Insondagi ortiqcha barmoq, xol, quloqning ortig`ini kesib tashlashning hukmi qanday?

Hidoyat sari 19.04.2018, 17:43
Insondagi ortiqcha barmoq, xol, quloqning ortig`ini kesib tashlashning hukmi qanday?

Cavol: Bir yarim yoshimda chap oyog`imdagi oltinchi barmog`imni operasiya qilib olib tashlashgan. O`shanda dinni tushunadigan ba`zi kishilardan buni (operasiyani) qilish mumkinmi, deb so`rashganida, ular bo`ladi, deyishgan ekan. Endi esa ko`plar Alloh shunday yaratgan narsani olib tashlab, xato qilishgan, deb aytishyapti. Shu haqda dinimizda nima deyilgan?

Javob: Qur`oni karimda:

“Alloh uni (shaytonni) la`natladi. (U) dedi: “Albatta, bandalaringdan belgilangan (ma`lum) ulushimni olurman, ularni adashtiraman, hoyu havasga cho`ktiraman. Ularga buyuraman – hayvonlarni quloqlarini kesadilar, Allohning yaratganlarini o`zgartiradilar. Kim Allohni qo`yib, shaytonni do`st tutsa, demak u aniq ziyon qilibdi” (Niso, 118–119), deya marhamat qilingan.

Muhammad (sollallohu alayhi va sallam): “Alloh bergan xilqatni o`zgartiruvchilarga la`nat bo`lsin”, deganlar. Keltirilgan oyat va hadisdan ko`rinib turibdiki, xilqati, shakli va jinsini o`zgartirishga harakat qilish harom hisoblanadi.

Biroq insondagi ortiqcha barmoq, xol, quloqning ortig`i kabi ayrim kishilardagina uchraydigan a`zolarni kesib tashlash ulamolarning fatvolariga muvofiq ikki turga bo`linadi. Birinchisi – harom, ya`ni mumkin emas. Ikkinchisi – joiz.

  1. Agar o`sha ortiqcha a`zo inson hayotining bir maromda kechishi uchun zarar etkazmasa, unga kundalik hayotda noqulayliklar tug`dirmasa, uni kesib tashlash mumkin emas. Chunki bu ham xilqatni o`zgartirishga kiradi.
  1. Modomiki, ortiqcha a`zo insonning sog`lig`iga muayyan xavf tug`dirib, to`liq maromda harakatlanishi yoki inson tabiatiga xos amallarni bajarishida xalal berar ekan, tabib yoki shifokor maslahati bilan uni kesib tashlash, qisqartish mumkin bo`ladi. Chunki Islom shariati insonga imkoniyatidan ortiq talab yuklamaydi va uning to`laqonli hayot kechirishini cheklab qo`ymaydi.

“So`ragan edingiz” kitobi asosida O`MI Matbuot xizmati tayyorladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1