofotlarni topshirdi, deb xabar qilmoqda muassasa matbuot xizmati.
“Tergov qo`mitasi raisi Aleksandr Bastrkin Kemerovogo bo`lgan tashrifi davomida, favqulodda vaziyatda o`zini yo`qotib qo`ymagan, hayotini xavf ostiga qo`yib, haqiqiy qahramonlik ko`rsatgan fuqarolar bilan uchrashdi”, — deyilgan xabarda.
Mukofotlash marosimida Bastrikin, ushbu medallar jangovar medallar ekanligini va ular insonlar hayotini saqlab qolishda, haqiqiy mardlik ko`rsatgan fuqarolarga berilishini ta`kidladi.
Mukofot olgan fuqarolar orasida – ikkinchi qavatdagi oyoq kiyimlar do`koni xodimi, tojikistonlik Farzon Salimov, uchinchi qavatdagi do`konlardan birining xodimi Aleksandr Kalachyov, 17 yoshli kursant Dmitriy Poluxin va bolalar o`yinxonasi animatori Kristina Nikitinalar bor.
Savdo markazidagi do`konlardan birida ishlaydigan Tojikistonlik ikki fuqaro Maxmud Xo`jaev va Farzon Salimov, yong`in chiqqanidan so`ng 50dan ortiq kishini qutqarishga yordam bergani haqida xabar bergan edik. Ular sarosimaga tushib qolgan odamlarga savdo markazini tezrok tark etish yo`lini ochib berishgan va nogironlarni zinadan olib tushishda yordam berishgan.
Eslatib o`tamiz, 25 mart kuni Kemerovodagi “Zimnyaya vishnya” savdo markazida yuz bergan yong`in tufayli 64 kishi qurbon bo`lgan, jumladan 41 nafar bolalar. Keyinchalik o`tkazilgan tekshiruvlar binodan yong`in xavfsizligi talablari qo`pol ravishda buzilganligini ko`rsatgan. Ushbu fojeadan so`ng Rossyaning barcha shaharlaridagi savdo markazlari yong`in xavfsizligi nuqtai nazaridan qattiq nazorat ostiga olingan edi.






