1

Maosh olib, soliq to`lamayotganlar...

Iqtisodiyot 07.05.2018, 11:23
Maosh olib, soliq to`lamayotganlar...

Hamma turmushini farovon, ro`zg`orini to`kis qilish harakatida. Iqtidori va imkoniyatidan samarali foydalanib, ikki yoki undan ortiq joyda ishlashni uddalaydiganlar oramizda ko`p. Yoki mashinasi va uyini ijaraga berib qo`yishayotganlar ham bisyor. Tadbirkorlik faoliyatini qo`llab-quvvatlash va real daromadlarini oshirish uchun yaratilgan shart-sharoitlardan samarali foydalanayotganlar qaddini ursin! Topgan daromadini erkin tasarruf etishga haqli.

Jismoniy shaxslar zimmasiga olingan daromadlaridan belgilangan tartibda soliqlar to`lash majburiyati yuklatilgan. Soliq Kodeksining 189-moddasiga asosan, har bir fuqaro o`zining asosiy ish joyidan tashqari, ya`ni mulkiy, moddiy naf tarzidagi yoki boshqa manbalardan qo`shimcha daromad olsa, bu haqda doimiy yashash joyidagi soliq xizmati organiga jami yillik daromadlari to`g`risida hisobot yilidan keyingi yilning 1 aprelidan kechiktirmay deklarasiya taqdim etadi. Agarda jismoniy shaxslar tomonidan jami yillik daromadlari to`g`risidagi deklarasiyani taqdim etishdan bo`yin tovlash, uni o`z vaqtida taqdim etmaslik yoki unda atayin noto`g`ri ma`lumotlar ko`rsatish – Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi Kodeksning 174-moddasi 3-qismiga muvofiq, eng kam ish haqining bir baravidan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi. Ko`pchilik burchini sidqidildan bajarib kelmoqda. Biroq “olarda kirar jonim, berarda chiqar jonim” deganlariday, faqat o`z manfaatini o`ylaydiganlar bor. Achinarlisi, “chiqimga tobi yo`qlar”ning aksariyati byudjet tashkilotlarida ishlashadi. Holbuki, ular davlat tomonidan tayinlangan maoshni oladi-yu, ammo qo`shimcha topayotgan daromadidan soliq to`lashni paysalga soladi.

Asaka tumanidagi 16-ko`zi ojizlar maxsus maktabida ishlovchi Davlat Akbarov 2 million 525 ming so`mdan ziyod mablag`ni to`lamasdan kelmoqda. Deklarasiya asosida hisoblangan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig`i o`z vaqtida to`lanmagan taqdirda, Soliq kodeksining 120-moddasiga muvofiq to`lovning belgilangan muddatidan keyingi kundan e`tiboran o`tkazib yuborilgan har bir kun uchun 0,033 foiz miqdorida penya hisoblanadi. Davlat Akbarov qonunchilik doirasida ish tutganida 2 million 339 ming so`m to`lar edi. Penya hisoblanishi natijasida yuqorida ko`rsatilgan summani to`lashga majbur.

Qo`rg`ontepa tumani tibbiyot kollejida mehnat qiluvchi Ikromjon Izbosarov ham “Qo`shimcha daromadimni kim bilib yuribdi?”, deya deklarasiya asosida to`lanishi lozim bo`lgan mablag`ni yodidan chiqarib yuborgan. Uning davlat oldidagi qarzi 1 yarim milliondan oshib ketgan.

Afsuski, qo`shimcha manbalardan daromad topib, soliqlarni vaqtida to`lamay kelayotganlar ko`p. Viloyat sog`liqni saqlash tizimida 500 nafarni tashkil etadi. Ular orasida ikki joyda mehnat qilayotganlar, mol-mulkini ijaraga berib daromad topayotganlar bor. Ular ijaradagilardan kelishilgan miqdordagi pulni oyma-oy sanab olishni unutmaydilaru, ammo majburiyatni bajarishga kelganda “yodidan chiqarib” yuboradilar. Viloyat bolalar tibbiyot markazi shifokori Adhamjon Mamajonov. U o`ziga qarashli avtomobilni o`tgan yilning yanvar oyida ijaraga berib, daromad topishni boshlab yuborgan. Mol-mulkni ijaraga berishdan daromad topayotganlar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig`ini taqdim etilgan dastlabki deklarasiya asosida har oyda daromad olingan oydan keyingi oyning beshinchi kunigacha to`lashlari belgilab qo`yilgan. Biroq Adhamjon Mamajonov tartibga rioya qilmadi va qarzi 1 million 890 ming so`mdan oshib ketdi.

— Ma`lumotlar bazamizda 2701 nafar fuqaroning deklarasiya asosida soliq solinadigan daromadlaridan 470 million so`mdan ziyod daromad solig`ini bugunga qadar to`lamasdan kelayotganligi aniqlandi, - deydi viloyat davlat soliq boshqarmasi bo`lim boshlig`i Behzod G`ofurov. — Ular ishlayotgan korxona va tashkilotlarga ogohlantirish xati yuborilgan. Fuqarolar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig`ini o`tgan soliq davridan keyingi yilning 1 iyunidan kechiktirmay to`lashlari lozim. Aks holda, majburiy undirish choralari qo`llaniladi.

“O`sha pulni to`laymanda, hech qayoqqa qochib ketganim yo`q”, deya iddao qilayotganlardan bu mablag` undiriladi. Konstitusiyamizning 51-moddasida “Fuqarolar qonun bilan belgilangan soliqlar va mahalliy yig`imni to`lashga majburdirlar” deb qayd etib qo`yilgan. Siz, biz to`layotgan soliqlar avvalo o`zimizga maosh bo`lib qaytadi, qolaversa, iqtisodiyotni yuksaltiruvchi korxonalar ishga tushirilib, yana qanchadan-qancha odamning ish bilan bandligi ta`minlanishi mumkin.

Dilmurod PARPIEV,

Andijon viloyati davlat soliq boshqarmasi

jamoatchilik bilan aloqalar

va huquqiy axborot bo`limi bosh mutaxassisi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1