1

Soliq islohotidan so`ng maoshimiz kamayib, daromad solig`i stavkasi ko`payadi...mi?

Iqtisodiyot 14.04.2018, 16:07
Soliq islohotidan so`ng maoshimiz kamayib, daromad solig`i stavkasi ko`payadi...mi?

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 13 fevraldagi «Soliq qonunchiligini tubdan takomillashtirish bo`yicha tashkiliy chora-tadbirlar to`g`risida»gi farmoyishiga muvofiq ishlab chiqilgan “O`zbekiston Respublikasining soliq tizimini isloh qilish konsepsiyasi” keng jamoatchilik e`tiboriga havola etildi. Ushbu konsepsiya bugungi kunda qizg`in muhokama qilinmoqda. Soliq islohotlari keng qamrovli bo`lib, barcha soliq turlarini qaytadan ko`rib chiqish nazarda tutilmoqda. Bu jarayonda ko`pchilikni ish haqidan olinadigan daromad solig`i bilan bog`liq o`zgarishlar qiziqtirayotgani tabiiy hol.

Shu yilning 7 aprel kuni kun.uz axborot saytida Qahramon Aslanovning "Oyligimning qolgani qani?" Yangi soliq tizimi maoshga qanday ta`sir qiladi?” sarlavhali tahliliy maqolasi e`lon qilindi. Mutaxassis sifatida muallifning fikrlari va hisob-kitoblarini jo`yali deb hisoblayman. Muallif aytganidek “hisob-kitoblar biroz umumiy taqdim etilmoqda”. Ko`pchiligimiz yagona soliq stavkasini 25 foiz qilib belgilash taklifi bildirilayotganidan xabardormiz, xolos. Agar yangi soliq konsepsiyasida Qahramon Aslanov tahlilidagi tartib-taomil nazarda tutilayotgan bo`lsa, uning fikrlarini ma`qullaymiz.

Oradan ikki kun o`tib, 9 aprelda xabar.uz axborot-tahliliy portalida Mansur Tangishevning “Oyligingiz kamaymaydi. Yangi soliq tizimi maoshga ijobiy ta`sir qiladi” sarlavhali maqolasi e`lon qilindi. Qahramon Aslanov mushohadalariga javob tarzida berilgan ushbu maqolada muallif oyliklarning kamaymasligini, yangi konsepsiya ijobiy o`zgarishlarga asos bo`lishini ta`kidlaydi. Mualliflar o`rtasida hakamlik qilmoqchi emasman. Biroq Tangishevning ish beruvchi (korxona) to`laydigan YaIT bilan ishchining daromad solig`ini aralashtirib yuborganligi tushunarsiz holat.

“Maksimal salbiy natija sifatida oylik oshmasligi mumkin xolos, biroq bu ham haqiqatdan ancha yiroq. Chunki oylik oshirilishi bozordagi umumiy narxlar tendensiyasiga ko`ra amalga oshirilishi lozim bo`lgan chora. Bu muallifning oyliklar kamayishi haqidagi fikrlari to`g`ri emasligini bildiradi”, deb yozadi M.Tangishev.

Islohot yangilash, yaxshilash, degani. Men islohotni jamiyatdagi muayyan xastalikni davolovchi shifokorlarga o`xshataman. Pul, vaqt sarflab shifoxonada yotsag-u, u erdan tuzalmasdan chiqsak kim aybdor bo`ladi, shifokormi? Shunday ekan, islohot albatta yaxshilikka xizmat qilishi shart.

Umuman olganda, ikki muallifning ham mutaxassis sifatidagi fikrlari to`g`ri. Lekin, gap oylik maoshning miqdori haqida ketayotgani yo`q. Maqsad – soliq stavkasini pasaytirish.

O`zbekiston Respublikasi Soliq qo`mitasi raisining birinchi o`rinbosari Bekzod Musaevning “O`zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma`lum qilishicha, soliq tizimini isloh qilish bo`yicha Prezidentimiz tomonidan belgilangan asosiy vazifalar quyidagilar:

1. Soliqlarni soddalashtirish;

2. Soliqlarning sonini qisqartirish;

3. Soliq stavkalarini pasaytirish.

Islohotlarni qo`llash uchun ilg`or xorijiy davlatlar, Janubiy Koreya, MDH davlatlari davlatlari tajribasi bilan tanishish, ma`qul bo`lgan qismlarini qo`llash nazarda tutilgan.

B.Musaevning ta`kidlashicha, daromad solig`i bo`yicha YaIT(25%) va daromad solig`i(shkala bo`yicha) birlashtirilib, 25% miqdorida xodimdan ushlash taklif qilingan. Ya`ni, YaIT(25%) va shkala bo`yicha 22,5% +8% pensiya fondiga jami taxminan 52 foizli soliqni 25%ga kamaytirildi, degan xulosa qilinadi. Bu qanchalik to`g`ri ekanini tushunish oson bo`lishi uchun, aniq misollarda ko`rib chiqamiz.

Amaldagi soliqqa tortish tizimida:

Aytaylik, “Alfa” kompaniyasi xodimga 1 million so`m ish haqi hisobladi. O`sha paytda 250 ming so`m YaIT hisoblanadi. Bu kompaniya tomonidan to`lanadigan to`lov. Xodimdan 74 ming 574 so`m daromad solig`i, 80 ming so`m pensiya fondiga, jami 154 ming 574 so`m ushlab qolinadi. Xodim qo`liga 845 ming 426 so`m oladi. Boshqacha aytganda, hisoblangan ish haqining 15,5 foizi ushlab qolinadi.

Yangicha soliqqa tortish tizimida:

Xuddi o`sha kompaniya xodimga 1 million so`m ish haqi hisobladi. Xodimdan 25% yagona soliq, ya`ni, 250 ming so`m undiriladi va u qo`liga 750 ming so`m oladi. Agar boshqacha tartib ko`zda tutilmagan bo`lsa, 95 ming 426 so`m (9,5%) ko`proq ushlab qolinadi. Xulosa qilish esa o`zingizdan.

“NTV” gazetasining bosh muharriri Mixail Perper: “Ekspertlarning fikricha, amalda bu soliq xodim va biznes o`rtasida ikkiga bo`linadi – tegishincha 10% va 15% bo`lib”, degan fikr bildirgan. Agar shunday bo`lsa, nega bu konsepsiya loyihasida aks ettirilmagan? Mexanizmi to`g`risida hech narsa bilmaymiz. Soliq konsepsiyasining e`lon qilingan loyihasida aynan qanday variant taklif qilinayotganini bilish imkoni yo`q. Shuning uchun hozircha qat`iy fikr bildira olmaymiz. Konsepsiya mualliflari ushbu masalada aniqlik kiritib, ma`lumot berishsa, ayni muddao bo`lar edi.

Ma`lumot uchun: Qo`shni davlatlar tajribasiga qaraydigan bo`lsak, Rossiyada 12 % + (1% pensiya fondiga), Qozog`istonda daromad solig`i 9,5 %, YaIT 3,5%, Qirgizistonda 10%, Gruziyada 20%, Belorussiyada 13% daromad solig`i ushlanadi.

O`z.A.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1