Bir necha yillardan buyon Bexterevo kasalligi bilan og`riyman. Qilmagan muolajam qolmadi. Bo`g`imlardagi og`riqdan halovatim yo`q. Kasallikning mutloq davosi bormi?
Otabek. Namangan shahri
Murojaatlaringizga tibbiyot fanlari nomzodi, vertebrelog Baxtiyor Jo`raev javob beradi...
Erkaklarda ko`proq uchraydi
Bextereva xastaligi tibbiyotda umurtqalar kanallari va umurtqa bo`zg`imlarida harakatning cheklanishi holatiga aytiladi. Ko`pchilikka u ankiloziruyushis spondiloartrit nomi bilan yaxshi tanish. Xastalik umurtqa bo`g`imlarida o`zgarishni keltirib chiqarib, og`riq va harakat faoliyatining sustlashishi va jiddiy asoratlarda bo`g`im qotib qolishiga olib kelishi mumkin. Bexterevo kasalligining boshlang`ich, o`rta va og`ir darajalari uchraydi. Belgisi va holatiga ko`ra shifokor nazoratida aniq tashxis qo`yilishi mumkin.
Ma`lumotlarga ko`ra, ushbu xastalik ayollarga qaraganda erkaklarda ko`proq kuzatiladi.
YuZAGA KELISh SABABLARI...
Kasallikning yuzaga kelish sabablari to`liq o`rganilgan emas. Ba`zi taxminlarga ko`ra nasliy moyillik asosiy omil bo`lsa, boshqa xulosalarga qaraganda organizmdagi surunkali infeksiyalar (asosan oshqozon-ichak va peshob yo`llari infeksiyalarida yuzaga keladiganlari) bo`lishi mumkin. Shuningdek, kuchli stress, tayanch-harakat tizimi jarohatlari ham kasallikka sabab bo`lishi qayd etiladi.
TO`G`RI TAShXIS
Xastalikka tashxis qo`yish uchun rentgen tekshiruvi, magnito rezonans tomografiya tekshiruvi hamda umumiy qon tahlilining maxsus tekshiruvi amalga oshiriladi. Bexterevo belgilari umurtqa va bo`g`im kasalliklariga oid boshqa xastaliklarga o`xshash bo`lgani tufayli bemor og`riq xarakterini tushunmasligi mumkin. Xo`sh, kasallikni o`tkazib yubormaslik uchun nimalarga ahamiyat berish kerak? Dastlab:
- Harakat erkin emasligi, dumg`aza suyagidan dumba sohasiga tarqaladigan og`riq. Asosan tungi mahal qo`zg`alishi mumkin;
- Tovon suyagidagi surunkali og`riq;
- Umurtqa suyagining ko`krak sohasidagi og`rig`i va harakat cheklanishi;
- Uzoq muddat bir xil ko`rinishda o`tira olmaslik;
Shunisi muhimki, og`riq hissi har doim ham umurtqadan boshlanavermaydi. Bezovtalik qo`l-oyoq bo`g`imlari (revmatoid artrit kabi), ko`z yallig`lanishi, aorta tomiri yoki yurak bezovtaligi bilan ham namoyon bo`lishi mumkin. Gohida kasallik yashirin belgilar bilan kechib, hech qanday bezovatalik tug`dirmaydi. Tasodifiy rentgen tekshiruvidagina xastalik alomatlarini uchratish mumkin.
OG`RIQ BELGI BERSA...
Xastalik avj olgani sayin umurtqalar va katta bo`g`im, (tizza, son chanoq, elka, tirsak) harakatchanligi sustlashib, yonga, orqa yoki old tarafga egilganda qattiq og`riq yuzaga keladi. Kasallik boshlanishi asosan bo`g`imlardagi og`riqlardan bo`ladi. Chuqur nafas olish, yo`talish hamda aksa urish ham organizmga og`irlik qila boshlaydi. Agar ushbu belgilar bir necha oy davomida bezovta qilsa, albatta mutaxassisga uchrab, davolaning. Zero o`z vaqtida davolanmaslik va shunchaki og`riqsizlantiruvchi preparatlar bilan kifoyalanish mutloq harakatsizlikka olib kelishi ham hech gap emas. Kasallik o`tkazib yuborilganida bemor gavdasi oldinga egilgan holatda bukchaygan ko`rinishga kirib, umurtqa suyagi qiyshaygan, bosh oldinda, tizza bo`g`imlari bukilib qoladi.
DAVOLASA BO`LADIMI?
Mutaxassis ko`rigida kerakli tahlil tekshiruvlari bajarilgach, kasallik darajasi va holati aniqlanadi. Shunga ko`ra kompleks tarzidagi muolaja buyurilishi mumkin. Bo`g`im yallig`lanishiga qarshi dori vositalari, og`riqsizlantiruvchi preparatlar, fizioterapiya, uqalash, manual terapiya hamda davolash gimnastikasi asosiy davo choralaridir. Bundan tashqari shifokor nazoratida mushaklarni bo`shashtirishni ham o`rganish zarur. Chunki kasallik vaqti og`riqdan mushaklar taranglashadi. Muolaja davomiyligida bemorning umumiy ahvolidan kelib chiqib, nafas mashqlari, joyida turgan holatda yurish, suv sporti kabilar ham kiritilishi mumkin. Mutaxassislar fikricha, davolash vaqti yotoq matrasi qattiq bo`lib, umurtqa suyagi tekis joylashishi lozim.
Bextereva kasalligida asosiy e`tibor muolajani to`g`ri bajarishdir. Zero tartib bilan bajarilsagina keyingi asoratlarini oldini olish mumkin. Aks holda esa kasallik qaytalanishi ham extimoldan xoli emas.
Takrorlanmasligi uchun
Bexterevo bilan og`rigan bemorlarga qo`yiladigan asosiy talablardan biri sog`lom turmush tarziga rioya etish bo`ladi. Vazn ortmasligini nazorat qilish, har kunlik badantarbiya mashqlarini bajarish, suzish, turnikka osilish, foydali mahsulotlar bilan oziqlanish, shamollash, infeksiyali xastaliklardan himoyalanish ayniqsa muhimdir. Sovuqsirash, oyoqdan zax o`tishi, og`ir yuk ko`tarish hamda tan jarohatlaridan saqlanish lozim.
Dildora Yusufbekova tayyorladi
BO`G`IMLAR XASTALANMASLIGI UChUN
1.ILVIRA (XOLODES) EGULIGI. Tarkibida ko`plab jelesimon moddalar bo`lib, bo`g`im tog`ay to`qimasining elastikligi uchun foydalidir. Bir oyda 2-3 marta mol go`shtining oyoq qismidan tayyorlangan ilvira tayyorlab, iste`mol qilish mumkin
2.BULG`OR QALAMPIRI. Ushbu poliz ekinida askorbin kislotasi yuqori bo`lib, mayda tomirlar tonusini faollashtiradi. Kunora qizil va yashil bulg`or qalampirini xomligicha iste`mol qilish maqsadga muvofiqdir.
3. SARIMSOQ PIYoZ. Fitonsidlar hisobiga bo`g`im yallig`lanishiga davo bo`ladi. Avvaldan bo`g`im kasalliklari bilan og`rigan bemorlar uchun ayniqsa koni foyda.
4. ShIVIT, PETRUShKA KO`KATLARI. K vitaminiga to`yinganligi bois to`qimalar yangilanishiga ko`mak bo`ladi. Taom va eguliklarga mazkur ko`katlardan qo`shib, iste`mol qiling.
5. AVAKADO. Foydali yog`lar tog`ay qatlamining ingichkalashishini oldini oladi. Imkon qadar xaftada bir marta avakado mevasidan tanovul qilish mumkin.
6. EChKI SUTI, TVOROG. Kalsiy moddasi yuqori bo`lgani sabab, bo`g`im va suyaklar uchun foydali. Nonushtaga 100 gr tvorog, kechki mahal esa yog`siz sut ichishga odatlaning.
7. OLChA. Bo`g`imlarda to`planib qolgan tuzlarni parchalanishida asqotadi. Shuningdek, olchadan tayyorlangan sharbatlar organizmdan tuzni chiqarib tashlash hususiyatiga ega.