AsosiyShou-biznes

Shahzoda Muhammedova:“Birovning oilasini buzayotganim yo`q!”

Shahzoda Muhammedovaning bolalarcha soddaligi va beg`uborligini yaxshi ko`radiganlar qanchalik ko`p bo`lsa, uni xushlamaydiganlar ham kam emas. Biroq u hech kim bilan munosabatlarni uzishni, “sen-menga borishni istamaydi. Balki shuning uchun ham uni ko`pchilik soxtalikda ayblar. Shahzoda esa uni soxta deyishlaridan charchagan.

Ammo u bugungi suhbatda o`zini doim ma`lum bir qobiqqa solib turuvchi niqobini echdi, dilidagini tiliga chiqardi. Mana bu gapni olib tashlang, bu savolingiz menga yoqmadi qabilidagi e`tirozlarni bildirmadi...

— Shu vaqtgacha men ham sizni juda soxta, rollarida tabiiylik etishmaydi, derdim. Lekin so`nggi filmlaringizda mahoratingiz ancha oshganini payqadim.

— Quloqlarimga ishonmayman! Doim gazetangiz orqali meni tanqid qilardingiz, bugun maqtab qolibsiz?

—  Tanqid qilishimni kutyapsizmi?

— Yo`q, gapimni qaytarib oldim (kuladi). Savolga kelsak, aktrisalik faoliyatimni boshlaganimga 5 yil bo`ldi, o`shanda 18 yoshda edim. Ochig`i, kino nima ekani, rol qanday o`ynalishi haqida tushuncham yo`q edi. Axir hech kim onasidan aktyor bo`lib tug`ilmaydi-ku! O`tgan yillar, ustozlarimning tanbehlari, jurnalistlarning tinimsiz tanqidlari meni ancha tobladi. Ilk o`ynagan rollarimni odamlar “tabiiy emas”, deb tanqid qilishganda labimga uchuq chiqardi. Hozir esa o`sha gaplar to`g`riligini o`zim ham tan olaman.

— Bugun kino olamida aktrisalar ko`paygan, Shahzoda Muhammedovaga non qolmagandek?

— Odamlar meni “Tundan tongacha” filmidagi bananxo`r kelin sifatida yaxshi ko`rgan. Bilmadim, ulg`ayganim sari o`sha beg`uborlik, qizaloqlarga xos xislatlar meni tark etyapti, chog`i. Shuning uchun filmlarimga talab kattamasdir.

— Shahzoda Muhammedovaning o`ziga nisbatan nazorati juda kuchli. Xunuk ko`rinishni istamaydi, odamlar u haqida yomon o`ylashlariga esa yo`l qo`ymaydi.

— Chunki men birinchi navbatda qiz bolaman. Elkamda oilamdagilar: bobo-buvim, yaqinlarim, ukamning or-nomusi turibdi. Bu men uchun har qanday mashhurlik shohsupasidan ustunroq. Kun kelib turmushga chiqaman, oilali bo`laman. Bugun qilgan qaysidir xatoim turmush o`rtog`im, farzandlarimning oldida izza bo`lishimga sabab bo`lishi kerakmas.

— Temur kim?

— Tushunmadim?

— Temur ismli yigitning oilasini buzib yurganingiz haqida gaplar tarqaldi.

— Temurni tanimayman va hech kimning oilasini buzganim ham yo`q. Yodingizda bo`lsa bundan bir necha oy avval tahririyatingizga qo`ng`iroq qilib, shunday gap-so`zlar chiqqani haqida sizlarni ogohlantirgandim.

— Shamol bo`lmasa daraxtning uchi qimirlamaydi!

— (Asabiylashib) Keling, yaxshisi hammasini ochiq-oydin aytib beraman. Bir odam “instagram”da aktrisa Zarina Nizomiddinovaga mening nomimdan qo`pol haqoratlarni yozgan. Zarinaning muxlislari o`sha odamni men deb o`ylab, internet orqali menga turli haqorat-u tuhmatlarni yo`llay boshlashdi. Hatto qo`l telefonlari orqali suratim bilan maqola tayyorlab tarqatishga ham urinishdi. Men Temur ismli oilali yigitning boshini aylantirib yurganmishman. Internet va birovning nomidan foydalanadigan odamlarni deb nomim bulg`angani qoldi.

— Zarina Nizomiddinova bilan ham munosabatlaringiz yaxshi emas, deb eshitgandim?

— (O`ylanib) Ancha vaqt oldin yaqin dizayner dugonam sabab Zarina ikkimiz tushunmovchiliklar qurboni bo`lganmiz. Haligi yaqin dugonam Zarina suratga tushayotgan filmda liboslar bo`yicha rassom bo`lib ishlagan kezlari meni Zarinaga rosa yomonlagan ekan. Menga esa “Zarina seni juda yomon ko`radi”, deb turli g`iybatlarni o`ylab topgan. Ikki o`rtada ancha vaqt Zarina bilan xafalashib yurdik. Vaqt oliy hakam, deb bekorga aytishmaydi. Hozir hammasi iziga tushib ketgan. Doim yonimda yurgan, suyanchig`ingman, deb turgan dugonam shunday ish qiladi, deb o`ylamagandim. Shu-shu san`atkorning do`sti bo`lmasligiga ishonib qoldim.

— Asal Shodieva bilan qalin do`stsiz-a?

— Kim aytdi? Biz Asal bilan hech qachon do`st bo`lmaganmiz.

— Bilaman, atay shunday savol bergandim. Yaqinda xonanda Madina Mumtozning konsertida sahna ortida ikkingizni rosa kuzatdim, hatto bir-biringiz bilan salomlashmadingiz ham?

— Asalni juda hurmat qilaman, har holda bu sohaga mendan avval kirib kelgan. Shuning uchun ham unga doim yaqin bo`lishni istardim. Biror katta marosimlar yoki san`atkorlar davrasida ko`rishib qolsak, Asalning yoniga borib quyuq salomlashsam, u menga shunchaki “salom” deb o`tib ketardi. Bu hol juda ko`p takrorlandi. Shunday keyin Madinaning konsertida men salomlashmasam, balki o`zi birinchi bo`lib ko`rishar, degandim. Chuchvarani xom sanagan ekanman. Hamma bilan ko`rishdi-yu, lekin mening yonimdan indamay o`tib ketdi. (O`ylanib) Yana kim bilsin, balki ko`rmagandir.

— Shahzoda san`atda yo`lni pulning kuchi bilan ochibdi, degan gaplarga qanday qaraysiz?

— To`ppa-to`g`ri, rad etmayman! Yo`q, iqtidoring bo`lmasa bari bir pul, deyishimni kutyapsizmi? Bugun san`atda 50 foiz iqtidor, 50 foiz mablag` rol o`ynayapti. Buni to`g`ri qabul qilish kerak. Har bir sohada iqtidoringizni yuzaga chiqarish uchun etarli mablag` kerak, jumladan san`atda ham.

— Nega onangiz doim yoningizda yuradi?

— San`atga kirib kelishimda onamning xizmatlari beqiyos! Holbuki, oilamizdagilarning hammasi san`atkor bo`lishimga qarshi bo`lishgan. Rahmatli dadam “huquqshunos bo`lasan”, derdilar. Lekin taqdir ekan. Agar filmlarda rol ijro etayotganimda onam yonimda bo`lsalar, o`zimni engil his qilaman.

 — Dadangiz haqida sira gapirmagansiz.

— Otam o`n ikki yoshimda olamdan o`tganlar. Uyda katta farzand bo`lganim uchunmi otam ham, onam ham meni erkalatishganini eslolmayman. Otam huquqshunos bo`lsalar-da, juda chiroyli rasmlar chizardilar. Dizaynerlik qobiliyatim u kishidan o`tgan.

— Aktrisa Shahzodaning to`ylarga borib, qo`shiq kuylashi odamlarga erish tuyulyapti...

— Asli qo`shiqchi bo`laman, deb niyat qilgandim. Oilamdagilar ko`nmagani uchun faoliyatimni aktrisalikdan boshlaganman. To`ylarga borishning nimasi yomon? Odamlarning yaxshi kunida xizmat qilyapman, axir. Eng muhimi, xalq xizmatlariga o`zimcha kirib borayotganim yo`q, to`y egalari yaxshi niyatlar bilan taklif qilishyapti. Ha, darvoqe, sizlarga erish tuyuladigan va hayratga soladigan narsalar oldinda.

— Ya`ni?

— Bu haqida keyingi suhbatlarda gaplashamiz. Ko`ramiz, o`shanda meni nima deb tanqid qilarkinsiz?..

Qamariddin ShAYXOV suhbatlashdi

    Boshqa yangiliklar