1

Aeroponika usulida kartoshka urug`i etishtirish tajribasi Prezidentimizda katta taassurot qoldirdi

Siyosat 02.05.2018, 16:56
Aeroponika usulida kartoshka urug`i etishtirish tajribasi Prezidentimizda katta taassurot qoldirdi

Shavkat Mirziyoev Chust tumanidagi “Baraka meva sanoat servis” mas`uliyati cheklangan jamiyatiga tashrif buyurdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Korxona faoliyatini 2015 yilda yong`oq, mayiz va kovulni eksport qilishdan boshlagan. Hozirda bu erda kungaboqar, fasol, urug`lik kartoshka, duragay makkajo`xori, pomidor ham parvarishlanmoqda.

Jamiyat tomonidan intensiv bog` tashkil etilib, eksportbop mevalar etishtirish loyihasi amalga oshirilmoqda.

Loyihaning umumiy qiymati 9,6 milliard so`m bo`lib, yiliga 4 ming 600 tonna yong`oq etishtirish, bir yilda 40 milliard so`mlikdan ziyod mahsulot olish rejalashtirilgan. Hosilning 70 foizini eksportga yo`naltirish ko`zda tutilgan.

Prezidentimiz mazkur korxona imkoniyatlari bilan tanishdi. Intensiv usulda qurilgan issiqxonani kirib ko`rdi.

Korxonaning 17 sotixlik tajriba uchastkasida meva-sabzavotlar sinovdan o`tkazilayotir.

Aeroponika usulida kartoshka urug`i etishtirish tajribasi Prezidentimizda katta taassurot qoldirdi. Yosh olim Sherzod Toshpo`latov tatbiq etgan bu usul orqali an`anaviy usulga nisbatan 6 barobar yuqori hosil olish mumkin.

Davlatimiz rahbari ushbu tajriba asosida Namanganda kartoshka urug`chiligini rivojlantirishga doir maxsus qaror ishlab chiqish, butun mamlakatimizga hosildor urug` etkazib berish bo`yicha topshiriq berdi.

Shu erning o`zida 2018-2019 yillarda baliqchilik, parrandachilik, chorvachilik, pillachilikni rivojlantirish, tutzorlar tashkil etish, qurg`oqchil maydonlarning suv ta`minotini yaxshilash, paxtadan bo`shagan er maydonlariga bozorgir ekinlar ekish, bular orqali viloyat eksport salohiyatini yanada oshirish bo`yicha loyihalar taqdimoti o`tkazildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1