AsosiyJamiyat

Asl o`g`lonlar jasorati aslo unutilmaydi

'Asl o`g`lonlar jasorati aslo unutilmaydi'ning rasmi

Prezidentimizning 2018 yil 16 apreldagi "Xotira va Qadrlash kuniga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish chora-tadbirlari to`g`risida"gi qarorida ham bu jihatlarga alohida e`tibor qaratilgan.

Mustaqilligimizni asrash va yurtimiz tinchligini ta`minlashda bukilmas iroda va jasorat namunasini ko`rsatgan, bugungi tinch va osoyishta kunlar uchun jon fido qilgan mard o`g`lonlarini xalqimiz hech qachon unutmaydi.

Ulug`bek Albekov 1980 yil 26 dekabrda Surxondaryo viloyatida tug`ilgan. 1998 yilda Muzrabot tumanidagi 15-umumta`lim maktabini bitirgan. 1999 yilda Muzrabot tumani mudofaa ishlari bo`limi tomonidan muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan.

U 2000 yil 18 avgust kuni Bustonliq tumanining tog`li hududlarida mamlakatimiz chegaralarini qo`riqlash chog`ida qurollangan jinoyatchilarga qarshi kurash jarayonida mardlarcha halok bo`lgan.

Ulug`bek Albekov 2018 yil 12 yanvar kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga ko`ra mamlakatimiz xavfsizligini ta`minlash, jinoyatchilikka qarshi kurash va harbiy burchini ado etish vaqtida ko`rsatgan mardlik va jasorati uchun vafotidan so`ng “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

Ulug`bekning zangori muqovali yon daftarini varaqlagan kishi qalbida allanechuk hislar uyg`onadi. U bitgan she`rlarni o`qib, bronejilet ortida inson tuyg`ularini nozik his etgan, ularga o`zgacha nazar bilan qaragan qalb bo`lganini sezadi.

Bu bitiklarda odamzotni e`zozlash, tirikligida qadriga etish, oqibat ko`rsatish tarannum etilgan. Ota-onaga hurmat, ularga tirgak bo`lish, o`tganlarning ruhini shod etish mujassam ularda. Bunday nozik dil rozlarini oq qog`ozga tushirish uchun Ulug`bekning bedor o`tkazgan tunlari hayoldan birma-bir o`tadi. U qanday o`ylar girdobiga g`arq bo`ldi ekan? U qanday orzu-maqsadlar qanotida sayr etdi ekan?

— U erinmasdan barcha quroldosh do`stlarining manzilini ham yozib chiqqan ekan, - deydi ofiser R. Shoymardanov. — Hatto ularning telefon raqamlari ham bor. U do`stlari bilan doim xabarlashib, imkoni bo`lsa, ko`rishib turish niyatida bo`lgan. Buni haqiqiy e`tibor, insonparvarlik, desa bo`ladi.

2000 yil 18 avgust kuni. Bo`stonliq tog`laridagi chegara hududida favqulodda vaziyat, jangovar operasiya boshlandi. Mamlakatimiz hududiga suqulib kirishga urinayotgan bir guruh jinoyatchilar to`dasi bilan o`qtin-o`qtin otishmalar bo`lib turibdi. G`alamislar panaga bekinib, zarba berishda davom etmoqda. Shu payt aloqachi-radiotelegrafist Ulug`bek o`ziga yuklatilgan vazifani sharaf bilan uddalab, Bosh shtabga jangarilar joylashgan hudud to`g`risida aniq ma`lumot etkazdi. Biroq u o`rnashgan joyni bilib qolgan bochqinchilar jasur aloqachi tomon granata uloqtiradi. Oddiy askar U.Albekov Vatan tinchligi, davlat chegaralarining daxlsizligi yo`lida qurbon bo`ldi. Onaizor o`g`lini oxirgi yo`lga kuzatarkan: “Bergan oq sutimdan roziman”, dedi. Ulug`bek nafaqat onasi, balki Vatani, xalqining ham non-tuzini oqladi.

— O`g`limning yurish-turishi, qaddi-qomati, kulib turgan yuzi hech qachon ko`z oldimdan ketmaydi, - deydi Turdixol aya G`afforova. — U juda mehnatkash edi. Qanday ish bo`lsa qilib ketaverar edi.

— Maktabda Ulug`bek bilan bir partada o`tirganmiz, - deydi Otabek Qulboev. — U hammadan oldin kelib, partada o`tirishimiz, yurish-turishimizni nazorat qilib turardi. Zo`r kurash tushardi. Bizda sportga mehr uygotgan ham Ulug`bek bo`ladi.

Ulug`bek xizmatni endi boshlagan paytlarda taqdirning kutilmagan zarbasini ko`tarishga to`g`ri keldi. Otasi vafot etdi. Bu og`ir judolikka bardoshli bo`lish kerakligini aytib, akasiga xat yozdi: “Endi onajonimni ehtiyot qilaylik. Xizmatdan qaytganimdan keyin hammamiz birgalikda onamizga quvvat bo`lamiz...” U qat`iyatli yigit edi. Ko`nglini g`am-alam qanchalik iztirobga solmasin, o`z vazifasini aniq bajarar, qaerda xizmat og`ir bo`lsa, o`sha erda bo`lishga intilardi.

— Biz Ulug`bek aka bilan ko`p suhbatlashardik, - deb eslaydi uning safdoshi Shuhrat Haydarov. — “Haqiqiy askar bo`l. Chinakamiga xizmat qil, o`z burchingni vijdonan bajar”, deb maslahat berardi. Asli kasbim duradgorlik bo`lgani uchun, yotoqxona oldida askarlar dam oladigan shiyponcha ko`rishga kirishib ketdim. Shunda u menga yaqindan yordam bergan.

— Ulug`bek vijdonli, diyonatli yigit edi, - deydi serjant G`olib Karimov. — Boshliqlar tomonidan qo`yilgan vazifalarni o`z vaqtida bajarar, qisqa vaqtda aloqachi-radiotelegrafist vazifasini a`lo darajada o`zlashtirib olgandi. Quroldosh do`stlariga hamisha jo`yali maslahat va yaqindan yordam berib kelgan. “Hayotda har qanday holat bo`lishi mumkin, biroq odam hammasiga sabr-qanoatli bo`lishi kerak”, derdi u.

Muddatli harbiy xizmat oddiy askari Ulug`bek Albekov mazmunli hayot kechirdi. U Vatanim deb yashadi, xizmat qildi, el-yurtimiz uchun aziz jonini fido qildi. Uning xotirasini abadiylashtirish maqsadida Muzrabot tumanidagi u o`qigan maktabga Ulug`bek Albekov nomi berilgan.

Muzrabot tumanidagi “Sopollitepa” mahalla fuqarolar yig`ini raisi Sofiya Karimovaning aytishicha, har yili mahallada, maktabda Ulug`bek Albekov xotirasiga bag`ishlab futbol musobaqalari o`tkaziladi. Maktabda unga atab burchak tashkil qilingan. Mahallada yoshlarni oriyatli, g`ururli, vatanparvar, jasorat sohibi etib tarbiyalashda Ulug`bekning hayot yo`li doim ibrat qilib ko`rsatiladi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar