1

Kutmang, ishoning, muhabbat xayolda emas, hayotda yashaydi...

SUG'DIYONA 29.04.2018, 18:53
Kutmang, ishoning, muhabbat xayolda emas, hayotda yashaydi...

«Turmush o`rtog`im bilan sevishmay oila qurganmiz. Uchrashdik, bir-birimizga yoqdik. Bir oy ichida to`yimiz bo`ldi. Uzukka ko`z qo`ygandek chiroyli kelin-kuyov, deya tarbriklar yog`dirishdi nikoh oqshomimizda. Bir paytlar sevgi haqida filmlarni tomosha qilib, romantik orzular og`ushida yashagan qiz yangi hayotga ana shunday qadam qo`ydim.

To`yimizdan biroz muddat o`tgach, otam og`ir xastalikka chalindi. Ukam hali kichik, onam uy bekasi edi. Padarimning jonini omon saqlash uchun onam o`zini ming cho`qqa urardi. Qaniydi, qo`limdan nimadir kelsa, onamga yordam berolsam. Ammo nailoj, yangi kelinchakman, uydagilardan, erimdan yurak yutib nimadir so`rashga botina olmayman... Yo`q, ular yomon odamlarmas, shunchaki men o`zimni bunga haqsiz deb hisoblardim. Oxiri bir qarorga keldim, onam to`yimga sovg`a qilgan tillalarni sotaman. To`g`ri, ular o`zimga juda yoqadi, ammo boshqa choram yo`q. Dugonamga shu tillalarni sotib olishni taklif qilib «SMS» yozdim. Negadir, nikoh kuni havasla tillalarimni qulog`iga taqib ko`rgan dugonam rad javobini berdi. Battar tushkunlikka tushdim, ammo atrofimda parvona bo`layotgan erimga tish yorolmasdim. Ertasi kuni dugonam qo`ng`iroq qilib, tillalarni sotib olmoqchiligini aytdi. Eri sovg`a qiladigan bo`libdi. Xursand bo`lib ketdim va sotdim! Tilla topiladi, otamning sog`ligi hammasidan ustun, deya bu voqeani eslamay qo`ydim.

Ikki oydan keyin tug`ilgan kunim edi. Tavalludimdan bir kun oldin soat millari tungi o`n ikkiga yaqinlashayapti hamki, erimda biror taraddudni sezmayman. Ha, sevishmay oila qurganlarda romantik voqealar yuz bermaydi, deya o`zimcha o`kinib qo`ydim. Axir bir quchoq gullar kutayotgandim-da. Bir payt turmush o`rtog`im qo`limga chiroyli qog`ozga o`rog`liq sovg`ani tutqazdi va yuzimdan o`pib qo`ydi. Sovg`ani ochib qarasam, o`zimning tillalarim...

Umr yo`ldoshim dugonamga yozgan xabarimni o`qib, o`zi tillalarimni sotib olgan ekan...

Kutmang, ishoning, muhabbat xayolda emas, hayotda yashaydi...»

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1