Xalqimiz ayolni gulga qiyoslaydi, sadoqat-vafo timsoli sifatida ardoqlaydi. Ayol ham o`zining mehru muhabbati, fidoyiligi bilan umri davomida bu qiyoslarga munosib yashashga intiladi. Afsuski, onda-sonda bo`lsa-da, biz guldan nozik, sadoqat-vafo timsoli sifatida ta`riflaydigan ayollarimiz orasida ham jinoyatga qo`l urayotganlari uchrab turadi. Bir oilaning bekasi, ikki norasida go`dakning onasi hisoblangan Zuhra Umarova ham (maqoladagi ism-familiyalar o`zgartirilgan) ana shunday ayollardan biri bo`lib chiqdi. Hayotning murakkab sinovlari uni to`g`ri yo`ldan adashtirdi.
Toshkent shahar, Olmazor tumanida yashovchi Zuhra Umarova muqaddas dinimizda ta`kidlangan to`g`ri yo`l chetda qolib, ekstremizmni targ`ib etayotgan oqimlar ta`siriga tushib qoldi. Bugun esa u sud zalida qilmishidan xijolat, pushaymon bo`lib o`tiribdi.
Zuhra qanday yo`l bilan bo`lsada mo`may daromad qilishni xush ko`rardi. Yo`qsa, ayol boshi bilan ko`chada tanimagan-bilmagan odamlarning etagini tutib, aytgan gapini to`g`ri, deb qabul qilarmidi? Eng yomoni, u diniy aqidaparastlarning “beminnat nasihat”lariga chuv tushib, aqidaparastlik g`oyalari bilan yo`g`rilgan ma`lumotlarni mutolaa qilish, video va audioyozuvlarni tomosha qilish va tinglashga qiziqib qoldi. Hatto opasi Fotima Alimovaga ham diniy ta`lim olish va taqiqlangan ma`lumotlarni tarqatish bo`yicha qat`iy ko`rsatmalar bera boshladi.
Z.Umarova ko`pincha odamlar gavjum joylarda yurib, tanish-notanish ayollarga diniy maslahatlar berishni odat qilib olgan edi. Shu bois aksariyat vaqtini odam ko`p yig`iladigan poytaxtimizdagi «Malika» bozorida o`tkazardi.
Zuhra Yunusobod tumanida joylashgan “Malika” savdo markaziga kirish eshigi oldida, dastlabki tergov jarayonida shaxsini aniqlash imkoni bo`lmagan noma`lum shaxsdan qirg`izistonlik “Abdulloh domla”ning “Jannatga oshiqlar” nomli ma`ruzasini, noma`lum shaxsning “Qayla hijob” nomli qo`shiq va unga ishlangan videoklipini uyali aloqa vositasiga yuklab oladi. Keyinchalik u mamlakatimizda taqiqlangan bunday diniy materiallarni mustaqil ravishda tinglash bilan birga boshqalarga ham eshitishni tavsiya etib kelgan. Kim biladi deysiz, opa-singil egizaklar ushbu aqidaparastlik g`oyalari bilan yo`g`rilgan ma`lumotlarni atrofdagilarga tarqatish orqali kimlarni to`g`ri yo`ldan chalg`itgan ekan? Olmazor tumani IIB JQ va UJQKB xodimlari tomonidan o`tkazilgan “Kompleks” tezkor-profilaktik tadbir jarayonida, Z.Umarova va F.Alimovadan ularga tegishli uyali aloqa telefonlari bayonnoma asosida rasmiylashtirib olinib, ushbu uyali aloqa vositalarining xotirasidagi ma`lumotlarning mazmun-mohiyatini aniqlash maqsadida sudga oid adabiyotshunoslik ekspertizasi tayinlandi. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo`yicha qo`mitaning xulosasiga ko`ra, F.Alimova va Z.Umarovadan olingan uyali aloqa vositalarining xotirasidagi fayllarning 1.1, 1.2, 2.1 va 2.2 bandlarida ko`rsatib o`tilgan ma`lumotlar aqidaparastlik g`oyalari bilan yo`g`rilgan hamda 1.3 va 2.3 bandlarida ko`rsatilgan ma`lumotlar mutaassiblik ruhidagi materiallar bo`lib, ularni O`zbekiston Respublikasiga olib kirish, tayyorlash va tarqatish taqiqlanganligi aniqlandi.
To`g`ri, bir qarashda ularning xatti-harakatlari jamiyatga biror jiddiy xavf tug`dirmaydigandek ko`rinadi. Biroq huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar vakillari opa-singillarni o`z vaqtida to`xtatib qolmaganida ularning ko`r-ko`rona qiziqishi yanada chuqurlashib ketib, noxush oqibatlarga olib kelishi mumkin edi.
Sudda Zuhra Umarovaning jinoiy harakatlari ko`rib chiqilib, uning muqaddam sudlanmaganligi, aybiga to`liq iqrorligi, pushaymonligi, qaramog`ida ikki nafar voyaga etmagan farzandi borligi va oilaviy sharoiti inobatga olinib, tegishli jazo tayinlandi.
Xulosa o`rnida ta`kidlash lozimki, odam bilib yoki bilmay xato qilishi mumkin. Ularni kechirish, to`g`ri yo`lga solish esa insoniy burchimizdir. Zuhraga ham qilmishiga yarasha og`irroq jazo tayinlash mumkin edi... Umid qilamiz, ayblanuvchilar davlatimiz tomonidan ko`rsatilgan g`amxo`rlikdan to`g`ri xulosa chiqarib oladilar.
Muxtarama TURGUNOVA,
Toshkent shahar Jinoyat ishlari bo`yicha sudi sudyasi,
Jobir XO`JAQULOV,
«Adolat» gazetasidan olindi.