Dunyodagi qadimiy va eng nufuzli tadqiqot markazlaridan biri – Oksford universitetining (Buyuk Britaniya) bir guruh etakchi olimlari chuqur kompleks tadqiqot o`tkazib, rivojlanayotgan mamlakatlarning energiya ta`minoti muammolarini ko`p mablag` talab etadigan gidroelektr stansiyalar qurish orqali hal etish maqsadga muvofiq emasligi to`g`risida ilmiy asoslangan xulosaga keldi. Bu xaqda O`zA rasmiy sayti xabar beradi.
A.Ansar, B.Flayberg, A.Badzier va D.Lann kabi Oksford universiteti olimlari zamonaviy statistika uslublaridan foydalangan holda, so`nggi 70 yilda besh qit`a va 65 mamlakatda qurilgan 245 yirik to`g`onni tahlil qilib, yirik gidroenergetika inshootlarini qurish nechog`li maqsadga muvofiqligi haqidagi masala yuzasidan ilmiy asoslangan va dalillar bilan isbotlangan batafsil tadqiqotni tayyorladi. Tadqiqot natijalari «Energetika siyosati» xalqaro jurnalida chop etilgan «Yirik to`g`onlar barpo etish kerakmi. Gidroenergetik megaloyihalarni amalga oshirishning real qiymati» maqolasida bayon etilgan.
Britaniyalik olimlarning xulosasiga ko`ra, yirik to`g`onlar qurish bo`yicha har to`rt loyihaning uchtasini qurish jarayonida ularning qiymati ortib borgan. Ya`ni, ularning haqiqiy qiymati loyiha qiymatidan o`rtacha 96 foiz yoki qariyb ikki barobar ko`paygan. Tadqiqot shuni ko`rsatdiki, yirik to`g`onning loyihada belgilangan qiymatini etarlicha baholamaslik ehtimoli bugun ham 1934 yildagi kabi yuqoriligicha qolmoqda.
Tadqiqot davomida yirik megato`g`onlarni barpo etish bunday loyihalar qiymatining shiddatli o`sishi bilan bog`liqligi aniqlangan: balandligi 100 metr bo`lgan to`g`onni qurish, odatda, 50 metrlik to`g`onni qurishdan to`rt marta qimmatga tushadi. Olimlar to`g`onlarning loyihalashtirilayotgan va yakuniy qiymati o`rtasidagi farq mamlakatning iqtisodiy taraqqiyot darajasiga bog`liqligiga alohida e`tibor qaratgan. Bu borada maxsus o`tkazilgan statistik tahlil daromad darajasi past bo`lgan mamlakatlar yirik to`g`onlar qurish qiymatini etarlicha baholamaslikka moyilligini ko`rsatdi. Shu munosabat bilan tadqiqot mualliflari quyidagilarni ta`kidlagan: «Rivojlanayotgan mamlakatlar, yirik to`g`onlar kabi murakkab inshootlarga go`yo ehtiyoj yuqori tuyulsa-da, o`z imkoniyatlaridan kelib chiqib, har tomonlama puxta o`ylanmagan qarorlar qabul qilishdan tiyilishlari lozim».
Tadqiqot mualliflari to`g`onlar qurilishining qiymati oshishini tahlil qilish barobarida, bunday qurilishning loyihada ko`zda tutilgan muddati bilan uni qurib bitkazish muddati o`rtasidagi tafovutni ham o`rganib chiqdi. Bu borada ular o`nta yirik to`g`onning sakkiztasi loyihada ko`zda tutilgan muddatlarda nihoyasiga etkazilmaganini aniqladi. Ob`ektni foydalanishga topshirish bo`yicha loyihada nazarda tutilgan muddatdan orqada qolish vaqti o`rtacha 44 foiz yoki 2,3 yilni tashkil qilgan.
Statistik tahlil shuni ko`rsatdiki, balandligi 150 metrdan yuqori bo`lgan megato`g`onni qurish muddati bundan pastroq bo`lgan shunday inshootni barpo etishga ketadigan o`rtacha muddatdan ancha ko`p, ya`ni 8,6 yilni tashkil etadi. Tadqiqot mualliflarining fikricha, bu yirik gidroinshootlar tarafdorlarining GES energiya ta`minoti muammosini tez va samarali hal etish yo`li ekani haqidagi fikrlari mutlaqo asossiz ekanidan dalolat beradi. Rivojlanayotgan mamlakatlarda yirik to`g`onlar qurilishi, statistikaga ko`ra, rivojlangan davlatlardagiga nisbatan ko`proq vaqt talab etadi.
Britaniyalik olimlar yirik to`g`onlar qurish va uning oqibatlarini etarlicha inobatga olmaslik katta iqtisodiy va moliyaviy zarar keltirishini aniq ko`rsatib bergan. Xususan, mualliflar yirik to`g`onlar jiddiy ekologik va ijtimoiy ta`sirga ega ekanini qayd etgan. Bu borada yirik GESlar qurilishi atrof-muhitga falokat keltirgani va keyin o`n yillar davomida ularning ekologik oqibatlarini yumshatish uchun o`n milliardlab dollar sarflash talab etilishini misol qilib keltirgan.
Olimlar o`tkazilgan tadqiqot natijalariga asoslanib, quyidagi xulosaga kelgan: «Katta moliyaviy xarajatlar va atrof-muhitga keltiriladigan halokatli zarar inobatga olinsa, yirik to`g`onlardan keladigan va ko`klarga ko`tarib maqtalgan foyda aslida shubhalidir. Zamonaviy yirik to`g`onlar ko`lami shu darajada kengki, ularni qurishda ozgina adashish ham hatto iqtisodiy rivojlangan yirik mamlakatlarning ham iqtisodiy ahvolini murakkablashtirishi, bunday megaloyihalarni amalga oshirishga yo`naltiriladigan katta miqdordagi mablag`lar nafaqat kompaniyalar, balki davlatning ham moliyaviy ahvoliga salbiy ta`sir ko`rsatishi mumkin».
Olimlar o`z tadqiqotining natijasi sifatida, energiya taqchilligi muammolarini hal qilishda yirik gidroelektr stansiyalar barpo etish bilan bog`liq bo`lmagan variantlarni tavsiya etgan. Bu, ayniqsa, salbiy geologik sharoit omillari, qurilish uzoq muddat talab qilishi va uning qiymati keskin oshib ketishi xavfi mavjud bo`lganda yanada muhim ahamiyatga ega.
Shu bilan birga, mualliflar rivojlanayotgan mamlakatlar hukumatlari katta miqdordagi qarz mablag`larini jalb etish evaziga amalga oshiriladigan va mamlakatning moliyaviy ahvoli va iqtisodiy istiqbolini xavf ostiga qo`yadigan yirik loyihalarni hayotga tatbiq etishdan tiyilishi lozimligini tavsiya etgan.
Tadqiqot natijalari go`yo arzon elektr energiyasi ishlab chiqaradigan yirik gidroelektr stansiyalar qurish tarafdorlariga ogohlik qo`ng`irog`i bo`lib jaranglashi darkor. Oksford universitetining nufuzi, tadqiqotchilarning yuksak malakaga ega ekani, shuningdek, tadqiqotda foydalanilgan salmoqli ilmiy va statistik baza e`tiborga olinadigan bo`lsa, bu natijalar jahon hamjamiyati fikriga jiddiy ta`sir ko`rsatishi shubhasizdir. Maqola mualliflarining xulosa va tavsiyalari siyosatchi-amaliyotchilar uchun energiya ta`minoti muammosini bugungi kunda eskirgan va katta texnogen, iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik xavfli yirik gidroenergetika ob`ektlarini qurish loyihalaridan ko`ra har tomonlama chuqur o`ylangan, foydali va xavfsiz hal etish yo`llarini tanlashida alohida ahamiyatga egadir.