AsosiyShou-biznes

Shohruxxon: “tuyg`ularim qalbimda, ularni hammaga oshkor etmayman!”

Bugungi suhbatdoshimiz o`z o`rni, reytingi va etarlicha muxlislariga ega  ijodkor. “Juda yoqimtoy-da!” “Nimasidir bilandir e`tibor tortadi. Qarashlarini aytmaysizmi?” degan ta`riflar tez-tez quloqqa chalinib turadi. Haqiqatdan ham uning nigohlarida yashirin sir borday... Bir qarashda maxzun, deb atash mumkin bo`lgan ko`zlar, kutilmaganda xursandchilikdan charaqlab ketadi. Balki yuqorida ta`kidlangan jumboqlarga qahramonimizning o`zi ham javob topolmas... Shunday bo`lsa-da, xonanda ShOHRUXXON bilan siz mushtariylarni qiziqtirgan savollarga javob topishga urinib ko`ramiz. Sirliligidan voz kechgan holda balki bugungi suhbatda sirlarini oshkor etar...

— Tahririyatimizga hush kelibsiz!

— Xushvaqt bo`ling!

— Suhbatni ayni kunlarda nima ishlar bilan bandligingizni bilishdan  boshlasak...

— Doimgidak ish “qaynayapti”. Bir vaqtning o`zida ikkita albom ustida ishlayapman. Ularning biri ijodimning 10 yilligiga bag`ishlangan. Mazkur albomdan ijodim davomidagi eng “xit” qo`shiqlar o`rin olgan. Ikkinchi to`plamdan esa konsert dasturim va yangi kliplar joy olgan.

— So`nggi vaqtlarda romantikaga berilib ketganingizni internetdagi shaxsiy sahifalaringizga joylayotgan suratlaringizdan anglash qiyin emas...

— Asli romantika menga begona emas! Gapingizda jon bor oxirgi vaqtlarda o`ta romantik yigitga aylanyapman (samimiy kuladi).

— Balki sevib qolgandirsiz?

— Sevib qolish (o`ylanib)... Sevgim yurakda... Muhabbatim muxlislarga atalgan.

— Gapni olib qochmang! Ko`nglingizdan joy olgan insonga bo`lgan muhabbatingizni nazarda tutgandim...

— Bu haqda ommaga ma`lum qilishni istamayman. Tuyg`ularim - qalbimda... Boshqa savolga o`taylik, iltimos!

— Intervyularingizda uylanish haqida gap ochasiz-ku, biroq hamon bo`ydoqsiz?

— Yaxshi niyat bilan gapirgandirman-da!

— Balki chindan ham oila qurishning vaqti kelgandir?

— Ochig`i, bu yilgi rejalarim jiddiy. Haqiqatdan ham boshimni “ikkita” qilish kerak. Hozircha esa peshonamga yozilganini kutish bilan kun o`tkazyapman.

— Ma`lumotlarga qaraganda, siz tanlagan qiz onangizga yoqmagani uchun to`y ortga surilayotgan ekan?

(Kulib) Men tanlagan qiz onamga yoqmasligi mumkin emas. Onam bilan did va dunyoqarashimiz bir xil. Xudo xohlasa, volidam bilan o`rtamizda bunday qarama-qarshilik bo`lmaydi.

— Oilangizga kelin kelibdi. Sizdan keyingi ukangiz Shuhrat uylandi-a?

— Ha, endi xonadonimizda ham kelin bor. Ular bir-birini sevib oila qurishdi. Nasib etsa, tez kunlarda chaqaloqning yig`isi ham eshitiladi. Kelin kelgandan keyin hamma narsa o`zgarib ketarkan.

— Sizdan avval ukangizning uylanishiga qarshi bo`lmadingizmi?

— Ukam uchun chin dildan xursandman! Mendan avval taqdiridagi qizni uchratib, oila qurgan ekan faqat baxt tilayman.

— Sira ota haqida gapirmaysiz-a?

— Chunki menga bu mavzuda savol berishmaganda.

— Mana endi so`rayman-da!

— Otamni hech ikkilanmay yaxshi insonlar safiga qo`sha olaman. Birovga yomonlik tilamaydi, yaxshilikni o`ylab yashaydigan inson. U bilan uzoq vaqt suhbatlashib o`tirishni yaxshi ko`raman.

— Qaysi jihatlaringiz dadangizga o`xshaydi?

— Kamgapligimiz va san`atni sevishimiz! Bu ro`yxatni uzoq davom ettirishim mumkin.

— Kuni kecha Xorazm safaridan qaytdingiz. Dadangizni ko`rgani borgandirsiz?

— Albatta!

— Tez-tez uchrashib turasizlarmi?

— Ha!

— O`zingizning bo`lajak oilangiz haqida tasavvurlaringiz bormi?

(Uzoq vaqt o`ylanib) Orzularim juda ko`p! Lekin ular haqida gapirishni istamayman. Oila bilan bog`liq orzu-niyatlar qancha kam gapirilsa, uning ijobati shunchalik ko`p bo`ladi. Shuning uchun bu savolni javobsiz qoldiraman.

— So`nggi 3-4 yil ijodda sizga omad kulib boqdi...

— Rosti, maktabda a`lo baholarga o`qimaganman. Ota-onalar majlisida har safar onam meni deb yomon gaplar eshitganida hafa bo`lganini ko`rib, o`zimga o`zim “Ona, katta bo`lsam yuzingizni erga qaratmayman!” deb ko`p aytardim. Shukrki, bugun niyatlarim ijobat bo`ldi. Hozirgi kunlarimni bolalikdan qanchalar orziqib kutganimni bilmaysiz. Odamda orzu bo`lsa, o`z harakati bilan hammasiga erishishi mumkin ekan. Bu jarayonda albatta omadning ham o`ziga yarasha o`rni bor.

— “Sen ketma” filmining ba`zi sahnalari hayotingizdan olingani rostmi?

— Balki... Kinokartinada hamma san`atkorlarning boshidan o`tgan holatni tasvirlashga harakat qilganmiz.

— Siz uchun eng ta`sirli bo`lgan sahna?

— Film yakuni! “Sen bilan ko`rishgandan keyin sevish, odamni qadrlash nima ekanini tushundim. Meni sevgiga ishontirding!” deyilgach, qizning vafot etishi va “Sen ketma” qo`shig`ining yangrashi yuragimni junbushga keltirdi.  

— Shoxruxxonni tushunish biroz qiyin, degan gaplarni ko`p eshitamiz...

— Nazarimda, har bir odamni to`liq tushunish uchun vaqt talab qilinadi. Men bilan ilk uchrashgan odam birgina so`zimdan tushunishi qiyin. Lekin shu kunga qadar atrofimdagilar meni tushunmasligidan nolishmagan.

— Kimlar sizni ko`proq tushunadi?

— Albatta yaqinlarim! Ular meni birgina qarashimdan tushunishadi. Meni yuqoridagi kabi ta`riflaganlar bilan balki bir-birimizni tushunishimiz shart ham emasdir...

— Balki fe`l-atvoringiz og`ir bo`lgani uchun shunday ta`rifga munosib ko`rishar?

— Fe`lim og`ir, deb hisoblamayman!

— Sizni asabiy holatda tasavvur qilish qiyin?

— Har bir odam asabiylashganda 90 foizga o`zgarishi aniq. Bu odamzodning tabiatiga xos hususiyat. Jaxl chiqqanda, aql ketadi, deb to`g`ri aytishadi. Aqlini yo`qotgan kishini tasvirlab berish juda qiyin. Shuning uchun asabiy vaqtimda qanday xolatda bo`lishimni tasvirlab berolmayman.

— Qanday vaziyatlarda jaxlingiz chiqadi?

— So`nggi vaqtlarda men haqimda ko`p noto`g`ri ma`lumotlarni gapirishyapti. Gap tarqatayotganlarning maqsadi — meni asabiylashtirish! Ularga aytar gapim — yolg`on to`qishda davom etaverishsin. Bu harakatingiz bilan meni hursand qilyapsizlar!

— Noqulay vaziyatda qolsangiz?

— Bu haqda ko`proq ayollar o`ylaydi. Erkaklarga esa bu xolat biroz begona. Birovning haqqini emasa, o`g`irlik qilib omonatga xiyonat qilmasa, erkak kishi hech qachon noqulay vaziyatda qolmaydi.

— Savollarga uzoq o`ylanib, javob beryapsiz. Qaror qabul qilishda ham shundaymisiz?

— Tavakkal bilan ish ko`rmayman. Uzoq vaqt o`ylanib, so`ng qaror qabul qilaman.

— Intervyu so`ngida savollarga bergan javoblaringiz haqida o`zingizning fikringizni eshitmoqchi edim...

— Hech qaysi javobdan ko`nglim to`lmadi! O`ylagan gapimni to`liq tushuntirib berishga qiynalaman. Ko`nglimdagidek javob qaytarishim uchun uzoq vaqt kerak. Bu odatim esa juranlistlarga to`g`ri kelmaydi. Bugungi suhbatimiz muxlislarga ma`qul kelsa bo`lgani.

ShOHRUXXON haqida...

  • 1985 yilning 29 mayida Toshkent shahrida tug`ilgan.
  • San`atdagi faoliyatini 2005 yil boshlagan.
  • 100ga yaqin qo`shiqlar va 50dan ortiq kliplar sohibi.
  • Bugungi kunga qadar 2 marotaba yakkaxon konsert dasturini taqdim etgan.
  • Filmlardagi rollari soni 15 ta.

  Aliya SULAYMANOVA suhbatlashdi.

Fotomuhbir: Ravshan ShOKIROV

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar