AsosiyShou-biznes

Botir Qodirov: “Salomatman, ichkilikka ham mukkamdan ketganim yo`q”

Bu xonandaning muxlislari bugun respublikamizning deyarli barcha hududida topiladi. U atrofidagi mish-mishlarga har qancha ko`nikmasin, ularning tinishiga hech kim kafolat bermaydi.  Suhbatimiz Botir QODIROVning ofisida bo`ldi. Labirintlardan kichik hovliga o`tdik, u er isiriq isiga to`la” edi...

— Botir aka, xorij, xususan, Dubayga serqatnov bo`lib qolgansiz. Bu yurishlar tijoriymi yoki ijodiy?

— Azaldan sayohatlarni yaxshi ko`raman. Boshqa davlatlarning san`ati, madaniyati, urf-odatlariga qiziqaman. Lekin shu kungacha yurtimdek go`zal va hushhavo zaminni uchratmadim. Yurishlarimning tijorat emas, ijodiy sabablari bor. Ammo asl maqsad dam olish edi. San`at odamdan bir vaqtni o`zida ruhiy, jismoniy va hissiy kuchni talab etadi. Yurak tinimsiz “ishlaydi”, bu esa o`z-o`zidan asablarni zo`riqtiradi. Dam olish keyingi ijodiy parvozlar uchun zarur.

— Bu safarlar turli xil mish-mishlarni “bolalatdi”. Sog`ligingiz bilan bog`liq sovuq “tashxislar”ni nazarda tutayapman.

— Bu men haqimdagi birinchi g`iybat emas. Oxirgi safarim oldidan “O`zbeknavo”dan ozgina shamollaganim uchun javob olgandim. Muxlislar orasida esa “tobi yo`q, Dubayda”, degan gap tarqalgan. Xudoga shukr, salomatman, ruhiy ahvolimdan shikoyatim yo`q, qolaversa ichkilikka ham mukkamdan ketganim yo`q. Yana to`yda kimdir meni urganmish... bularning barchasi bo`lmagan gaplar! Aslida bu kabi gap-so`zlarga sira g`ashim kelmagan. Shunchaki, yaqinlarim havotirga tushib qolishadi. Kuni kecha xolam Andijondan kelib “Botir, yaxshimisan? Senga surmami-o`smami ichirib qo`yishibdi...” dedi (kuladi). Muhimi, shunday jarayonlarda odam o`zini yo`qotib qo`ymasligi! Tushunmayman, san`atkorning kasal bo`lishga haqqi yo`qmi?! Yil 365 kun salomat yurishimizga kafolat berib bo`lmaydi-ku!

Viloyatdagi to`ylarni bekor qilganingiz ham balki mish-mishlarning “bo`yini baland” qilgandir?

— Ikkita to`y o`z-o`zidan bekor qilingani yo`q. Baland harorat bilan qanday qilib xizmatni risoladagidek o`tkazish mumkin?! Qattiq shamollaganim uchun to`y egasini belgilangan kundan ancha oldin ogohlantirdik. Qolaversa, “biz borolmaymiz, o`rnimizga kimni gaplashib beraylik?” degan taklifni ham aytdik. Kechirasiz-u, ba`zi san`atkorlar to`y kuni “otkaz” qiladi. Kimgadir va`da berib, keyin ko`proq pul bergan tomonga og`adiganlardan emasman. Agar o`sha to`y bekor qilingan kuni boshqa xizmatga borganimni eshitgan bo`lsa, nima desa roziman. Lafz, va`da tushunchalari qon-qonimga singib ketgan. Onam rahmatli o`limidan avval “boraver, seni xalq kutayapti”, deb meni safarga kuzatgandi. Onam san`atning mas`uliyatini menga uqtirib ketgan.

Viloyatlarga kam boryapsiz, Toshkentdan etarlicha mablag` yig`ilyapti, shekilli?

(Kulib) Bu ijodiy uslubimning o`zgarishi bilan bog`liq. O`n to`rt  yildan beri Toshkentda muqim yashayman. Talab qaerdan ko`p bo`lsa, aynan o`sha erda bormiz. Shahardagi xizmatlarning qulayligi shundaki, ertalab oilam bilan nonushta qilaman, bolalarimni bog`cha-maktabga olib boraman. Keyin studiyada ishlash imkoniyatim kengayadi, qolaversa suzishga borish uchun fursat topaman. Bu viloyatlarga butunlay bormaymiz, degani emas. Ijodimdan kelib chiqib harakat qilaman. Lekin ijodiy guruh bilan kelishib bitta viloyatdan 3-4 ta to`y olib, bir soatdan xizmat olishga qaror qildik. Bu to`y egasiga ham qulay, bir soatlik xizmat bilan “navbatchilik”ning narxi ancha farq qiladi.  

— Mish-mishlar ijodga kirib kelishingiz bilan boshlangan edi, hamon davom etayapti. Yaxshimi-yomonmi g`iybat bu g`iybat! Irodangiz pand berib qo`yishidan qo`rqmaysizmi?

— Yo`q, ichki himoyamga ishonaman. Har bir gap-so`zga vaqt sarflamayman. Yaxshisi, e`tiborimni ijodga qaratganim ma`qul.

— Ijodingizda ham yangiliklar “qaynamayapti”, Munisa Rizaeva bilan aytilgan duetdan keyin yangi qo`shiq eshitmadik?

— Azaldan har kuni yangi qo`shiq yozadiganlar qatorida bo`lmaganman. Odamlar bir qo`shiq taqdim qilgach, ikki qadam oldinga yursa, men ikki qadam orqaga yuraman. Pastdan o`zimni kuzataman, natija qanday, bu shuhrat qachongacha davom etadi? Shu savollarga javob topgachgina yurishni boshlayman.

O`ychi o`yini o`ylaguncha, tavakkalchi ishini bitiradi...

— Men o`ychilardanman! Ba`zida tavakkal ham qilaman, lekin juda kam hollarda. Shogirdlarimga ham o`ylab qilingan ishning natijasi chiroyli bo`lishini tayinlab kelaman.

— Ustoz-shogird an`anasi bugun ancha yosharib ketgandek, nazarimda?

— To`g`ri, aytdingiz. Lekin professional san`atkor “shogirdlikka oling”, deb kelgan yoshlarga to`g`ri yo`lni ko`rsata olishi muhim. Ana shu nuqtada ustozlikning hadisi bilinadi. Agar sizga havas qilib kelganlarning iste`dodi, kelajagini ko`ra olmasangiz, uning umrini zoe ketishiga  sababchi bo`lasiz. “Boshqa ish qilganing ma`qul”, degan gapni ham o`rnida ayta bilish zarur. Bu manmanlik bilan emas, to`g`ri maslahat o`rnida aytilsa maqsadga muvofiq bo`ladi.

Sizga kimdir “boshqa ish qilganing ma`qul”, degan qabilida maslahat berganmi?

— Aksincha, “boshqa ish qilsammikan?” deganimda, aynan san`at yo`lidan borishimni maslahat berishgan.

Iste`dodlar ko`p, ammo “ketmoni uchmagan”lar ham. Sizningcha, omad odam tanlaydimi?

(O`ylanib) Qiyin savol. Buni faqat Yaratgan biladi.

Davringiz keldi, ammo foydalana olyapsizmi?

— Albatta! Axir hammasiga mehnat bilan erishdim. Nega foydalanmasligim kerak?! Imkon qadar eng yuqori nuqtasigacha unumli foydalanish kerak.

Mashhursiz, sevimlisiz, tanishadi. Tasodif sababmi sizni ilg`amay, tanimay qolishsa?

— Bu fojea emas! Lekin “yulduzlik”ka intilamiz, erishgach elkaga katta mas`uliyatni olamiz, tan olish kerak ba`zida charchaymiz, bezamiz. Lekin hech qachon voz kechgingiz, bu fursatni har qancha qiyin bo`lmasin qo`ldan bergingiz kelmaydi.

Vijdoningiz oldida uyalmaysizmi?

— Xatolarim bor, lekin ularni takrorlamaganman!

Suhbat davomida o`zingizga nisabatan ishonchingiz yaqqol sezildi. Ichki himoyangizga havas qilsa bo`ladi. Bu bugunning natijasi emas.

— Bolalimdan shundayman. Berilgan tarbiyaning natijasi bo`lsa kerak.

Balki men adashayotgandirman, lekin ichki himoya chizig`ingizga “hech kimni meni  xafa qilishga haqqi yo`q”, degan yozuvlar yozilgandek?

— Faqat Xudodan qo`rqaman! Hayotimdagi yaxshi kunlar uchun shukr qilib, yomon lahzalarda sabr so`rab o`rganganman.

Xulosa o`rnida: Birgina suhbat davomida qat`iy xulosa qilib bo`lmaydi. Lekin baribir taassurot bo`lishi tabiiy. Talabchan, o`ziga va o`zgalarga nisbatan aniq munosabatni hush ko`radigan xonandaning hayotiy prinsiplari “yasama” emas. Ozgina manmanlik (me`yorida), o`ziga yarashadigan g`ururini inkor etib bo`lmaydi. Bugun uning omadi kulib turibdi, erta, indin va boshqa yillarda ham shunday kunlar bag`rida bo`ling.

Sevdo NIYoZOVA suhbatlashdi.

    Boshqa yangiliklar