1

Milliy parlamentimiz tarixida birinchi marta «hukumat soati» tashkil etildi

Siyosat 02.05.2018, 09:35
Milliy parlamentimiz tarixida birinchi marta «hukumat soati» tashkil etildi

Kecha, 1 may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida «O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to`g`risida»gi va «Parlament nazorati to`g`risida»gi O`zbekiston Respublikasi Qonunlariga muvofiq «hukumat soati» o`tkazildi. Ta`kidlash joiz, mazkur amaliyot milliy parlament tarixida ilk bor tashkil etildi.

Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Axborot xizmati xabar tarqatdi.

Deputatlarning hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ahvoli yuzasidan olib borgan o`rganishlari hamda odamlar kelayotgan murojaatlardan kelib chiqib, siyosiy partiyalarning quyi palatadagi fraksiyalari takliflariga ko`ra “hukumat soati”ga “Respublika aholisini toza ichimlik suvi bilan ta`minlanishida hamda ichimlik suvini tejamkorlik bilan ishlatishda olib borilayotgan ishlar”, shuningdek, “Aholini va tibbiyot muassasalarini arzon va sifatli dori-darmon vositalari hamda tibbiyot buyumlari bilan ta`minlash, ayniqsa, joylarda ijtimoiy dorixonalarni tashkil etish holatlari” to`g`risidagi masalalar kiritildi.

Ushbu masalalar yuzasidan deputatlarga axborot va ularning savollariga atroflicha javob berishlari uchun O`zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish hamda Sog`liqni saqlash vazirliklari mutasaddi rahbarlari taklif etildi.

Tadbir davomida hukumat vakillari deputatlar tomonidan qo`yilgan masalalar yuzasidan ma`lumot berib, ularning qo`shimcha ravishda bergan savollariga batafsil javob qaytardilar.

– O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2017 yil 12 iyulda “Hukumat soati” institutini joriy etish xaqida o`z tavsiyalarini bergan edi, – deydi ekspert Ixtiyor Bekov. – Qonunchilik palatasida “Hukumat soati”ning o`tkazilishi Harakatlar strategiyasida belgilangan jamiyatda parlamentning rolini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarning amaldagi ifodasi hisoblanadi. O`tkazilgan tadbirning ahamiyatidan kelib chiqib, uning samarali o`tganini ta`kidlash lozim. Mazkur institut birinchidan hukumatning parlament bilan munosabatlardagi mas`uliyatini oshirsa, ikkinchidan joylarda to`planib qolgan, aholini o`ylantirayotgan masalalarni hal etishga xizmat qiladi.

–Ta`kidlash joiz, “Hukumat soati” Harakatlar strategiyasida ko`rsatib o`tilgan davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish yo`nalishida ham muhim ahamiyatga ega, – deydi ekspert Sobirov Shohruhbek. – Ushbu institut nafaqat Oliy Majlisning ijro hokimiyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirishda davlat hokimiyati tizimidagi rolini oshirishga balki, bo`lib o`tgan bugungi tadbirdagi kabi saylovchilarni qiynayotgan muammolarni hal etishda muhim omil bo`ladi.

Tadbir so`ngida Qonunchilik palatasi qo`mitalariga ushbu sohalardagi amaldagi qonun hujjatlarini va huquqni qo`llash amaliyotini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish tavsiya etildi, shu bilan birga mazkur yo`nalishdagi ishlar yuzasidan samarali parlament nazoratini ta`minlashga kelishib olindi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1