AsosiySport

O`zbekistonlik aka-uka maktab o`quvchilari jahon chempioni bo`lishdi

Gresiyaning Kavala shahrida maktab o`quvchilari o`rtasida rapid – tezkor shaxmat bo`yicha o`tkazilgan jahon chempionatida o`zbekistonlik Islombek va Javohir Sindorovlar chempionlikni qo`lga kiritishgan edi. Shaxmatning blis yo`nalishi bo`yicha o`tkazilgan jahon chempionatida ham aka-uka Sindorovlar Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib, yana oltin medalni qo`lga kiritdi, o`z yosh toifasida dunyoda tengsiz ekanini isbotladi, deya xabar beradi O`zbekiston Milliy axborot agentligi rasmiy sayti. 

Shaxmat kishidan yuksak aql-zakovat, sabr-matonat va irodani talab qiladigan o`ta murakkab o`yin. Blis o`yinlar esa undanda qiyinroq. Zero, bu o`yinda shaxmatchi o`z yurishlarini juda qisqa vaqt ichida – yashin tezligida (“blis” so`zi nemischada “yashin” degan ma`noni beradi) amalga oshirishi kerak bo`ladi. Islombek va Javohir Sindorovlar bu vazifani a`lo darajada bajardi.

Nufuzli musobaqaning etti yoshgacha bo`lgan shaxmatchilar bahsida ishtirok etgan Islombek to`qqiz partiyaning sakkiztasida g`alaba qozonib, shohsupaning eng yuqori pog`onasiga ko`tarilgan bo`lsa, to`qqiz yoshgacha bo`lgan sportchilar o`rtasida o`z iqtidorini namoyish etgan Javohir etti g`alaba va ikki durang bilan oltin medalni qo`lga kiritdi.

Aka-uka chempionlar o`tgan yili Eronda 18 yoshgacha o`g`il-qizlar o`rtasida shaxmat bo`yicha tashkil etilgan Osiyo chempionatidagi muvaffaqiyati bilan ham mamlakatimiz sport obro`sini ko`tarishga munosib hissa qo`shgan.

Islombek rapid va blis turnirlarda hamda klassik shaxmat bo`yicha uchta oltin medalni qo`lga kiritgan, Javohir esa blis turnirda terma jamoamiz hisobiga kumush medal keltirgan edi. 

    Boshqa yangiliklar