1

Janjallar bolalar taqdirida

SUG'DIYONA 26.04.2018, 16:14
Janjallar bolalar taqdirida

Bolani Yaratuvchidan tilab olamiz, tug`ilishini intiqlik bilan kutamiz, so`ng esa, bilib-bilmay murg`ak jonni ozorlashda davom etamiz. Aksariyat ayollar turmush o`rtog`i bilan g`ijillashib qolishsa, bor alamini boladan oladilar. Ba`zan ruhiy tanglik o`tib ketgach, bo`lar-bo`lmas bahona topib, aybsiz bolani urishaverganlari farzandimni quchoqlab yig`laydilar, ich-ichidan o`zini ming bor urishadilar, endi tang vaziyatda bolamdan alamimni olmaslikka qasam ichadilar, navbatdagi dilxiralikdan keyin esa... yana o`zlarini qo`lga ololmay qolaverishadi. Tinimsiz bolani urishaverishadi, tanbeh beraverishadi. Shu yoshga kirib o`zi ham amal qilavermaydigan ba`zi qoidalarga atigi 3 yoshga kirgan bolani bo`ysundirishga harakat qilishadi: uyga kirayotganda oyog`ini artib kirish, shippagini bir chekkaga taxlab qo`yish, qo`lini tez-tez sovunlab yuvib turish va hokazo. Agar shulardan birini unitib qo`ysa, jazolashning ming xilini o`ylab ko`rishadi: ko`chada o`ynashiga ruxsat bermaslik, o`yinchoqlarini yuvib-yig`ishtirib chiqish, muzqaymoq olib bermaslik va hokazo.

U bola-ku, ering bilan munosabatlaringni boshqarolmaganing uchun endi bolangni tinimsiz tanbehlar bilan urishib, boshqarishga harakat qilayapsanmi, deb haqiqatni tik aytadigan odam yo`qdirda atrofida. Biroq bir narsani aniq bilaman, agar ayolning kayfiyati doim yaxshi bo`lsa, bu oilada ruhan tetik, o`ziga ishongan farzandlar ulg`ayadi. Bolamizning yoshida o`zimizham o`nlab, yuzlab xatolar qilganmiz. Ota-onamiz yaxshi gap va to`g`ri tushuntirish bilan tarbiyalab borishgan. Masalan, men farzandim biron idishni sindirib qo`ysa, kamida ming`illab dashnom beraman, o`zim bola ekanimda esa butun boshli servantni ag`darib yuborganman. Hamma asl idishlar chil-chil singandi. Ota-onam “O`zingga hech narsa qilmagan bo`lsa bo`ldi”, deyishgan. Farzandga nisbatan kechirimli bo`lish onaning zimmasidagi katta farz.

Hech bir ayol turmush o`rtog`ining xiyonatini xotirjam qabul qilolmaydi. Ba`zi g`ururli juvonlar o`zga ayol bilan erini “baham ko`rib” yashagandan ko`ra, yaxshisi, ajrashishni ma`qul ko`rishadi. Shosha-pisha ko`ch-ko`ronini yuklab, farzandini iziga solib ota uyiga yo`l olishadi va sudga ariza berib, ajrim da`vosini boshlaydilar. Mahalla faollari, qarindosh-urug` va oila kattalarining gapiga hech bir quloq solmay, ajrashib ketishadi. Ya`ni, raqibasining hiyla-nayrangiga osongina taslim bo`ladi-qo`yadi.Ertaga farzandlari katta bo`lishganidan so`ng nima sababdan otasiz katta bo`lganliklarining asl sababini onalaridan so`raganlarida esa...

Agar ayol yashirmasdan borini oshkor etsa, bolalari aytmaydimi: “Bitta sharmandaga jahl qilib, bizni otasiz katta bo`lishga hukm qildingizmi? Bunga haqlimidingiz?” – deyishlari turgan gap. Albatta, hammayam badavlat oilaning erka farzandi bo`lib tug`ilishni istaydi, biroq bolalar uchun umuman otasi yo`q bo`lganidan ko`ra, ideal inson bo`lmasa-da, otasining borligi yaxshiroq ekanligini hamma yaxshi biladi.

Aslida ayol kayfiyati yaxshilanishi uchun turmush o`rtog`ining bir og`iz shirin so`zi kifoya. Erkaklar rafiqalaridan yaxshi so`zlarini ayashmasa, kim ko`rganga “ilakishib”, bolalarini tirik etim qilishmasa edi, siniq fe`lli “otasi bor otasizlar” har uch-to`rt xonadonning birida ulg`ayishayotgan bo`lmasdi. Ruhshunoslar ta`kidlaganlaridek, eru xotin shaxsiy kelishmovchiliklarini bolalar oldida muhokama qilmasligi, har bir qarori bilan farzandi taqdiriga salbiy ta`sir ko`rsatmasligi kerak.

Xalqimizda bir ibora bor: “Er-xotinning urushi — doka ro`molning qurishi”. Oddiy so`z bilan aytganda bu — oilaviy janjal deyiladi. Janjallar har doim o`zining ishtirokchilari va kuzatuvchilariga yomon kayfiyat olib keladi. Surunkali “ur-qir”lar bilan yashaydigan oilalar ham bor. Oiladagi urushlar eng avvalo bolalar ruhiyatiga salbiy ta`sir o`tkazadi. Ota-onasi yoqa bo`g`ishayotganda farzand qayoqqa qochishini, ularni qanday to`xtatishni bilmay, kichkina yurakchasi zirqirab, qo`rqqanicha turib qoladi. Balki er-xotin bir soatdan keyin hech nima bo`lmaganday yana yalab-yulqashib ketishar, ammo farzand xotirjamligini yo`qotib bo`ldi. Endi uning tabiatda har galgi ota-ona janjalidan so`ng navbatdagi kemtik ochilib boraveradi. Bolaning ko`ngli sinadi. Xotirjamlik yo`q muhitda bola uyidan soviydi, qalbi faryodga to`lib, qo`rqoq va odamovi bo`lib qoladi. Yo`q joydan bahona topib kunda to`polon qiladigan telba otalar, tinch o`tgan kuniga shukr qilmay, tovuqday qaqillab uyni boshiga ko`taradigan shang`i onalar...

Bunaqa oilalar qadamingizda. Nega? Nega shunday bo`ladi? Odamlar nega OILAning qadriga etmaydilar, farzandining ruhiy ahvolini mensimaydilar?

Qahraton qish kunida yupun kiyimda xotin, bola-chaqasini ko`chaga haydagan uyatsiz erlarni, homilador ayoliga qo`l ko`targan bezbet kishilarni, otasining jahlidan qo`rqib, haybatidan ot hurkadigan itning katagida sutkalab qolib ketgan farzandlarni ko`rdim.

Jazmanining oldiga ketmasin deb oyog`iga yiqilgan ayolini tepib, boshiga mushtlab chiqib ketgan erkaklarni ko`rdim.

Rafiqasidan aroq uchun, giyohvand modda sotib olish uchun zo`ravonlik bilan pulini tortib olayotgan badnafslarni ko`rdim.

Ammo bularning hech biridan qo`rquvdan dir-dir titrayotgan bolakay yo qizaloqning najot istagan ko`zlaridan qo`rqqanchalik qo`rqmadim. Bularni ko`rgan bolaning ne ahvolga tushini tasavvur qilavering, bir zum bola bo`lib ko`ring. Bamisoli to`fon tortqilayotgan yaproq misol u. Dosh berolmay uzilib ketishi mumkin, ehtiyot bo`ling. Bunga o`zim eshitib, larzaga tushganim bir voqeani misol qilib keltiraman.

Bir yigitdan jiyanimga sovchi keldi. Sovchilikda ham, to`y marosimlarida ham ota-onasining ishtiroki deyarli sezilmadi. So`rab-surishtirsak, hech kim tayinli bir gap aytmadi. Keyinchalik bu sovuqlikning sababi ayon bo`ldi. Kuyov bola ota-onasini yoqtirmas ekan. Bolaligidayoq ular har kuni janjallashishgan, hatto otasi bir kuni 6 yashar akasini ham onasiga qo`shib do`pposlabdi. Kuchli zarb tufayli boshi bilan cho`yan isitkichga urilgan akasi o`sha zahotiyoq vafot etgan. Bularning hammasini qo`rquv bilan kuzatib turgan 5 yashar bolaning ko`z oldida bu mash`um voqea bir umrga muhrlanib qolgan. Otasining hech nima bo`lmaganday, haliyam tirik yurgani uning g`azabini qo`zitsa, shunday odam bilan hali-hanuz yashab kelayotgan onasidan nafratlanardi. Chunki ota-onasi bu voqeani hammadan sir tutib, “yopti-yopti” qilib yuborishgan. Ular qaysi vijdon bilan yashab yurishganiga hech toqat qilolmas ekan.

Keling, aziz ayollar, kezi kelganda farzandlarimiz tinchligi uchun ham tilimizni tiyib turishni o`rganaylik. Agar erkak me`yordagi ota bo`lolmasa, bunday ruhan nosog`lom odamdan vaqtida ajrashib ketish kerakligini bilish lozim. Aks holda... yosh umringiz bir telbaning qo`lida xazon misol so`lib boradi.

Ey, siz oila ustunlari, oriyatli erkaklar! Xotirjamlik bo`lmagan joyda sog`lik ham, yaxshilik ham, beg`uborlik ham bo`lmaydi. Oila a`zolaringiz tinch yashashiga imkon bering, axir. Hech kim abadiy yashamaydi. Yaqinlaringni oldin azobga ko`mib, keyin tuproqqa ko`mgandan ma`ni yo`q. Ahli ayolingizga va farzandlaringizga osudalik bering. Intihosiz g`azabdan chekinishni o`rganing.

Xosiyat RAJABOVA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1