AsosiyShou-biznes

Feruza Normatova: "Oilam tinchligi uchun ikkilanmasdan ishimdan voz kechaman"

'Feruza Normatova: "Oilam tinchligi uchun ikkilanmasdan ishimdan voz kechaman"'ning rasmi

Teatr va kinodagi katta-kichik rollari bilan tomoshabin e`tiboriga tushgan aktrisa Feruza Normatova "Kunutun" nashriga san`at va san`atkorlar haqidagi fikrlari, tanqidga munosabati va faoliyati xususida gapirdi.

— Ko`proq teatrda faoliyat olib borasiz. Siz uchun spektaklda rol ijro etish qiyinroqmi yoki kinodami?
— Albatta spektaklda. Chunki tomoshabin ko`z oldida jonli ijro. Hozir Diydor teatr-studiyasida rejissyorimiz Bahodir Yo`ldoshev boshchiligida «Arshin mol olon» spektaklini sahnalashtirdik. Unda ashula va raqslar jonli. Bundan tashqari, sahnamiz tomoshabinga juda yaqin. Kinoda to`xtash mumkin, qayta dubl bor. Lekin sahnada buning imkoni yo`q. Shunaqa paytlar bo`ladi, hayajonlanganimizdan gapimiz yodimizdan ko`tariladi. Bahodir Yo`ldoshevni uslublari o`zgacha. Avvalo har bir rolni o`zimiz chin dildan his etib, mazza qilishimizni istaydilar, uqtiradilar.

— Diydor teatr-studiyasidagi faoliyatingiz haqida biroz gapirib bersangiz.
— O`zbek Davlat drama teatrida ishlaganimda, 7 oy malaka oshirish maqsadida «Diydor»ga qatnaganmiz. O`sha paytlardan shu erga mehrim tushgan, ishlagim kelardi. Muddatimiz tugab, u erdan kettik. Hech qancha o`tmay, ish joyimdan bo`shadim va shu vaqtda menga Akbarxo`ja Rasulov telefon qilib, «Yulduzli tunlar» spektaklida rol ijro etishga taklif qildi. Juda xursand bo`ldim. 3 oy davomida spektaklning tayyorgarlik jarayonlariga qatnashib yurdim. Suratga olish ishlari bilan ko`p band bo`lar edim. Bir kuni rejissyorimiz meni chaqirib, menga teatr muhimroqmi yoki s`yomkalarmi, o`ylab ko`rishimni maslahat berdilar. O`ylab ko`rdim va shu erda ishlashga qaror qildim. Bilasizmi, kinoda ko`plab rol ijro qilgan bo`lsam ham, lekin birgina «Yulduzli tunlar»da his qilganlarimni ularda tuymaganman. Bu erga kelgan insonning umuman ketgisi kelmaydi.

alt

— Siz uchun dramatik rollarni ijro etish qiyinroqmi yoki komedikmi?
— To`g`risi komediya qiyinroq. Dramada ko`zyosh deymiz, lekin bu uncha muhimmas. Har bir insonda dard-tashvish bor. Rol ijro etayotganingizda ham o`zingizdagi muammolarni eslaysiz, o`shanga berilib ketasizda. Komediyada tomoshabinni holati bilan qiziqib turasiz, kulmasa o`ylanasiz.

«San`atni nonini eyaptimi, uni hurmat qilishi ham kerak»

— Siz rol tanlashda birinchi navbatda nimaga e`tibor berasiz? Ijodiy jamoagami, ssenariygami yoki gonorarga?
— Hozirda birinchi navbatda ssenariyga, keyin ijodiy jamoa va so`ngida gonorarga ahamiyat beraman. Avvallari farqi yo`q edi. Yaqinda suratga tushgan «O`gay ona», «Fitna» seriallarining ssenariysi boshqalarnikiga qaraganda yaxshi bo`lgani uchun rozilik bildirdim. Keyin aktyorlar jamoasi ham yaxshi tanlangan.

alt

— Intervyularingizda har kim o`z ishini qilsin deb ko`p gapirasiz. Lekin o`zingiz boshlovchilik qilasiz.
— Xalqimizda bir yigitga qirq hunar oz, degan naql bor. Bu hammaga tegishli. Aytmoqchi bo`lganim, qaysi ishga bosh qo`shmang, albatta mas`uliyatni his eting. Sohani hurmat qilish kerak. Suxandonlikni boshlaganimdan beri izlanaman. Tajribali suxandonlar bilan sherik bo`lganimda, albatta, ulardan o`rganishga harakat qilaman. Yuqoridagi aytganlarim esa o`zi boshqa soha egasi bo`lib, san`atga ham kirib, lekin sohani hurmat qilmaydiganlar haqida.
— Bunda aniq shaxslarni nazarda tutganmisiz?
— Albatta. Ko`rganman, bilaman shunaqa aktrisalarni. Bir davrada o`tirib qolganimizda, o`zini juda zo`r aktrisa hisoblab, dimog`lanib ketganlarini kuzataman-da. Vaholanki, bizda qanday professional aktyor va aktrisalar bor. Bir narsani xohlayman, shu kasb orqali non eyishyaptimi, uni hurmat qilishlari kerak. San`atni oson deb, ijroni kamsitishlarini istamayman.

— «9-raqamli bemor» filmining ssenariysini dadangiz bilan birga yozgansizlar. Shu film yaralishiga nima turtki bo`lgan?
— Atrofda ko`rgan-bilganlarim bunga turtki bo`lgan. Bemorlar uchun dalda sifatida yaralishini istaganman bu kartinani. Men aytib berganlarimni, dadam qog`ozga tushirganlar. Kartina komediyaga o`xshash janrda bo`lib qolgan. Lekin maqsadimiz umuman boshqa edi.
— Asl maqsaddan chalg`ishga nima sabab bo`ldi?

— Shoshildim, shekilli. Puxta qilishim kerakmidi? To`g`ri, Durdona To`laganova harakat qildilar. Ammo men ko`rganim boshqa edi, u kinoda asl xolicha chiqmadi, komediyaga tortib ketdi. Aktrisalar ham ijrolarida ko`p improvizasiya qilishdi. Lekin, ular ruhiy xasta bemorlarni aslida qanday ekanini ko`rmagan-ku. Ular tasavvurlarida bu holat juda kulgili edi. Ularning dunyosi, yaqinlarining his-tuyg`ulari umuman boshqa.
— Nimaga ijrolardan ko`nglingiz to`lmaganda, shartta to`xtatib, aktrisalarga muhitni o`z ko`zlari bilan borib ko`rishni taklif qilmadingiz?

— Men qilgan harakatlarimni tasavvur qilolmaysiz . Tunlarni yig`lab o`tkazgan vaqtlarim bo`lgan. Jamoani bir joyga to`plab tushuntirdim ham. Ammo, u erda rejissyor, operatorlar va aktrisalar komediya janrini tanlashganini aytib, oyoq tirab olishdi. Shu tomoshabinga qiziq ekanini aytishdi. Ko`proq moliyaviy tomonini o`ylashdi. Shunda dadamga telefon qilib yig`lardim. Yupatdilar, mayli keyin boshqa ssenariy yozib, kino olamiz, dedilar. Kartinani tomoshabinlar yaxshi qabul qildi, ammo ichimdagi bo`shliq to`lmadi. Nasib etsa, hali bundan-da zo`r kartinalar yaratarmiz.

alt

— Nima deb o`ylaysiz, turmush qurganingizdan so`ng, ijodda qilayotgan ulkan orzularingizga birmuncha bo`lsa-da to`siq paydo bo`lmaydimi?
— Albatta, paydo bo`ladi. Har doim bir narsani xohlayman, turmush o`rtog`im meni kasbimni tushunsin. Lekin taqdir bu. Oldindan bir narsa deb bo`lmaydi. Agar ishimning qaysidir tomonlaridan voz kechish kerak bo`lsa, oilam tinchligi uchun ikkilanmasdan voz kechaman. Baribir oila muqaddas. Mana 28ga ham kirdim. Inson yoshi ulg`aygan sari oila, turmush haqidagi qarashlari ham o`zgara borarkan. Kech turmush qurganimga yarasha oilam tinch, xavas qilarli bo`lishini istayman. Balki san`atni tashlaysan, deb shart qo`yilar, unda ham voz kechishim mumkin ishimdan. Ammo bu men uchun katta yo`qotish bo`ladi, balki armon bo`lib qolar. Lekin meni, kasbimni tushungan inson bo`lishini juda istardim.
— Mashhurlik siz uchun muhimmi?

— Bilasizmi, men istaymanki odamlar bizni ko`cha-kuyda ko`rganda hayratlanmasa. Raqs ansamblim bor. Liboslariga matolarni doim o`zim tanlayman. Shu paytlari bozor-ucharlarga tushganda o`zimni bemalol his qilmayman. To`g`ri, hali mashxurlikka erishganim yo`q. Lekin shunday bo`lsa-da, o`zimni avvalgidek xotirjam his qilib, ko`chada yurolmayman. Tadbirlar, prem`eralarga tashrif buyurganizda odamlarning sizga aktrisa sifatida qarashi yoqimli, ammo ko`cha-kuyda emas. Sodda, samimiy ustoz san`atkorlarga o`xshagim keladi. Mashxurlikka o`ch emasman. Tomoshabin meni oddiyligimcha qabul qilishini istayman. To`g`ri, avval biz ham tanilishni istagandirmiz.

alt

— Ijtimoiy tarmoqlarning hayotingizdagi roli?
— Bular hayotimning 10 foizinigina aks ettirishi yoki egallashi mumkin. Ammo qolgan qismi umuman boshqa. Ko`pchilik ijtimoiy tarmoqlarni asl hayot deb o`ylaydi. Lekin men uchun unday emas.
— Bir umr qulog`ingiz ostida jarang sochadigan nasihat?

— Dadamning gaplari. Biror ish qilishingdan avval, meni ko`z oldingga keltir va menga o`sha ish yoqsa, keyin qil, deydilar. Shu gapni o`zi etadi menga.
— Tanqidga munosabatingiz qanday?

— Tarozi burjida bo`lganim uchunmi, o`zgarib turaman. Bugun bir tanqidni yaxshi qabul qilsam, ertaga ko`tara olmasligim mumkin. Tanqid bizning sohada ko`p uchraydi, bo`lishi ham kerak. Chunki tanqid qilinyapsizmi, demak siz e`tibordasiz. Ba`zi tanqidlar bor juda oshirib yuborilgan bo`ladi.

alt

    Boshqa yangiliklar