O`zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo futbol bo`yicha jahon chempionati uchrashuvlarini boshqargan Ravshan Ermatovga atab she`r yozdi. She`r matni «Xalq so`zi» gazetasining saytida e`lon qilindi. Quyida mazkur she`r matnini e`tiboringizga havola etamiz.
Adolat hushtagi
Tartib va qoida shartdir har ishda,
Kim g`irromlik qilar, kimdir shoshilar.
Dunyoning yarmini aylab sarishta
Hakamlik qilganlar Qaffol Shoshiylar.
O`ziga qaratib olam elini,
Hukmini o`tkazib, joyi-joyida,
Arabga o`rgatgan arab tilini
Zamaxshariy bobo tuzgan qoida!
Teran tomirlarga tutash ildizlar,
Noming elda doston bo`lib yuribdi.
Futbol qiroliman, degan yulduzlar
Bitta hushtagingga qarab turibdi.
Istiqlol farzandi tushsa maydonga,
OTA o`g`illigi bilinib turgay.
Halollik bongini urib jahonga,
Adolat hushtagi chalinib turgay!
Eslatib o`tamiz, 25 iyul kuni FIFA hakami Ravshan Ermatov "El-yurt hurmati" ordeni bilan mukofotlandi. Shuningdek, Ermatovga "Malibu", qanot hakami Abdulhamidullo Rasulovga esa "Orlando" avtomobili sovg`a qilindi.
Eslatib o`tamiz, Ermatov boshchiligidagi hakamlar guruhi Braziliyadagi mundialning 4ta o`yinida ishlashdi. Ravshan Ermatov brigadasi jahon chempionatlari tarixida 9ta uchrashuvda ishlab jahon rekordini o`rnatdi.





