Qozog`istonning Aktau va Qo`riq portlari AQSh uchun ochildi. Endi mazkur davlat ulardan Rossiyani aylanib o`tgan holda o`z yuklarini Afg`onistonga muqobil yo`nalish orqali etkazishda foydalana oladi.
Shu bo`yicha tegishli kelishuv yaqin kunlar ichida Prezident Nursulton Nazarboev tomonidan imzolanishi kutilayapti. Eslatib o`tamiz, bu hujjat martda mazkur davlat Senati tomonidan tasdiqlangan edi.
AQSh taklifi bo`yicha Afg`onistonga maxsus yuklar tranziti Kaspiy dengizi orqali Gruziya va Ozarbayjondan o`tib Qozog`istonga etib keladi. Keyin temir yo`l transporti yordamida O`zbekistondan Afg`onistonga olib boriladi.
Qozog`iston tashqi ishlar vaziri Qayrat Abrahmanovning aytishicha, kelishuv Afg`onistonda tinchlik o`rnatishga harakat qilayotgan strategik sherik bo`lgan AQSh bilan respublikaning tub manfaatlaridan kelib chiqqan holda imzolangan.
Eslatib o`tamiz, 2018 yil yanvar oyida Nursulton Nazarboev AQShga rasmiy tashrif bilan borib, AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashgandi. O`shanda u AQSh bilan munosabatlar strategik sheriklikning yangi darajasiga ko`tarilganini ta`kidlagan edi.






