Hamshirani musulmonlik sari boshlagan bemor qissasi

Mutolaa 06.06.2018, 11:15
Hamshirani musulmonlik sari boshlagan bemor qissasi

Ismim Kasie. Yoshim 23 da. Malakali hamshiraman. Mehnat faoliyatimni oila hamshirasi sifatida boshlaganman.

Birinchi bemorim 80 yoshlardagi ingliz bo`lib, altshaymer xastaligi bilan og`rirdi. Uchrashuvimizning ilk lahzalaridayoq bildimki, bu ingliz musulmonlikni qabul qilgan ekan.

Davolash kursini boshlarkanman, uning e`tiqodiga zid bo`lmagan davo usullarini qo`llashga harakat qilardim. Oila hamshirasi sifatida uning taomlanishiga ham mas`ul edim va shaxsan o`zim halol go`sht mahsulotlarini olib kelardim. Ba`zi oziq-ovqat mahsulotlari tarkibida alkogol va cho`chqa jelatini bo`lgani sababli xarid chog`ida buni ham e`tibordan qochirmasdim. Men o`z bemorim hurmatidan Islomni kichik tadqiqot orqali o`rgandim. Taomni hozirlarkanman, har safar bemorimni «barchasi musulmoncha» ekanidan boxabar qilardim.

Bemorim xastalikning eng og`ir darajasini boshdan kechirayotgan edi. Shu sababli aksar hamkasblarim mening «taqdiri ma`lum» bu bemor uchun bunday elib-yugurishimga hayronliklarini aytishardi. Men bu keksa g`ayridinda o`zim tushunmagan qandaydir sabab topib uni hurmat qila boshlagan edim.

Bir necha haftadan so`ng bemorim tanasini harakatlantira boshladi. U kunning muayyan vaqtlarida qandaydir harakatlar bajarayotganini payqadim, bora-bora bu harakatlar bir xilda takrorlanayotganining guvohi bo`ldim. U harakat chog`ida menga notanish tilda so`zlar edi, goh qo`llarini yuqoriga ko`tarar, goh o`tirar, goh boshini polga berardi. Tushunmasamda, bunga qiziqish uyg`ondi.

Biz bilan yana boshqa g`alati hodisalar ham bo`lib turardi. Masalan uni chap qo`lim bilan ovqatlantirishimga ruxsat bermas edi. Chapaqay bo`lganim sababli, bu menda qiyinchilik uyg`otardi.

Kunlarning birida hamkasblarimdan biri «Paltalk» nomli Islomiy suhbatlar va bahslar o`tkaziladigan joy haqida aytib qoldi. Shu vaqtga qadar bemorim men tanigan yagona musulmon bo`lgani uchun, tabiiyki menda boshqa musulmonlar bilan tanishish istagi tug`ildi.

Suhbatlarga qatnay boshladim. Savollarimga javob olarkanman, hayratim va bu dinga qiziqishim tobora ortib borardi.

Bemorimni yanada ko`proq qiziqish bilan kuzata boshladim. Altshaymer tufayli u xotirasidan ayrilayotgandi. Hatto bolalari bilan bog`liq xotiralarni bazo`r eslaydigan bu inson o`ziga begona tildagi oyatlar va ibodat vaqtlarini biror marta ham unutmadi. Sababi nima?

Dastlab Islomga faqatgina bemor holatiga individual yondashuvchi, malakali mutaxassislikka da`vogar hamshira sifatida qiziqqan bo`lsam, endigi yondashuvim tamomila boshqa edi.

Suhbatlarning birida qo`limga Qur`onning ingliz tilidagi tarjimasini tutqazishdi. Asalarilar haqidagi sura ekan. Uyga kelib qayta-qayta o`qidim. Qur`onning audio variantini iPod’imga saqlab oldim va har kuni uni bemorim bilan birga tinglaydigan bo`ldik. Har safar tinglaganimizda bemorim jilmayar va yig`lardi.

Mushohada qilsam, doim kasbiy professionallikka intilganman, ammo hech qachon o`z hayotimga tubdan nazar solmagan ekanman. Otamni eslay olmayman, onam 3 yashar vaqtimda vafot etgan. Akam va men buvimning qo`llarida tarbiya topganmiz. 4 yil oldin buvim ham olamdan o`tdi.

Barcha yo`qotishlarga qaramay taqdirimdan mamnun edim. Ammo bemorim bilan tanishgach, aslida yo`qotganim mutlaqo boshqa narsa bo`lganini angladim.

Suhbatlarning yana birida qo`limga yashash joyimga yaqin manzillardagi masjidlar ro`yxatini berishdi. Qo`limda ro`yxatni tutgan holimda ko`z yoshlarim nazoratsiz quyilib kelayotgan onlarni hech qachon unutmasam kerak.

Masjidga bordim. Imom va uning ayoli juda oliyjanob insonlar ekan.

Kunlarning birida imom mendan so`radi:

– Sizni Islomni qabul qilishdan nima to`xtatib turibdi?

Menda javob yo`q edi. Shifoxonaga qaytdim va bemorim ko`zlariga tikildim. Tushundimki, u hayotimga nusrat bo`lib kelgan, u men uchun Islomga olib boradigan so`qmoq ekan.

Masjidga shoshildim va imomga:

– Shahodat kalimasini aytsam maylimi, – dedim! Shu onda qalbimga xotirjamlik kirib o`rashganini yaqqol his etdim.

Hayotimdagi bu buyuk o`zgarishning xushxabarini birinchi bo`lib akamga emas, bemorimga etkazdim. Uning yoniga cho`kdim va mahkam quchoqlab oldim. Ikkimiz ham yig`lar edik. O`z otamni hech qachon ko`rmaganman. Go`yo ana shu hech qachon diydorini ko`rmaganim otam mana shu keksa musulmon edi.

Akamga qo`ng`iroq qildim, aytdim. Yangilikdan mamnun bo`lmaganini, ammo meni qo`llab-quvvatlashini aytdi.

Shu hafta ichida bemorim uyqudan qaytib turmadi. Uni bag`rimga bosib uzoq yig`ladim. Hamkasblarim esa ahvolimni hayrat bilan tomosha qilar edilar.

Inna lillahi va inna ilayhi rojiu`n...

Ingliz tilida Kamola ABULQOSIM tarjimasi.

"azon.uz"dan olindi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1