Braziliyada davom etayotgan futbol bo`yicha jahon chempionati ishtirokchilari 3-tur uchrashuvlarini yakunlashdi.
Kecha “G” va “H” guruhlarida 3-tur uchrashuvlari bo`lib o`tdi. Germaniya hamda AQSh terma jamoalari o`rtasidagi uchrashuvda 1:0 hisobida “nemis mashinasi” ustun keldi. Uchrashuvdagi yagona gol muallifi Tomas Myuller bo`ldi. Endi uning hisobida Messi va Neymar kabi 4 ta gol bor. Qayd qilib o`tamiz, ushbu uchrashuvni hamyurtimiz Ravshan Ermatov olib bordi.
Bu guruhdan chiqqan ikkinchi jamoa esa AQSh terma jamoasi bo`ldi. Portugaliya Ganani 2:1 hisobida mag`lubiyatga uchratgani Krishtianu Ronaldu jamoasiga kamlik qildi va gollar hisobiga AQSh nimchorak finalga yo`l oldi.
“H” guruhidan pley-offga Belgiya hamda Jazoir terma jamoalari chiqishdi. Belgiya Janubiy Koreya ustidan 1:0 hisobida ustun kelgan bo`lsa, Jazoir terma jamoasi Rossiya bilan 1:1 hisobini qayd etishdi.
Shu tariqa, ushbu guruhdan Rossiya hamda Janubiy Koreya terma jamoalari uylariga qaytadigan bo`lishdi.
Barcha nimchorak final juftliklari bilan tanishing:
Braziliya-Chili, Kolumbiya-Urugvay, Fransiya-Nigeriya, Germaniya-Jazoir, Gollandiya-Meksika, Kosta-Rika-Gresiya, Argentina-Shveysariya, Belgiya-AQSh.
Nimchorak final uchrashuvlari ertadan boshlanadi. 21:00 da Braziliya-Chili hamda 01:00 da Kolumdiya-Urugvay uchrashuvlari bo`lib o`tadi.





