«Endi urush bo`lmaydi!»

Mutolaa 08.05.2018, 14:28
«Endi urush bo`lmaydi!»

Har yili 9 may kuni bobomning tug`ilgan kunlarini nishonlardik. Agar hayot bo`lganilarida bu yil yuzni qarshilardilar. Ular uchun bu kun haqiqatda hayotga qaytadan kelgan kunligini o`n yillar oldin, maktabimizda o`tkazilgan tadbirda anglab etgandim...

Tadbir boshlanishiga besh daqiqalar qolganida zalga kirib keldik. Qatorlashib, qiqirlashib. Ravshan Ozodaning sochidan tortgan, Shamsiyani o`qituvchimiz og`zidagi saqichini tashlab kelish uchun iziga qaytargan, Nurillo orqa qatordagi sakkizchi sinf o`quvchilarini joyidan turg`izgan — «Hali yosh bolasizlar, oldingi qatorda o`tirib, yaxshilab eshitinglar!». Bolalar qo`rqqanidanmi yo qarshilik qilish befoydaligini bilibmi, o`rinlaridan turib ketishdi. Avval Nurillo zo`r ish qilgan katta odam bo`lib o`zini o`rindiqqa tashladi, undan keyin biz joylashdik — hartugul, old qatorda kiprik qoqmay o`tirish balosidan qutuldik. Shamsiya ensasini qotirgancha joyiga kelib o`tirishi bilan sumkasidan bir o`ram saqich oldi, ikki dugona unga sherik bo`ldik. Tadbirlar tashkillashtirish bo`yicha dong chiqargan adabiyot o`qituvchimiz zaldagi g`ala-g`ovurni zo`rg`a tinchitgach, ko`ksiga medallar taqqan uch kishi zal to`ridagi, atlas mato yopilgan stol yoniga kelib o`tirishdi. Biri mening — bobom!

— Iya, bobong ham kelibdimi? — dedi Shamsiya.

— Ha, kecha aytmagandilar, ko`rishga borgandik, — deya og`zimga qo`l yugurtirdim. Bobomning nigohi o`tkir, uzoqdan bo`lsa ham, saqich chaynab o`tirganimni ko`rishidan cho`chidim.

Negadir, bola paytimdan bobomdan hayiqib turaman. Urushda qatnashganlarini bilganimdan beri yanayam aniqrog`i. Juda tartibtalablar. Ularning uyida televizor soatli ko`riladi, chiroqlar behuda yoniq qolmaydi, qolgan ovqatni tashlab yuborish qat`iyan man etiladi, karavotlar ustiga chiqib sakrash, tomdan somon uyumiga o`zingizni otish, hovlini boshga ko`tarib shovqin qilish umuman mumkinmas. Kichik kelinoyimning aytishicha, bobomning asablari chatoqmish. Kim biladi, juda kamgaplar, balkim yuqoridagi qoidalar buzilsa, jahli chiqib urishar... Ammo ularning uyiga borishning yoqimli tomoni ham bor. Uylariga borgach, birpas o`tirishim bilan bobom qo`limga pul tutqazadi. Muzqaymoqqa. Buvimga, jiyanlarimga, o`zimga bittadan muzqaymoq olib kelaman. Buvim ham, bobom ham tomog`ing og`rib qoladi, deyishmaydi, muzdek shirinlikni maza qilib paqqos tushiraman. Kechga dovur esa bobom qishin-yozin bisotida bo`ladigan olmalardan olib chiqadi, faqat sanab, har birimizga bittadan. O`zlari yuvib, qo`limizga tutqazadi. Ortiqcha erkalamaydi, umuman gapirmaydi, desak ham bo`ladi.

Mana, hozir ham qo`liga tutqazilgan choyni rahmat degannamo bosh qimirlatib oldilar-u, jim o`tiribdilar.

Adabiyot o`qituvchimiz esa mehmonlar bilan tanishtira boshladi.

Jumaniyoz ota, bobomning o`rtog`i, bir qo`li yo`q, urushda uch joyidan yaralangan ekanlar. O`qituvchimiz ular haqida gapirayapti-yu, men Jumaniyoz otaning bobomning uyiga serqatnovliklarini eslayman.

— Ey, bu bolalar!.. — bir kuni ota ko`ylagining o`ng engini hilviratgancha kirib keldi. Bobom miq etmay o`tirsa ham, uning ko`ngli toshib ketayotgan chog`i gapirishda davom etdi, — Bugun ertalabdan uyda to`polon. O`g`illarim qo`shni bilan er talashishayapti. Qo`shni solayotgan devorlaringiz men tarafga o`tib ketayapti, desa, bizning bolalar er o`lchaydigan metr bilan santimertlab devor quriladigan joyni o`lchashayapti. Qarasam, o`g`lim bilan qo`shni yoqalashayapti, bir qo`llab zo`rg`a ajratdim. Gapirsam, siz nimani tushunardingiz, odamlar hozir birovning haqini eyishga usta bo`lib ketishgan, nega endi biz o`zimizga tegishli erni ularga berishimiz kerak, deydi bolam.

O`sha kuni chuqur uh tortib gapirgan Jumaniyoz otaning kayfiyati bugun tamoman boshqa. Xursanddek.

Navbat bobomga keldi. O`n to`qqiz yoshida urushga ketgan ekanlar. Otam sal-pal gapirib beradi-yu, o`zlari hech urush yillari haqida so`z ochmaydi. Dadam ham bizga undan-bundan eshitganini aytadi chog`i.

Akrom ota ularning ichida eng yoshi kattasi. To`rt yil urushda qatnashib, keyin yigirma yil bedarak ketgan ekanlar. Bu voqeani sal-pal bilaman. Chunki nevaralari bilan birga tikuvchilik kursiga qatnayman. Buvisi rahmatli rus ayol bo`lgan, bobosi urushda yaralanganida shu ayol parvarishlagan ekan. Urush tugab, yigirma yilcha o`tgach, buvisini olib uyiga qaytgan ekan. Onamga hayajonlanib shu voqeani aytib berganimda, «Ha, biz Akrom otaning mahallasida o`sganmiz-ku», dedilar. Onamning ham bobolari urushda bedarak ketgan. Bobom rahmatli uzoq yillar otasini izlagan. Hatto, onamlar tug`ilib, esini tanigan paytlarida ham. Shunday kunlarning birida qishloqda «Akrom qaytibdi, tirik ekan, rus ayoli, ikki bolasi bor ekan», degan gap oralaydi. Bobom oyog`ini qo`liga olib Akrom otaning uyiga chopgan — balkim otamning daragini bilar, deb. Onam va xolalarim esa «Bizning ham bobomiz tirik bo`lsa, rus ayollari bilan kelsa, Nadya xolanikiga o`xshash ko`ylak, paltolarini kiyib yurardik», deya orzuga berilishganini kulib eslashadi.

Mana, Akrom ota o`tiribdi. To`g`rirog`i, pinakka ketgandek. Nadya xolani ikki yilcha oldin tuproqqa qo`yishdi. Shundan buyon boboning chehrasi hech ochilmasmish, nuqul o`tirgan joyida uxlab qolarmish. Ba`zilar o`zini uxlaganga soladi, to`qsondan oshib qoldi, tinchlik istaydi-da, deyishadi.

Birinchi bo`lib Jumaniyoz otaga so`z berildi. U kishi bir qo`llari bilan choy xo`plagancha gapira boshladilar. O`ng qo`llarining yaralangani to`g`risidagi voqeani shunday so`zlab berdiki, go`yo hammasi ko`z oldimizga ro`y bergandik. Mana, mina tushgan dala, to`rt tomonga tutdek to`kilgan askarlar, quyuq tutun, ingragan ovozlar. Endigina yigirmaga kirgan askar chap qo`lini ushlagancha sudralayapti. Shunda kimdir uni dast ko`taradi, ikki yuz metrlar chetga, tinchroq joyga olib chiqib daraxt panasiga yotqizadi. Deyarli hushidan ketayozgan askar dushmanni kiyimidan tanib, hayron qoladi. U nima qilmoqchi? Asir olmoqchimi? Erga qo`ygach, battar hayrati oshadi va hushidan ketadi. Hushiga kelganida esa harbiy shifoxonada yotardi.

— U meni asrab qolgan... Balkim keyingi janglarda meni uni shu bir qo`lim bilan otib o`ldirgandirman... — boboning ko`zlari yoshlanadi... Buni biz — orqa qatorda hech kimga ko`rinmay o`tirishni odat qilgan, oldimizdagi o`rindiqlarga falonchi+falonchi=sevgi yoki dugona deya yozadigan yoshlar bir qo`lining engi bilan yoshlarini artganidan bilamiz.

Bobom bir og`iz gapirdi.

— Xotiram yaxshi emas. U kunlarni eslolmayman uncha. Endi urush bo`lmasin. Urush bo`lmasligiga ishonamiz, — dedi, xolos.

Men ularning xotirasi yomonligiga ishonmayman. Kamgap bobom maktab darsligidan savol bersangiz ham, to`g`ri javob qaytaradi. Yana juda ko`p g`azal-ruboiylarni yoddan biladi. Amakim skanvord ishlashga tushsa, deyarli barcha savollarning javobini bobomdan so`raydi. Shunchaki gapirishni istamaydilar. Demak, urush biz o`ylagandan ko`ra og`ir bo`lgan. Og`ir iz qoldirgan. Ular tinchlik uchun do`zax kechib yurganida onasi, ukasi va singlisi ochlikdan vafot etishgani uchun ham bo`lsa kerak. Chunki uyga ne umidlar bilan, onam meni ko`rsa, xursandligidan qanday holga tusharkan deya qaytganilarida bu xabarni eshitib batamoman o`zlarini yo`qotib qo`ygan ekanlar.

Akrom otaning yumuq ko`zlariga qarab o`qituvchimiz ularni bezovta qilmaslik qaroriga keldi, shekilli, zalga yuzlandi. O`quvchilar savol bera boshlashdi. Savollarga ham asosan Jumaniyoz ota javob berdi. Ular aktyor bo`lishni orzu qilgan ekan. Urush degan balo chiqmaganida hozir Raj Kapurdek mashhur aktyor sifatida Jumaniyoz otani uchrashuvga taklif qilgan bo`lar ekanmiz.

— Nechta fashistni o`ldirgansiz?

Akrom otaning ko`zlari yarq qilib ochildi. Jumaniyoz ota ham, bobom ham indamay qolishdi. Nurulloning dabdurustdan bergan savoli ularga yoqmaganligini nigohlaridan uqish qiyinmasdi.

— Ular ham inson edi... — Akrom otaning ovozi titradi.

Kutilmaganda bobom o`rnidan turdi.

— Insonlarni irqqa, millatga ajratmanglar. Turlarga ajratmanglar. Shunda urush ko`rmaysizlar, bolam... — bobom butun zal eshitadigan ovozda gapirdi va uzoq fursat joyida tik turdi.

Adabiyot o`qituvchimiz qarsak chalishni boshlagandi biz ularga jo`r bo`ldik. Hatto, Nurullo o`rnidan turib qarsak chaldi. Old qatordagi yigit-qizlar qo`llaridagi gullarni urush qatnashchilariga bera boshlashdi. Men garchi gulsiz kelganimdan xijolat tortsam-da, bobomning yoniga shoshdim va birinchi marta ularni quchdim...

— Bobojon... biz sizni yaxshi ko`ramiz...

Bobom peshanamdan o`parkan, qo`llarimga bitta guldastani tutqazarkan, «Qolganlarini buvingga olib boraman», deya og`ir qadamlar bilan eshik tomon yurdi.

Shoira VAFOEVA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1