O`zbekiston U-19 yoshlar terma jamoasi murabbiylar shtabida o`zgarish yuz berdi.
Shu kungacha, O`zbekiston Oliy Ligasi vakili hisoblangan Samarqandning «Dinamo» klubini boshqarib kelgan Ravshan Haydarov O`zbekiston U-19 terma jamoasining yangi bosh murabbiyi etib tayinlandi. Bu haqda O`FF rasmiy sayti xabar bermoqda.
Eslatib o`tamiz, 3 iyun kuni Sergey Lushan O`zbekiston U-19 yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi vazifasidan ozod qilingan edi. O`FF Murabbiylar Kengashi O`zbekiston U-19 terma jamoasining yangi bosh murabbiyi sifatida Ravshan Haydarov nomzodini tasdiqladi. Haydarov yoshlar terma jamoasini shu yilning oktyabr oyida Myanmada bo`lib o`tadigan yoshlar o`rtasidagi Osiyo Chempionati bahslariga tayyorlaydi.
Shuningdek, O`zbekiston U-16 o`smirlar terma jamoasi murabbiylar shtabida ham bir qator o`zgarishlar yuz berdi. Shu kungacha terma jamoani boshqarib kelgan Temur Olimxo`jaev O`zbekiston U-16 o`smirlar terma jamoasi bosh murabbiyi vazifasidan ozod etildi.
Temur Olimxo`jaev endilikda 2000 va undan keyingi yillarda tug`ilgan o`smirlar (U-14) terma jamoasini boshqaradi. 1998 va undan keyingi yillarda tug`ilgan o`smirlar terma jamoasiga esa, Aleksandr Mochinov bosh murabbiy etib tayinlandi.
Aleksandr Mochinovga O`zbekiston U-16 o`smirlar terma jamoasini shu yilning sentyabr oyida Tailandda bo`lib o`tadigan Osiyo Chempionatiga munosib tayyorlash vazifasi yuklatilgan.





