Biz bilgan odamlarning biz bilmagan dunyosi bor. Shu nuqtai-nazardan ayniqsa muxlislar sevimli ijodkorining “dunyo”siga nazar tashlab, undan boxabar bo`lishni istashadi. Bu imkoniyatni esa biz sizga taqdim etamiz! Loyihaning ilk qahramoni O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Samandar HAMROQULOV. Xonanda va aktyorning kim uchun ma`lum, kimgadir mavhum bo`lgan HAYoTIY OBRAZI bilan tanishing...
“Jinim suymaydiganlar borligini tan olaman”
— Aslida dunyoda yomon odam yo`q. Hayotning oqimi fe`limizga ta`sir qilmagani bois munosabatlarda biroz tushunmovchilik va kelishmovchiliklar bo`lishi mumkin. To`g`risini aytaman, men hech kimni yomon ko`rmayman! Lekin ko`nglimga yoqmaydigan, jinim suymaydigan, g`ashimni keltiradigan odamlar borligini tan olaman. Ular bilan munosabatda masofa saqlayman. Salom-aligim yo`q, desam yolg`on bo`ladi, ko`rishganda gaplashaman, lekin chin dildan emas.
“Aslida xatolarsiz yashab bo`lmaydi”
— Xatolarim... Ular meni tarbiyalagan, kerakli xulosalarga etaklagan. Ko`r hassasini bir marotaba yo`qotadi, deyishadi. Xom sut emgan bandalar “bir necha bor” yo`qotishi ham mumkin ekan. Boshqalarning hayotidagi xatolardan emas, o`zining umri, qo`ygan qadamlaridan xulosa qilgani ma`qul. Xatolarim ko`p... Aslida xatolarsiz yashab bo`lmaydi. Ammo butun umrini XATO bilan yashaydiganlar ham bor, ularga achinaman. Hayron qolaman, ular o`z hayotini to`g`ri yo`lda, deb biladi. Qilayotgan ishlarini tahlil ham qilib ko`rmaydi. Shunday yashashdan qo`rqaman.
Ishonchdan ishonchsizlikkacha...
— Odamlarga ishonardim... Hozir ancha o`zgardim. Ishonuvchanlik fazilatdir, lekin haddan ortig`i hayotingizga ziyon keltirishi isbotlangan. Ba`zida tanishlar mehmondorchilikka chaqiradi. Aslida menda tayinli ishi yo`q, shunchaki mendan foydlanadi... “Mana bizni tanishlarimiz bor...”, degan maqsadda o`zining biznes loyihalariga yo`l ochmoqchi bo`ladi. Ishonib pand eyaverganingizdan keyin IShONMASLIKKA o`rganib qolish yomon ekan. Aslida bu dunyoda ota-ona, aka-singil va yoringiz do`st! Ularchalik hech kim sizga jon kuydirmaydi. Bu boshqalar bilan aloqalarni tamoman uzish, degani emas, bu HAQIQAT! Tanish-bilish, ulfat, do`stlar talaygina, shukr, hayotimda ularning ham o`z o`rni, hurmati bor. Ammo men uchun OILAMchalik hech kim yonmaydi, bunisi ayni haqiqat!
“... varaqlagim kelmaydi”
— Eslashni istamaydigan kunlarim bor... Hayotimning o`sha sahifalarini “varaqlagim” kelmaydi. Bu afsus emas, shunchaki, o`sha xotiralardan o`zimni ozod qilgim keladi.
“O`zimdan o`zimgacha...”
— Agar odam o`zini qadrlamasa, atrofdan etarlicha munosabat ololmaydi. O`zini yaxshi ko`rish bu — yomon tuyg`u emas. Lekin me`yor hammasidan muhim. Bilasizmi, sahnadan tushmay yurgan odamning ishlari birdaniga yurishmay qolsa, juda katta ruhiy zarbaga uchraydi. Bu og`ir! Agar siz o`zingizni muntazam chetdan tahlil qilib, kerakli xulosa chiqarishga o`rgangan bo`lsangiz, bu vaziyatda o`zingizni yo`qotib qo`ymaysiz! Ishonavering, shaxsiy tajribamdan kelib chiqib aytyapman.
“Kibrli nigohlarni ko`rsam yuragim og`riydi”
— E`tiborsizlik odamni sindiradi. Kimdir tanisa, kimdir hurmat qilib dastxat so`rasa yoki “bolam bilan rasmga tushing”, desa og`rinmay, dildan bu munosabatga javob berish shart! Muxlisning san`atkorda hamisha haqqi bo`ladi. Kim edig-u, kim bo`ldik? Eslaylik, bir paytlar shu kunlar uchun intilmaganmidik? Kimdir tanirmikan, dastxat so`rarmikan, qachon men bilan birga rasmga tushishar ekan, deb orzu qilardik-ku! Ba`zida “bolam bilan suratga tushing”, deyishsa, bolani ko`tarib, mensimay kadrga qarashadi. Sen kimsanki, birovning jon qadar aziz dilbandiga shunday kibrli nigoh bilan qaraysan?! Seni yaxshi ko`rib, bolam xursand bo`lsin, deb kelishdi... Shunday holatlarni ko`rganimda yuragim og`riydi. Muxlis bilan kechadigan lahzalardan lazzatlanish, zavqlanish kerak! O`sha ko`zlardagi mehrdan kuch olamiz, aslida... Orzulardan qochish shartmikan?!
“Hammadek yashay olmasligi tabiiy!”
— Olqishlar! Hech qachon charchamasam kerak. Hamisha qarsaklarning ovozini sog`inishning zavqi boshqacha. San`atkor ham odam, ammo u hammadek yashay olmasligi tabiiy!
“Men va chegara”
— Jahlimning chiqishi qiyin. Ammo men ham chegaradan chiqishim mumkin. Haddan ziyod asabimga tegish, g`azabimni keltirish quyushqondan chiqishimga sabab bo`ladi. Odamzod har qancha irodali va kuchli bo`lmasin, unda yurak bor, sabr kosasi bor. U to`ladi, toshadi... ammo aqlli odam o`zini nazorat qila oladi.
“Hech kimdan foydalanmaganman”
— San`atga ilk bor qadam qo`ygan kezlarimda ham, bugun ham birovning mavqeidan foydalanmaganman! Qandaydir niqoblar bilan o`zimni yashirishga intilmayman. Qanday bo`lsam, shundayligimcha qabul qilishlarini istayman. Chunki, o`zimdan boshqa odam yasab olsam, aziyatni eng birinchi o`zim chekaman. O`ZIM bo`lib qolganim ma`qul.
“Yopilgan eshiklar”
— Qachondir yuz berishi mumkin bo`lgan jarayonlar hayotda ko`p! Lekin ularni kutib yashamaganman. Shunchaki, har bir vaziyatga o`zimni ruhan tayyorlashni ma`qul ko`raman. Men uchun yopilgan eshiklar bor, ularni ochishga urinmaganman, sabr bilan natijani kutaman. Hayotdagi har bir hodisadan xayrli xulosa yasay olish YaShASh SAN`ATIning asl qoidasi. Yiqilsam, avvalo Xudo, yuragim va irodam-u yaqinlarimning mehriga tayanaman. Nimagadir erishsam ham shunday... Shukrona va sabr mening ikki qanotim!
“Isyonkor emasman”
— Yonimdagilarni qiyin ahvolda qolishini istamayman. Shuning uchun vaziyatga moslashishga intilaman. Bu kimgadir yaltoqlanish emas, hurmat va suhbatdoshimning erkin fikrlashi uchun ko`mak. Ko`nikuvchanman, isyonkor emas. Ammo boshimga chiqarib qo`yib, keyin nima qilishni bilmaydigan darajada moslashish imkonini hech kimga bermayman.
“Otamga o`xshashni istayman!”
— Rustam Hamroqulovning o`g`li ekanim, bu — sharaf va ma`suliyat! Katta davralarda hamon otamni cheksiz hurmat bilan tilga olishadi. To`g`risini aytaman, qaniydi meni ham huddi otam kabi qadrlashsa... Yaratgandan bizni ham yaxshi so`zlar bilan tilga olishlarini so`rayman. Odam uchun “YaXShI INSON” degan martabadan ulug`i yo`q!
Samandar HAMROQULOV haqida...
“Hayratimni yashira olmagandim”
Muhabbat HAMROEVA, jurnalist: — Samandar sabri va bag`ri keng yigit. U oilaparvar va onaparvar. Balki ko`pchilik uni zamonaviy yigitlardan, deb o`ylar, lekin Samandar haqiqiy o`zbek yigiti! Onasining duosi bilan ko`chaga chiqadi. Uning hayotidagi bu haqiqatdan hayratimni yashira olmagandim.
“Unga ishonsa bo`ladi”
Abdurayim ABDUVAHOBOV, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist: — Samandar o`zgarmaydigan yigit! Uni faqat yaxshi fazilatlar bilan tilga olaman. Bag`rikeng, odamshinavanda va oqibatli. Ustazodalardan bo`lgani uchunmi san`atni, san`atkorni hurmat qiladi. Tarbiyali va eng muhimi unga ishonsa bo`ladi.
Sevdo NIYoZOVA tayyorladi.
Fotomuxbir: Ziyovuddin KARIMBERDIEV





