1

Overdraft: Endi maoshingizni oldindan olasiz!

Iqtisodiyot 05.04.2018, 14:43
Overdraft: Endi maoshingizni oldindan olasiz!

Butun jahonda ommalashgan overdraft krediti yurtimiz banklarida ham keng tatbiq etilyapti. Biroq uning asl mohiyati, ishlash mexanizmi odamlar orasida turlicha talqin qilinadi. Ba`zilar overdraft juda qulay, hamyonbop ekanini aytsa, boshqalar mijozlardan pul ishlashning yana bir yo`li, deydi. Xo`sh, aslida u nima?

Overdraft – plastik kartochka egasiga bank tomonidan ma`lum muddatga muayyan foiz ostida beriladigan mablag`. Bunda plastik kartaga mijozning hali olmagan maoshi (nafaqa puli)dan «qarz» beriladi. Yagona sharti murojaat etuvchi doimiy kafolatlangan daromadga ega bo`lishi lozim.

Foizi qancha?

O`zbekiston Respublikasi Markaziy banki Xalqaro aloqalar va kommunikasiyalar departamentidan olingan ma`lumotga ko`ra, overdraft bo`yicha yillik foiz stavkasi miqdori tijorat banki bilan mijoz o`rtasida tuzilgan shartnoma asosida belgilanadi. Foiz stavkasini tijorat banki o`zining kredit siyosatidan kelib chiqib belgilaydi. Ma`lumotlarga ko`ra, mamlakatimizdagi tijorat banklarida yillik 19, 24, 25, 28 foizli takliflar mavjud.

Ishlash mexanizmi qanday?

Overdraftning ishlash mexanizmini to`la tushunish maqsadida tijorat banklaridan biriga mijoz sifatida murojaat qildik. Mazkur bank mutaxassisi overdraftdan foydalanish shartlari deya quyidagilarni sanab o`tdi:

  • fuqaro aynan shu bankning korporativ mijozi bo`lishi shart;
  • ushbu kredit mijozning o`rtacha oylik ish haqining bir barobari miqdorida 12 oy muddatga, yillik 24 foiz stavka bilan beriladi.

Xodimning o`rtacha oylik ish haqi deganda, unga har oyda tushuvchi daromadlar yillik yig`indisi 12 oyga taqsimlangandagi summa tushuniladi. Misol uchun, agar maoshingiz 1,5 mln. so`m atrofida bo`lsa, bank xuddi shuncha miqdordagi overdraft kreditini ajratadi.

Bank xodimining tushuntirishiga ko`ra, overdraft krediti foizi kunlik hisoblab boriladi: kredit summasi*24 foiz/365 kun = kunlik kredit foizi. Masalan, 1,5 mln*24/365 = 986 so`m (kunlik kredit foizi).

Kredit sifatida berilgan asosiy mablag` esa yil so`ngida (11-12-oyda) ikkiga bo`lib (yoxud shartnomada belgilangan tartibda boshqa shaklda) olinadi.

Qanday hujjatlar kerak?

Mazkur xizmatdan foydalanish istagidagi fuqaro plastik kartasi qaysi bankka tegishli bo`lsa o`sha muassasaga murojaat qiladi. Va bank mijozdan quyidagi hujjatlarni talab qiladi:

– overdraft olishga buyurtmanoma;

– pasport nusxasi;

– daromadlar (ish haqi, pensiya)i to`g`risidagi ma`lumotnoma.

Ba`zi tijorat banklari kredit qaytarilmay qolishi bilan bog`liq xatarning oldini olish uchun mijozdan STIR (soliq to`lovchining identifikasion raqami), ShJBPІ (shaxsiy jamg`arib boriladigan pensiya hisobvarag`i), mehnat daftarchasi nusxasi va hatto ish beruvchining roziligini so`rashi mumkin. Ba`zi banklar esa 1 nafar jismoniy shaxs kafilligi (u ham xuddi shu bank mijozi bo`lishi lozim)ni, uning ish haqi to`g`risidagi ma`lumotnomasi, STIR va ShJBPІni talab qiladi. Kredit xatari, deganda kreditdan foydalanayotgan kishining kutilmaganda ishsiz qolishi (bo`shab ketishi), betob bo`lishi, ish beruvchining oyliklarni o`z vaqtida bera olmasligi ehtimoli va hokazolartushuniladi.

Muddati, shartlari, miqdori

Tijorat banki hujjatlar taqdim qilingandan so`ng 3 bank ish kunidan kechikmagan holda uni qanoatlantirish yoki rad etish to`g`risida qaror qabul qiladi. Overdraft shartnomasiga ilova qilingan jadvalga muvofiq, bosqichma-bosqich qaytarish sharti bilan beriladi. Іammasi ish haqining miqdori, plastik kartochka hisobvarag`iga qancha summa tushishi va qanchalik tez tushishiga bog`liq.

Ariza beruvchining bank oldidagi majburiyatlari avtomatik ravishda, kelib tushgan pul mablag`larini hisobdan chiqarish yo`li bilan bajariladi. Ayrim banklar ariza beruvchining naqd mablag` to`lash orqali hisob-kitob qilishiga ruxsat beradi.

Qulayliklari nimada?

- bu kredit ortiqcha ovoragarchilik talab etmaydi;

- faqat foydalanilgan mablag` uchungina foiz to`lanadi;

- yaqin kunlarda mijozning hisobiga daromad mablag`i (ish haqi yoki nafaqa) kelib tushishini bank aniq biladi;

- plastik kartadagi mablag` umuman ishlatilmasa, u foiz «tug`masdan» saqlanib turaveradi va zarur paytda mijozga qo`l keladi.

Oddiy kreditni yopishingiz yangisini olishingizga kafolat bo`la olmaydi. Overdraft esa qarzingizni qaytarishingiz bilan yana tiklanadi.

Boshqa kreditlardan farqi nimada?

Ma`lumki, boshqa har qanday kredit (ipoteka, iste`mol, avtokredit, chorva krediti va hokazo) faqat muayyan maqsadlar uchun ajratiladi. Ya`ni bank aniq bir maqsadga pulning yo`naltirilishini ma`lum ma`noda nazorat qiladi. Overdraftda esa bu shart yo`q. Mijoz undan istalgan xarajatlar uchun foydalanishi mumkin.

Boshqa kreditlar uzoq muddatga beriladi va qat`iy jadval asosida to`lanadi. Overdraftni esa bank bilan shartnomaga muvofiq, qisqa muddatda (odatda 30-60 kunda) qaytarish kerak.

Boshqa turdagi kreditni olgan mijoz uni ishlatish yoki ishlatmasligiga qaramay, foizlar hisoblab boriladi. Overdraft krediti olinganda, foiz to`lovlari bank bilan shartnoma imzolangan kundan emas, balki kredit ishlatila boshlangan kundan e`tiboran va faqat ishlatilgan kredit mablag`idan hisoblab olinadi.

Shohsanam NIYoZOVA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1