AsosiySport

Ravshan Ermatov Braziliyadan Toshkentga etib keldi

O`zbekistonlik FIFA referisi Ravshan Ermatov 16 iyul Toshkent vaqti bilan soat 06:30da Istanbul orqali Toshkentga uchib keldi. Bu haqda O`FF rasmiy sayti xabar bermoqda.

12 iyun - 13 iyul kunlari Braziliyada bo`lib o`tgan futbol bo`yicha navbatdagi jahon chempionatida ishlagan o`zbekistonlik FIFA referisi Ravshan Ermatov va FIFA laynsmeni Abduhamidillo Rasulovlar 16 iyul, chorshanba kuni Toshkent vaqti bilan soat 06:30da Istanbul orqali Toshkentga uchib kelishdi.

O`z faoliyatida ketma-ket ikkinchi Jahon chempionati final bosqichi o`yinlarida ishlagan Ravshan Ermatov va Abduhamidillo Rasulovni Toshkent xalqaro aeroportida futbol jamoatchiligi, O`FF rahbariyati, bir qator OAV hodimlari va ularning yaqinlari kutib olishdi.

Eslatib o`tamiz, FIFA referisi Ravshan Ermatov Braziliyada bo`lib o`tgan mundialda jami to`rtta - Guruh bosqichi 1-turidan o`rin olgan Shveysariya-Ekvador, 3-turi doirasidagi AQSh-Germaniya, 3-tur doirasida Meksika-Xorvatiya, chorak finaldan o`rin olgan Gollandiya-Kosta-Rika uchrashuvlarini boshqarib bordi va ketma-ket ikki Jahon chempionatlarida boshqargan jami 9ta o`yin bilan Jahon chempionatlari rekordini o`rnatgan edi.

Jahon chempionatlari tarixida eng ko`p uchrashuvni boshqarib, bu borada rekord o`rnatgan o`zbekistonlik FIFA referisi har bir o`yin oldidan muxlislar ishonchini oqlashga harakat qilganini alohida ta`kidladi. «Yurtimizga sog`-omon etib kelganimizdan hursandmiz. Jahon chempionatlarida umumiy 9ta o`yin boshqarib rekord o`rnatdik. Bu mamlakatimiz Prezidenti Islom Karimovning «Biz hech kimdan kam emasmiz va kam bo`lmaymiz ham», - deb biz yoshlarga aytgan shiorining amaldagi ifodasidir», - deydi Ermatov.

«Jahon chempionatidagi har bir o`yin oldidan biz mana shu so`zlarni doimo yodimizda saqladik. Har bir boshqargan o`yinimiz oldidan muxlislarimizning duosini sezib turdik va o`zbek futbolining obro`sini ko`tarishga harakat qildik. Final o`yiniga ham bizning tayinlanishimizni ko`pchilik kutgan edi. Biroq vaziyat o`zgardi. Lekin, bu holat bizni o`z ustimizda ko`proq ishlashimizga va navbatdagi jahon chempionatida o`z orzuimiz sari yanada kuchliroq harakat qilishga undaydi», - deydi to`rt karra Osiyoning eng yaxshi hakami.

Jahon chempionati bahslarida Ermatovga qanotda yordam bergan FIFA laynmseni Abduhamidillo Rasulov uchun Braziliyadagi mundial faoliyatidagi ilk jahon chempionati bo`ldi. «Men uchun bu birinchi jahon chempionati bo`ldi. To`rt yil avval o`zbek hakamlari juda yuqori saviyani namoyish etishgandi va bu safar biz ana shu yuqori saviyani saqlashga harakat qildik. Jahon chempionati biz uchun katta tajriba maktabi va bizni qo`llab-quvvatlab turgan barcha insonlarga minnatdorchilik bildiraman», - deydi Rasulov.

    Boshqa yangiliklar