1

Shaftoli va po`rtaxol (Hikoya)

Mutolaa 28.05.2018, 22:58
Shaftoli va po`rtaxol (Hikoya)

Asal oyi ayni avjida edi. Yangi alvon gilam, kungurali pardalar kvartirani bezab turar, oshxona yog`och panelining turtib chiqqan joyiga qalay qopqoqli olti dona pivo idishi qo`yilgandi. Yosh kelin-kuyov hali ham o`zlarini samoda suzib yurgandek his qilishardi. Unisi ham, bunisi ham "ariq bo`yidagi o`tlar orasida navro`zgulning sarg`ayganini" ko`rmagandi; agar bunday manzara ularning ko`z o`ngilarida namoyon bo`lganda ham, shoir fikricha, gullayotgan navro`zgulni kuzatib turgandek qarab qolishardi.

Yosh kelin oromkursida o`tirar, oyoqlari esa erga tegib turardi. U shirin hayollarga cho`mgandi. Uni Grenlandiya, Bajuliston va Tasmaniya orolida Kichkintoy Mak-Garri bilan bo`lgan to`ylari yuzasidan nimalar deyishayotgani haqidagi fikr band qilgandi. Lekin buning ahamiyati yo`q. Londondan to Janubiy Xoch yulduzigacha Kichkintoy Mak-Garriga qarshi o`rta vaznda to`rt soatga teng to`rt raund turib bera oladigan bironta bokschi topilmasdi. Mana uch haftadan buyon Kichkintoy Mak ungagina tegishli; jimjalog`ini tekkizsa bas – xatto mashhur "ring qirollari"ning mushti unga qarshi ojiz bo`lgan kimsa ham gandiraklab ketadi.

Biz o`zimiz sevgan paytimiz "sevgi " so`zi o`zini-o`zi qurbon qilishning sinonimi bo`lib tuyuladi. Devor ortidagi qo`shnilarimiz sevganda esa bu so`z kalondimog`lik va surbetlikni anglatadi.

Yosh kelin tuflidagi oyoqchalarini chalishtirib, Kupidonning[1] surati solingan shiftga o`ychan boqdi.

– Azizim, – dedi u, Rim uning huzuriga asl holatida keltirilishi uchun Antoniyga istak bildirgan Kleopatraday. – Azizim, shaftoli esam bo`larmidi?

Kichkintoy Mak-Garri o`rnidan turib, palto va shlyapasini kiydi. U jiddiy, kelishgan, ko`ngilchan va zehni o`tkir edi.

–Xo`p, mayli, – dedi u sovuqqon, go`yo gap Angliya chempioni bilan bo`ladigan match shartnomasiga imzo chekish haqida ketayotgandek. – Hozir olib kelaman.

– Faqat uzoq qolib ketma, – dedi kelin. – Aks holda o`zimning yaramas kichkintoyimni sog`inib qolaman. Yaxshisidan, pishganidan olgin.

Uzoq va qaynoq xayrlashuvdan so`ng Kichkintoy ko`chaga chiqdi.

Ko`chada u biroz o`ylanib qoldi. Chindan ham, erta bahorda rutubatli ko`cha va rastalar orasidagi sovuqda yozning orziqib kutilgan oltindek sap-sariq lazzatli tuhfasini topish amrimahol bo`lib tuyuldi.

Meva sotuvchi italyanning do`koni joylashgan muyulishga etgach to`xtab, papiros qog`ozga o`ralgan tog`-tog` apelsin, yarqiragan qirmizi olma va quyosh nurlarini sog`ingan rangpar bananlarga nafrat bilan nazar tashladi.

– Shaftoli bormi? – oshiqlarning oshig`i Dantening vatandoshiga murojaat qildi.

– Yo`q, sinor, – xo`rsindi sotuvchi. – Bir oydan keyin bo`ladi. Man, yaxshigina apelsinlar bor. Olasizmi apelsin?

Kichkintoy javob bermay izlashda davom etdi. U o`zining qadrdon do`sti va muxlisi Jastes O’Kellexen o`zida arzon restoran, tungi klub va kegelbanni[2] jamlagan korxona sohibi huzuriga yo`l oldi. O’Kellexen o`z o`rnida ekan. U restoran bo`ylab tartib o`rnatib yurardi.

– Shoshilinch ish chiqib qoldi, Kel, – dedi unga Kichkintoy. – Bizni kampirning miyasiga shaftoli eyish kelib qolibdi. Shuning uchun senda aqalli bir dona shaftoli bo`lsa ham bu yoqqa uzat. Agar ko`proq bo`lsa bir necha dona ber – asqotib qoladi.

– Butun uyim sening xizmatingda, – javob berdi O’Kellexen. – Faqat unda shaftoli topilmaydi. Hozir mavsumi emas. Hatto Brodveyda ham yilning bu vaqtida shaftoli topish dargumon. Senga achinaman, do`stim. Agar ayol kishining ko`ngli biron nimaga ketsa, boshqasini emas, aynan o`sha narsani keltirib berish kerak-ku. Vaqt ham allamahal bo`lib qoldi, eng yaxshi meva do`konlari ham allaqachon yopilgandir. Balki, xotining apelsinga ko`nar? Hozirgina bir quti sara apelsinlarni qabul qilib oldim, shunday ekan agar…

– Yo`q, Kel, rahmat. Match sharti bo`yicha shaftoli talab qilinadi, boshqa narsa qabul qilnmaydi. Hay, mayli, boshqa erdan izlab ko`ray-chi.

Kichkintoy g`arbiy avenyularning biridan chiqqanda vaqt yarim tunga yaqinlashib qolgandi. Do`konlarning ko`pi allaqachon yopilgan, ochiqlarida ham shaftoli haqida og`iz ochishi bilan xoxolab yuborishay deyishdi.

Axir, qaerdadir, baland devorlar ortida, mehmonxonada kelinchak kutib o`tiribdi. Nahot, unga o`rta vazn toifasidagi chempion shaftoli topib keltirolmasa? Nahot, u suyuklisini sariq yoki pushtirang shirin meva bilan sevintirish uchun fasllar, ob-havo to`siqlarini hatlab o`tolmasa?

Oldinda er yuzidagi to`kin hayotning barcha bo`yoqlari bilan jilolanib turgan yorug` vitrina ko`rindi. Ammo Kichkintoy ichkarida chiroq o`chganini payqamay qoldi. U kuchi boricha yugurib, do`kon eshigini qulflayotgan meva sotuvchisini quvib etdi.

– Shaftoli bormi? – so`radi u dadillik bilan.

– Qiziqmisiz, ser! Ikki-uch haftadan keyin bo`ladi, undan vaqtli emas. Hozir butun shahardan ham izlab topolmaysiz. Agar biror erda bir necha dona bo`lsa ham ular issiqxonaniki, aynan qaerdan izlash kerakligini ham aytolmayman. Topilsa ham pullarini qayoqqa qo`yishni bilmaydigan boyvachchalar turadigan eng qimmat mehmonxonalardan birida topiladi. Mana, agar ma`qul bo`lsa, mazali apelsinlarni taklif qilishim mumkin, bugun paraxodda bir partiya keltirildi.

Keyingi muyulishga etgach Kichkintoy bir zum o`ylanib qoldi, keyin qorong`u tor ko`chaga burilib, eshigi oldida yashil fonarli uy tomon yurdi.

– Kapitan shu erdami? – so`radi u navbatchi polisiyachi serjantdan.

Shu payt kapitanning o`zi navbatchining orqasidan lop etib chiqdi.

– Omonmisiz, Kichkintoy! – kapitan qarshi oldi bokschini. – Men sizlarni to`y sayohatidamisizlar deb o`ylabman.

– Kecha keldim. Endi men Nyu-York shahrining doimiy fuqarosiman. Hatto munisipal faoliyat bilan shug`ullansam kerak. Menga ayting-chi, kapitan, bugun tunda Denver Dikning idorasini bosishni xohlarmidingiz?

– Qo`lga tushdi-ku! – dedi kapitan mo`ylabini burab. – Denverni ikki oy avval to`xtatishgandi.

– To`ppa-to`g`ri, – kapitanning fikriga qo`shildi Kichkintoy. – Ikki oy oldin Rafferti uni Qirq Uchinchi ko`chadan siqib chiqargandi. Endi esa u sizning uchastkangizga o`rnashib olibdi. Hozir unikida har qachongiga qaraganda kata o`yin ketyapti. Denver bilan alohida hisob-kitobim bor. Xohlasngiz uning oldiga olib borishim mumkin.

– Mening uchastkamda? – o`dag`ayladi kapitan. – Bunga ishonchingiz komilmi, Kichkintoy? Agar shunday bo`lsa, buni siz tomondan katta xizmat deb bilaman. Nima, sizga parol ma`lummi? U erga qanday qilib kiramiz?

– Eshikni buzib, – dedi Kichkintoy. – Eshikka temir qoplab ulgurishganicha yo`q. O`zingiz bilan o`n kishi olvoling. U erning eshigi men uchun bekiq. Denver meni tinchitmoqchi bo`ldi. U o`ylayaptiki, o`tgan safar men uni tutib berdim. Vaholanki, u adashyapti. Lekin siz shoshiling, kapitan. Vaqtliroq uyga qaytishim kerak.

O`n daqiqa o`tar-o`tmas kapitan va uning itoatkorlari yo`lboshchilari ortidan kunduzi o`nlab obro`li firmalar o`z ishlarini bitiradigan, ko`rinishidan butunlay kamtarona binoning qorong`u pod`ezdiga kirib ketishardi.

– Uchinchi qavat, yo`lakning oxirida, – asta shivirladi Kichkintoy. – Men oldinda boraman.

Bolta bilan qurollangan ikki barvasta yigit u ko`rsatgan eshik oldiga turishdi.

– Ichkarida jimjitlik, shekilli, – shubha bilan gapirdi kapitan. – Adashmaganingizga ishonchingiz komilmi o`zi, Kichkintoy?

– Buzinglar eshikni, – javob o`rniga buyruq berdi Kichkintoy. – Agar adashgan bo`lsam, o`zim javob beraman.

Boltalar tasir-tusur bilan himoyasiz eshikka urila boshladilar. Eshik yorig`idan yorug` nur tushdi. Eshik ag`darilishi bilan qurshov ishtirokchilari revolverlarini shaylab ichkariga bostirib kirishdi.

Keng zal G`arblik xo`jayinning didiga mos shovqin-suronga to`la edi. Bir necha stolda o`yin ketardi. Zaldagi elliktacha ishqibozlar nima qilib bo`lsada polisiya qo`lidan qochib qutulish uchun chiqish yo`lagiga yopirilishdi. Polisiya tayoqlari ishga tushdi. Biroq o`yinchilarning ko`pi qochishga ulgurishdi.

Bu kecha Denver Dik qimorxonada o`zining alohida ishtiroki bilan iltifot ko`rsatdi. U son jihatidan ustunlik qurshov ishtirokchilarini yanchib tashlashini hisobga olib chaqirilmagan mehmonlarga birinchi bo`lib tashlandi. Lekin Kichkintoyga ko`zi tushgan zahoti u ortiq hech kim va hech narsani o`ylamay qo`ydi. Ulkan og`ir sportchiday shavq bilan ko`rinishidan ancha nozikroq dushmaniga otildi, ikkalasi ham bir-biriga chirmashgancha zinadan pastga dumalab ketdi. Ikkinchi qavat maydonidagina va nihoyat, ular ajralishib, oyoqqa turishgach, yigirma ming dollarlik molni yo`qotish xavf solib turgan iki yuz funt og`irlikdagi kuchli hayajondagi havaskor uni quchog`ida kuch bilan qisib turar ekan, chorasiz qolgan Kichkintoy o`zining professional mahoratini ishga soldi.

Raqibini bir yoqli qilgach Kichkintoy yuqoriga otildi va qimorxona zalida yugurib o`tib, darvoza bilan ajratilgan kichikroq xonada paydo bo`ldi.

Bu erda omad risarlarini to`ydira oladi deb hisoblanadigan qimmatbaho chinnilarda tansiq taomlar bilan to`ldirilgan uzun stol turardi. Stolning tashqi ko`rinishi g`arbiy shtatlardan birining poytaxtidan kelgan jentlmenning nozik didini aytib turardi.

Polgacha osilib turgan oppoq dasturxon tagidan qirq beshinchi o`lchamdagi loklangan shtiblet[3] chiqib turardi. Kichkintoy unga yopishdi va chiroq yorug`ida frak hamda oq galstukdagi negr-ofisiantning yuzi paydo bo`ldi.

– Tur o`rningdan, – buyruq berdi Kichkintoy. – sen shu "emxona"da ishlaysanmi?

– Ha, ser, ishlardim. Nahot, bizni yana qo`lga tushirishgan bo`lsa?

– Shunaqaroq. Endi javob ber: bu erda, senda shaftoli bormi? Agar yo`q bo`lsa, mening hisobimga nokaut yoziladi.

– O`yin boshlanganda menda uch dyujina[4] shaftoli bor edi, ser. Ammo jentlmenlar bitta ham qoldirmay hammasini paqqos tushirishdi, deb qo`rqaman. Balki, sara va yangi apelsin eyishni maqul ko`rarsiz, ser?

– Hamma yoqni ostin-ustun qil, – qatiy buyurdi Kichkintoy, – lekin qo`limda shaftoli bo`lsin. Agar bugun yana kimdir menga apelsindan ogiz ochsa, urib o`ldiraman.

Denver Dikning qimmatbaho saxiyligi bilan to`ldirilgan stoldagi sinchkov tintuv tasodifan qimor shinavandalarining mazaxo`rak og`zidan qutulib qolgan yagona shaftolini topishga yordam berdi. U shu zahoti Kichkintoyning cho`ntagiga tushdi va bizning tinim bilmas "furajir"imiz[5] o`ljasi bilan ortiga qaytdi. Ko`chaga chiqqach, u hatto kapitanning odamlari asirlarni polisiya furgoniga tiqishayotgan tomonga qayrilib ham qaramasdan uyi tomon tez-tez odimlab ketdi.

Uning ko`ngli endi hotirjam bo`lgandi. Dumaloq Stol risarlari go`zal xonimlari sharafi uchun ko`plab xavf-xatarlarni boshlaridan o`tkazib, qahramonliklar ko`rsatib Kamelotga ana shunday qaytishardi. Ularga o`xshab Kichkintoy ham o`zining suyuklisidan buyruq olib, uni bajara oldi. To`g`ri, ish faqatgina bir dona shaftoliga borib etdi, biroq yarim tunda, buning ustiga fevral qorlari bilan "kishanlangan" shaharda bu shaftoli qahramonlik bilan qo`lga kiritilmadimi? Axir, u shaftoli so`radi, axir, u Kichkintoyning rafiqasi-ku; mana shaftoli Kichkintoyning cho`ntagida, tushirib yubormaslik va yo`qotib qo`ymaslikdan qo`rqib ushlab turgan kaftida isib yotibdi.

Yo`l-yo`lakay Kichkintoy tungi aptekaga kirib, ko`zoynak ortidan savol nazari bilan tikilib qolgan aptekachiga dedi:

– Quloq soling, agar xizmat bo`lmasa, qovurg`alarimni tekshirib ko`rishingizni xohlardim, butumnikin. Og`aynim bilan biroz tortishib qolib, bir yoki ikki qavatli zinapoyalar bilan hisoblashishimga to`g`ri keldi.

Aptekachi uni diqqat bilan tekshirib ko`rdi.

– Qovurg`alaringizning hammasi butun, – xulosa qildi u. – ammo mana bu eringiz momataloq bo`libdi, aftidan, sizni osmono`par binodan yiqilgansiz deb aytish mumkin, bir marta emas, kam deganda ikki marta.

- Ahamiyati yo`q, - dedi Kichkintoy. - Men sizdan faqat kiyim cho`tka so`rayman.

Pushtirang abajurli chiroqning yorug` nuri ostida kelinchak uni kutib o`tirardi. Yo`q, hali mo`jiza ro`y bergani yo`q. Mana, nima istayotganini bir og`iz so`z bilan aytsa bo`lgani – bu arzimagan narsa bo`la qolsin: gulmi, anormi yoki e, ha, shaftoli - eri tun qo`yniga kirib, uning istagini bajo keltiradi.

Darhaqiqat, mana, u suyuklisining kreslosiga egilib, qo`liga shaftoli tutqazdi.

– Yaramas kichkintoyim! – oshiqona ming`illadi kelinchak. – Nahotki, shaftoli so`ragan bo`lsam? Men jon deb apelsin egan bo`lardim.

Baxtli bo`l, kelinchak!



[1] Kupidon – sevgi ma`budi (yun. mif.)

[2] Kegelban – kegli o`ynaladigan joy (ma`lum tartibda tikilgan figuralarni shar yumalatib yiqitish o`yini).

[3] Erkaklar bog`ichli botinkasi.

[4] Dyujina – 12 dona.

[5] Furajir – em-xashak tayyorlovchi.


O. Genri


Rus tilidan Saidjalol Saidmurodov tarjimasi.


Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1