1

“U ham o`z vaqtida bir poshohdur”

Moziydan sado 03.04.2018, 16:19
“U ham o`z vaqtida bir poshohdur”
Kamol Xo`jandiy barcha zamondoshlari va o`zidan keyin yashagan she`r ahli qatorida Sohibqiron va Hazrat Navoiyning ham mehrini qozongan edi.

Xoja Kamoliddin Abu Ahmad Muhammad Xo`jandiy forsiyzabon shoirlar orasida o`z nomi, tili va uslubi bilan o`chmas iz qoldirgan. 1321 yilda Xo`jand shahrida tavallud topgan shior keyinchalik adabiyotda Kamol Xo`jandiy nomi bilan shuhrat qozongan.

Shaharlar va safarlar

U dastlabki ta`limni ona shahrida olgach, bilimini chuqurlashtirish uchun Samarqandga yo`l oladi. Bu erda ilm va adabiyot ahli bilan yaqin aloqada bo`ladi. Shoirlarning anjumanlarida qatnashadi. Toshkentda ham bir muddat yashab, ilm oladi. Keyin haj ziyoratiga yo`l oladi. Safar asnosida biroz vaqt Xorazmda to`xtab o`tadi.

Haj amallarini bajarib, orttga qaytayotganda u Tabrizda qoladi. Ma`lum sabablarga ko`ra, shu erda yashab qoladi. U avval Tabrizning Abdulloh Jubbachi mahallasida yashaydi. Tez orada u shaharda shoir, mutasavvif, piri murshid sifatida shuhrat qozonadi. Bundan xabar topgan Jaloyirlar davlati hukmdori Sulton Husayn uni ziyorat qilgani keladi. Voliyonko`h mavzesida shoir uchun bog`, hovli va xonaqoh qurdiradi.

Shoirning Tabrizdagi osuda hayoti 1385 yilda yakun topadi. O`sha yili Oltin O`rta xoni To`xtamishxon Amir Temur saltanatiga tobe bo`lgan Tabrizga hujum qiladi. U juda ko`p asirlar bilan birga Kamol Xo`jandiyni ham o`z poytaxti Saroy shahriga olib ketadi. Xoja Kamol Xo`jandiy aftidan Saroyda uncha yomon yashamagani ushbu she`ridan ham yaqqol ko`rinadi:

Bo`stonest Saroy az gili on ro`y, Kamol,
Ba Saroy omadӣ, ey bulbuli xushgo`, bisaroy.

(Saroy uning yuzi fayzidan bo`stonga aylaymish, Kamol, Saroyga kelding, ey xushovoz bulbul, kuyla) Biroq u Tabrizga ham qattiq bog`lanib qolgandi. Bu shaharga qaytish orzusi uni tark etmagandi.

Tabriz maro ba joi jon xohad bud,
Payvasti maro virdi zabon xohad bud,
(Tabriz ki jon ӯrnida jonim bo`lgay,
Shahdu shakaru virdi zabonim bo`lgay).
Kamtarin shoirning kamoli

Oradan 11 yil o`tib, 1396 yilda Sohibqiron Amir Temur Darbanddan qaytishda To`xtamishxonni jazolash uchun Saroyga hujum qiladi. Keyin Kamol Xo`jandiyni ham banddan ozod qilib, Tabrizga olib ketadi. Xo`jandiy buyuk sarkardaning bu marhamatidan minnatdor bo`lgani uning bir qasidasida ham yaqqol ko`zga tashlanadi:

Kamol, ul dam, ki yoronlar ila o`zni yaqin ko`rsang, Degil: “Bu davlatim topdim, shahi sohibqiron ko`rdim.”

Shoir shundan so`ng o`zining Voliyonko`hdagi manzilida yashay boshladi. U Tabrizdan yarim farsax (8 kilometr) uzoqlikdagi uyi va bog`ini shunday tavsif etgandi:

Haq taolo bihishtidin Tabriz, Qadar masofa yarim farsahdur.

Kamol qaysi yurtda bo`lmasin, o`z ona yurti Xo`jandni, unga ta`lim bergan, voyaga etkazgan Movarounnahrni, azim Samaqarndni unutmadi. O`zining xo`jandlik ekanidan faxrlanib yurdi. U uch matla`dan iborat bir qasidasida shunday yozadi:

Bu she`r Xo`jand tog`i yanglig`, Serob emish, balandu mahkam.

Manbalarga ko`ra, Kamol Xo`jandiy o`ta taqvodor, pokdomon, kamtarin, xushchaqchaq, xirsu tama`dan yiroq kishi bo`lgan. U faqat ijod, ilm va ibodatga berilgan bo`lib, biror hukmdor yoki davlatmand kishining eshigiga bosh egib bormagan. Buni shoirning ko`pgina she`rlarida ham ko`rish mumkin.

Kamol shohlardin o`zni tutdi xoli, U ham o`z vaqtida bir podshodur.

Shoir 1400 yilda dunyoda ko`z yumadi. U Voliyonko`h mavzesidagi o`z bog`ida dafn etiladi. Bu maskan hozir ham “Shayx Kamol mozori” nomi bilan ataladi.

Navoiyning e`tibori va e`tirofi

Kamol Xo`jandiy ijodi o`zbek mumtoz adabiyotiga ham katta ta`sir o`tkazgan. Uning ko`plab she`rlari o`zbekchaga tarjima qilingan. Buyuk mutafakkir Mir Alisher Navoiy “Majolis-un-nafois” tazkirasida Kamol Xo`jandiyning ushbu baytini keltirib o`tgan:

Ro`zi qismat har kase az aysh baxshi xud sitond, G`ayri zohid k-o` riyozatho kashidu xushk mond.

(Qismat kuni (nasiba taqsim etiladigan kun) zohiddan boshqa har kim o`ziga baxshida qilingan ayshni oldi; u esa ne chog`lik mashaqqat chekmasin quruq qoldi.)

Hazrat Navoiy “Devoni Foniy”dagi to`rtta g`azalni aynan Kamol Xo`jayndiyga javob tarzida yozgan. Shayx Kamol Xo`jandiy ijodiyoti mingga yaqin g`azal, shuningdek, qasida, muammo, qit`a va ruboiylarni o`z ichiga oladi. Bugungi kunga qadar shoirning 7500 baytdan ortiq she`riy merosi bizgacha etib kelgan.

Bugun shoirning ona shahri Xo`jandda uning nomi bilan ataladigan madaniyat va istirohat bog`i, drama teatri faoliyat ko`rsatmoqda. Kamol Xo`jandiy istirohat bog`i ichida shoirning uy-muzeyi qadimiy, milliy uslubda qurilgan bӯlib, bu maskan shahar aholisi va mehmonlarning ziyoratgohiga aylangan. Bundan tashqari, bu bog`da etti metrli Kamol Xo`jandiyni haykali o`rnatilgan hamda uning ramziy maqbarasi bunyod etilgan.

Sharifjon Tojiboev,

Filologiya fanlari nomzodi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1