1

«Yolg`on girdobi» filmining premerasi bo`lib o`tdi (foto)

Madaniyat 17.04.2018, 16:11
«Yolg`on girdobi» filmining premerasi bo`lib o`tdi (foto)

16 aprel kuni Alisher Navoiy nomidagi kinosaroyida «O`zbekfilm» kinostudiyasi tomonidan O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan madaniyat xodimi Nozim To`laxo`jaev rejissyorligida suratga olingan «Yolg`on girdobi» filmining premerasi bo`lib o`tdi, deb xabar bermoqda "Kunutun" nashri.

Film premerasida kinoijodkorlar bilan birga «O`zbekkino» milliy agentligi bosh direktori Furqat Zokirov, bir qator madaniyat xodimlari, san`at ahli, OAV xodimlari ishtirok etishdi.

alt

Taqdimotni «O`zbekfilm» kinostudiyasi direktori Fotih Jalolov olib bordi. Kartinada bilib-bilmay missionerlarning tuzog`iga tushib qolgan ba`zi yoshlarning ayanchli qismati aks etgan. Film yoshlarni turli aldovlarga uchib, o`zligini yo`qotish katta musibatlar va jinoyatlarga sabab bo`lishi mumkinligidan ogoh etadi.

altalt

Filmda bosh rollarni Yulduz Rajabova, Adiz Rajabov, Rayxon Ulasenova, Nozim To`laxo`jaev, Sitora Alimjonova, Lola Eltoeva, Boyir Holmirzaev ijro qilgan. Ssenariy muallifi Elmira Xasanova, tasvirchi Ravshan Muhitdinov.

alt

Yulduz Rajabova:

alt

«Film o`z nomidan kelib chiqqan holda yolg`on va uning oqibatlari haqida. Unda ko`tarilgan g`oya mening nazarimda – yolg`onga ishonmaslik, o`z fikriga ega bo`lish, qalbini eshitish va unga tayanish. Bu kartinadagi rolim orqali adashgan ayol obrazini talqin qilganman. Farzandi og`ir xastalikka chalingan ayol boshi berk ko`chaga kirib qoladi. Qanday bo`lmasin uni saqlab qolish ilinjida bo`lgan qahramonim yolg`onlarga ishonib qoladi. Albatta uning boshqa chorasi ham bo`lmaydi. Filmdagi voqealar rivojida qahramonim haqiqatga etishadi. Umid qilamanki, bu filmimiz tomoshabinlarga yoqadi».

Sitora Alimjonova:

alt

«Bu filmdagi rolim, davlat filmlaridagi birinchi ya`ni debyut rolim hisoblanadi. Judayam jiddiy kartina. Boshqa filmlarimdan butunlay farq qiladi. Unda professional aktyor va aktrisalar yig`ilgan. O`zim uchun bu kartinadan katta dars oldim desam yanglishmayman. Syujeti ham biroz og`irroq. Tanlangan mavzusi ham umuman boshqacha. Obrazimga keladigan bo`lsak o`zimni yaratganman. Filmdagi ismim ham Sitora. Kichkinagina, soddaligi, yoshligi bor qiz. Shuning uchun ham aldanib qoladi».

Rayhon Ulasenova:

alt

«Avvalambor barcha muxlislardan uzr so`rayman. Chunki bu filmda men aldanib qolmasdan, balki aldashga harakat qilganman. Bu rolimdan keyin muxlislar meni yomon ko`rib qolmaydi degan yaxshi niyat bilan kelganman. Ochig`ini aytsam ozgina qo`rqib turibman. Haqiqatdan ham salbiy roldaman. Tushkunlikka tushib qolgan insonlarni, ularning holatidan foydalangan holda yolg`onlarimizning girdobiga tushiradiganlar obrazini yaratganman. Filmni tomosha qilgan tomoshabinlar yanada ogoh bo`lishadi. Chunki atrofimizda faqat yaxshi insonlar emas, balki yomonlikni ravo ko`radigan, yaxshilik niqobini kiyganlar ham borligini anglab etishadi. O`ylaymanki, kartina o`z muxlislarini topadi va ko`plab insonlarni ana shunday yolg`onlar changaliga tushib qolishidan qutqaradi».

Adiz Rajabov:

alt

«Katta hayajondamiz. Filmdagi rolim haqida tomoshabin kinoni ko`rib, albatta baho berishadi va ularga yoqadi deb umid qilaman. Shuni aytib o`tishim kerakki, bu filmning mavzusi juda jiddiy, bugungi dolzarb mavzulardan bittasi. Insonlarni ongini, fikrini zaharlaydigan makonlar, insonlar to`g`risida.Yaxshiyam-ki, men ana shunday insonlar orasida emasman. Yaxshilik tomondaman».

Film premerasiga bir qator ijodkorlar ishtirok eta olmadilar. Ular yangi loyihalar bilan chet davlatga gastrol safariga jo`nab ketishganligi taqdimot davomida ma`lum qilindi. Jumladan kartina rejissyori Nozim To`laxo`jaev, Lola Eltoeva.

Kartinani bugun, 17 apreldan boshlab yurtimiz kinoteatrlarida tomosha qilish imkoniga egasiz.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1