1

Nelson Mandela. "Ozodlikning olis yo`li"

Mutolaa 12.06.2018, 14:11
Nelson Mandela. "Ozodlikning olis yo`li"

Bugun tarixiy kun! Saylov!...

Bugun huquqlari oq tanli mustamlakachilar tomonidan ikki yuz yildan ortiq kamsitilib kelingan qora tanli tub aholi oddiy olomonlikdan teng huquqli inson - Janubiy Afrika fuqarosiga aylanmoqda, xalqining ajralmas bir qismi ekanligi e`tirof etilmoqda.

Janubiy Afrika xalqi boshqatdan dunyoga kelmoqda, ozodlik ko`zlari ochilmoqda!

Men saylovda sal oldinroq - 27 aprel kuni ovoz berdim. 4 kunlik saylovning ikkinchi kuni. Chunki ma`lum toifadagi kishilar, ya`ni keksalar, nogironlar va qarovga muhtoj bo`lgan fuqarolar 26 apreldan boshlab ovoz berishga haqli. Men saylovda ovozni Natal viloyatidagi uchastkamda berishga qaror qildim va bu o`ziga xos timsolga ega. Birinchidan, saylovda ishtirok etishga ikkilanayotgan, cho`chiyotgan mahalliy aholini qo`llab-quvvatlash va ularni ham bunday muhim tadbirda qatnashishga da`vat etish bo`lsa, ikkinchi tomondan, bu er Janubiy Afrika milliy kongressi partiyasi asoschisi va bugungi kun uchun kurashgan siymo Jon Dubning kindik qoni to`kilgan maskan. Ming afsuski, bu inson o`zining butun umrini o`z kindik qoni to`kilgan maskanda o`tkazib, huquqlari kamsitilgan holda olamdan o`tdi. Uning 82 yil ilgari boshlagan harakati biz kabi elkadoshlar tomonidan davom ettirildi.

Qishloqning kichikkina maktabi yoniga dafn qilingan Jon Dub qabri yonida turar ekanman, yaqin tariximiz bir-bir ko`z oldimdan o`taverdi... Bugungi erkinlik uchun jonini fido qilgan, men bilgan va bilmagan elkadoshlarim xotirasi butun borlig`imni qamrab olayotgandi… Albert Luthuli (Nobel mukofoti sovrindori) va Bram Fischerlarni hamda yuzlab safdoshlarimni xotirladim. Ular bizning bugunimiz, ya`ni millionlab Janubiy afrikalik qora tanli fuqarolarning ushbu saylovda ovoz berish huquqini qo`lga kiritishi va teng huquqli fuqaro sanalishi uchun o`z jonlarini, kerak bo`lsa, oilalari tinchligini fido qilishdi. Shunday ekan, men saylovga yolg`iz bormayotgan, ular ruhan men bilan birga va ular uchun ham ovoz berayotgandek edim.

Janubiy afrikalik qora tanli vatandoshlarimning orzusi bugun haqiqatga aylanayotgandi. Quyoshli o`lkamning chang va qarovsiz ko`chalari ilonning izi kabi navbatda tizilib turgan saylovchilar bilan tirband. Umrining yarim asrdan ko`pini yashab bo`lgan va ilk bor saylovda qatnashayotgan onaxonning hayajonini tushunish qiyin emasdi.

Bugungi kun nafaqat qora tanli, balki oq tanli Janubiy afrikalik insonlar ham bu ulkan yutuqdan va nihoyat erkin jamiyatga o`tilayotganidan xursand edi.

Saylov varaqalarini sanash bir necha kun davom etdi. Bizning Janubiy Afrika milliy kongress partiyamiz 62.6 foiz ovoz bilan milliy parlamentning uchdan ikki qismi, ya`ni 400 ta o`rindan 252 tasini egalladi. Bu ba`zi safdoshlarimni unchalik qoniqtirmagan bo`lsa-da, men uchun katta yutuq edi. Undan tashqari, Janubiy Afrikaning Konstitusiyasi qaytadan yozilish arafasida! Shunday ekan, boshqa partiyalarning parlamentda ishtiroki konstitusiyaning keng demokratik usulda yozilishi, har bir etnik guruhning teng huquqli ovozi bo`lishini ta`minlaydi. Menimcha, haqiqiy hokimiyat va birdamlik degani ham shunda bo`lsa kerak.

***

10 may tongi sof va yorqin! Hokimiyatning yangi hukumatga topshirilish marosimi bo`ladigan ulug` kun. Dunyoning ko`plab etakchi davlatlari rahbarlari marosimga kelish istagini bildirayotganligidan ko`nglim osmonga etmoqda. Bu tantana Janubiy Afrika tuprog`ida o`tkazilayotgan va ilgarigilarga hech o`xshamagan tadbir edi. Tantana Pretoriadagi toshli binodan qurilgan mo``jaz amfiteatr (yozgi teatr) binosida o`tkazildi. Bu joylar faqat oq tanlilar uchun qurilgan va bu erga faqat ulargina tashrif buyurish huquqiga ega edi. Bugun uni xuddi kamalak singari oq, qora, hind va boshqa irq, millatlarga mansub bo`lgan kishilar egallagan edi.

Qizim Zenani tantanada menga hamrohlik qilayotgandi. So`zga chiqish va qasamyod qilish navbati menga etib keldi.

Bugun har birimiz tabarruk kun - umid va yangi tug`ilgan ozodlik kunining guvohi bo`lib turibmiz. Xalqimiz yillar davomida tahqirlanib keldi, bugungi ozodlik juda uzoq kutildi. Shunday ekan, barcha insonlar huquqlari to`liq hurmat qilinadigan jamiyat barpo qilish shart va zarur.

Juda yaqin o`tmishda biz haq-huquqdan mahrum edik. Bugun esa butun dunyo vakillarini yurtimizga chorlab, ularga to`laqonli fuqarolar sifatida mezbonlik³ilyapmiz. Men barcha mehmonlarimizga cheksiz tashakkurlar bildirib qolaman. Bugun tenglik va adolat, tinchlik va barqarorlik g`alaba qilib turibdi. Siyosiyerkinlikka yo`l ochildi. Endi biz o`zimizni o`zimiz qashshoqlik, savodsizlik, irqiy va jinsiy kamsitilishdan ozod etishimiz kerak. Zinhor va zinhor bu tabarruk tuproq bir-birimizni kamsitishimizni qaytib ko`rmasin…

Yashasin Ozodlik! Janubiy Afrikani Alloh o`z panohida asrasin”.

Bir necha daqiqadan so`ng barchamiz samoda parvoz qilayotgan Janubiy Afrika harbiy samolyot va vertolyotlari tantanali marshining guvohi bo`ldik. Birozdan so`ng Janubiy Afrikaning eng yuqori martabali mudofaa va ichki ishlar xizmati generallari menga salyut berdi. Sir emas, bir necha yillar ilgari mazkur generallar meni turmada o`tirishga majbur qilgan edi. Bu shunchaki tomosha emas, balki Janubiy Afrika harbiylarining o`z xalqiga ko`rsatayotgan hurmati va ularni himoya qilishga berayotgan va`dasi edi.

Birozdan so`ng samolyotlar Janubiy Afrika bayrog`i ramzi bo`lgan qora, qizil, yashil, havorang va tilla ranglarda dud chiqarib, Pretoria bo`ylab parvoz qilib o`tishdi.

Tadbir ikki etnik guruh - oq va qora tanlilarning gimni bilan uyg`unlashdi. Biroq ikkala guruh ham bir-birining gimnini yoddan bilmasdi. Rasmiy marosimda tarixiy kunlarni ko`zdan kechirish bilan ko`nglim hayajonga to`lgandi. Nazarimda bu mas`uliyat xuddi mening zimmamga topshirilgandek, taqdir bu qiyinchiliklarni ataylab menga yuklatgandek edi. Hatto, tavallud kunim ham nimadandir guvohlik bergandek edi, XX asrning birinchi o`n yilligida, Anglo-Boer jangidan sal o`tib, tavallud topgandim. Oq tanli Janubiy afrikaliklar o`zlarini boshqalardan ajratib, Janubiy Afrikada tub qora tanli aholiga nisbatan irqiy ustunlikni vujudga keltirishdi. Ular barpo etgan tizim dunyodagi eng shafqatsiz va juda adolatsiz jamiyatlardan biriga aylandi. Ayni damda XX asrning oxirgi o`n yilligi va mening 80 yoshni qarshi olishim. Bu adolatsiz tizim butunlay ag`darilib, umuminsoniy jamiyatga, fuqarolarning irqi, dini, jinsidan qat`i nazar, teng huquqlarga asoslangan jamiyatga aylandi. Bu kunga tasavvur qilish qiyin bo`lgan insoniyat qurbonliklari evazigagina erishildi, ularning tortgan mashaqqatlari va jasoratlari to`lab bo`lmas darajada qimmatli. Ularning ko`pchiligi bugun jisman oramizda yo`qligi yuragimni tilib turmoqda edi.

Sobiq hukumat ishlab chiqqan oq va qoralarni ajratish tizimi biz, fuqarolar yuragida bitmas chandiq qoldirdi. Hali biz va yana ko`plab avlodlar, balki yillar davomida bu xo`rlanish yaralarining bitishi uchun vaqt ketkazsak kerak. Shu bilan birga, bu adolatsizlik ozodlik uchun kurashchilar, haqiqiy vatanparvarlar Oliver Tambo, Valter Sisulis, janob Luthulis, Yusuf Dadoos, Bram Fischers, Robert Sobukshes kabi etakchilar, yo`lboshchilarni etishtirdiki, bunday donishmand, kamtarin va ochiqqo`l insonlar yana qaytib dunyoga kelishi amri mahol.

Bir umr siquvda yashash kishini oddiy narsalardan zavqlanishga va odamlarni ko`proq yaxshi ko`rib yashashga undarkan va bu ba`zida daholar tug`ilishiga ham sabab bo`larkan.

Mening ona tuprog`im tabiiy boyliklarga, oltinu olmoslarga boy mamlakat, ammo uning haqiqiy va ulkan boyligi unda istiqomat qilayotgan kishilaridir.

Men haqiqiy jur`atni men bilan ozodlik uchun kurashgan elkadoshlarimdan o`rgandim. Ularning qayta-qayta o`z hayotini tahlikaga qo`yib va ba`zida jonlarini berganlarining guvohi bo`ldim. Qamoqxonalarda qiynoqlarga jim turib, sinmasdan chidab berayotgan yuzlab erkak va ayollarni ko`rdim. Jasorat bor joyda qo`rquv ham bor, albatta, faqat o`z ishingda to`g`ri deb bilgan g`oya uchun kurashishgina bu qo`rquvni enga oladi. Buni o`z tajribamdan kelib chiqib aytyapman. Jasur kishi hech narsadan qo`rqmaydigan kishi emas, balki o`sha qo`rquvni bosiqlik bilan enga olgan kishidir. Men bugungi ozodlik kunining kelishiga umidimni yo`qotmay yashadim. Bu faqat yonimda yuqorida sanab o`tilgan kishilar borligi uchungina emas, balki millionlab oddiy fuqarolarimizning irodasi va jasoratiga ishonganim uchun umidimni yo`qotmadim. Ular menga kuch va quvvat berib turdi.

Bir narsaga qattiq ishonaman. Dunyodagi har bir insonning yuragida ezgulikka joy bor. Hech bir inson onadan boshqa bir insonni irqi, kelib chiqishi yoki diniy e`tiqodi o`zgaligi uchun nafratlanib tug`ilmaydi. Nafrat va g`azab kishi yuragiga o`zga insonlar tomonidan qadaladi. Agar insonni bolaligidan nafratlanishga o`rgatish mumkin bo`lsa, demak, murg`ak yuraklarni o`zgalarga hurmat va muhabbat bilan ulg`aytirish, o`zgalarni sevishga ham o`rgatish mumkin. Darvoqe, mehr-muhabbat odamzod uchun tabiiy tuyg`u va tabiiy hadya etiladi, u muhabbat bilan tug`iladi va g`azabdan hamma vaqt ustun turadi.

Turmada o`tgan eng og`ir va chidab bo`lmas damlarimda ham qamoqxona xodimlarida ko`p emas, balki sanoqli daqiqalarda odamgarchilik degan tuyg`ularni ko`ra olganim menga o`zgalardan nafratlanmaslik kerak degan tuyg`uni singdirib kelgan. U ba`zida yashirinib yotadi, ammo hech qachon to`laligicha so`nib ketmaydi. Biz boshimizdan o`tgan barcha og`ir kunlarga o`zimizni ko`r-ko`rona urmaganmiz, aksincha, ozodlikka eltadigan yo`l oson bo`lmasligini har birimiz ich-ichimizdan his qilib, shu yo`lni tanlaganmiz. Men Afrika milliy kongressi partiyasiga a`zo bo`lgan kezlarimda juda yosh va navqiron yigit edim, men undagi elkadoshlarimning ushbu ozodlik g`oyasi ular uchun aziz bo`lgan oilasi va professional mavqei evaziga kelayotgani va bu juda qimmatga tushayotganligining guvohi bo`lganman.

Men bu og`ir va mashaqqatli yo`l uchun hayotimni ba²ishlaganimga zarracha afsus qilmayman. Qiyinchilikka ruhan tayyor turganman. Ammo oila a`zolarim uchun bu qimmatga va juda qimmatga tushdi. Hayotda har bir erkak kishi uchun ikki egizak mas`uliyat bor. Birinchisi o`z oilasi, ota-onasi, ayoli va farzandlari oldida bo`lsa, ikkinchisi o`zi yashab turgan mahalla, ona Vatani uchundir. To`laqonli jamiyatda bu ikkala vazifaning ham uddasidan chiqish amalga oshirsa bo`ladigan yumush. Biroq bizning mustamlakachilik va undan so`ng faqat oq tanlilar huquqi kafolatlangan Janubiy Afrikamizda o`tgan asrlar davomida men kabi qora tanli fuqaro uchun bu deyarli mumkin bo`lmagan ish edi. O`z huquqini talab qilgan shaxs borki, ularning barchasi bor-yo`q davlati, oilasidan ham ajratilib, umrini turmalarda o`tkazishga majbur qilindi.

Men boshda oilamning kelajagini o`zgalar hayotidan ustun qo`yish niyatida emasdim, ammo sharoit shuni taqozo qilaverdi. Angladimki, men farzand, aka, ota va jufti halol sifatida burchimni to`laqonli ado etolmayotgandim. Hattoki, ko`zi ko`zimga tushmaydigan millionlab Janubiy afrikaliklar ozodligini o`zimning eng sevimli jigarlarim, suyukli yorim tinchligidan ustun qo`ydim. Qochqinlikda bo`lgan kezlarim jajji farzandimning “Nima uchun biz bilan birga yasholmaysiz, dadajon?”, degan savoliga javob topolmay, tillarim kalimaga kelmay qolgan. Men ozodlik uchun kurashga tashna bo`lib dunyoga kelmaganman. Ammo ozod bo`lib dunyoga kelgandim. Qishlog`imning keng ko`chalarida erkin elib-yugurgan, daryolarda erkin qush kabi suzib, sohillarda dumalagan beg`ubor bola edim. Imkon boricha otam va men mansub bo`lgan urug`ning tartib-qoidalariga rioya qilar ekanman, meni boshqa qonunlarni buzish va unga ko`ra, jazolanish bezovta qilmasdi. Faqatgina o`smirlik yoshiga etayotganimda mendagi erkinlik bu xayolparastlik ekani, mening erkinligim tanamning qoraligi uchun allaqachon mendan olib quyilganligini angladim. O`sha daqiqadan boshlab menda erkinlik uchun chanqoqlik boshlandi. Talabalik yillarimda faqatgina o`zim uchun shaxsiy erkinlik, ya`ni tun bo`yi ko`chada bemalol yurish, o`zim xohlagan joyda o`qish va istagan joyimga borish bo`lsa, keyinchalik Yohannesburgda istiqomat qilayotgan kezlarim mehnat qilib, pul topish, o`zimga yoqqan qizga uylanish va bu qonunlar bilan cheklanmaslik istagi bilan yonardim.

Janubiy Afrika milliy kongressi partiyasiga shu o`ylar bilan a`zo bo`lishga qaror qildim. Qachonki millatimizning ming yillar davomida yashab kelgan o`z yurtida erkin emasligi, hamma qatori hurmat ko`rsatilmasligi, oq tanlilar o`qiyotgan, yashayotgan joylarga kiritilishi ta`qiqlanishi va kamsitishlar orqali yashashiga norozilik istagi meni bu kurash maydoniga tortaverdi. Erksizlik men kabi huquqshunos advokatni jinoyatchi bo`lishga, mehribon oila boshlig`ini oilasidan uzoqda uzlatga chekingan ruhoniy singari yashashga majbur qildi. Bu mening boshqalarga qaraganda ko`proq qurbonliklarga tayyor turishim, ma`naviy olamim yuqoriligi uchun emas, balki men chegaralangan erkinlikka qoniqib yasholmasligimdir. Ozodlik ko`zga ko`rinmas, mavhum tuyg`u. Vatandoshlarim qo`llaridagi zanjir mening qo`llarimdagi zanjirdir. Ich-ichimdan shunga amin edimki, bizning ozod bo`lishimiz nafaqat biz kabi zulm chekayotgan kishilar, balki zulm ko`rsatayotgan oq tanli hukumat uchun ham to`laqonli erkinlik emasdi.

Kimki boshqa bir insonning erkinligiga tahdid solarkan, uning o`zi tahlika va g`azabning quli bo`lib qolaveradi. Men qachonki o`zga kishining erkinligiga sababsiz tahlika solar ekanman, o`zimni to`liq erkin deb hisoblay olmayman. Bunda biz insonparvarlikni panjara ortiga tashlaymiz.

Men qamoqxona darvozasidan chiqar ekanman, maqsadim ham bitta edi – zulm qiluvchi va qilinuvchini erkinlikka chiqarish. Ko`pchilik ayni damda xalqimiz erkinlikka erishdi, deb yanglishmoqda. Aslida bu manzil hali uzoq. Biz bugun faqatgina erkin bo`lish uchungina ozod bo`ldik, faqatgina kishanlarimiz echildi, qonun oldida teng huquqli fuqarolarmiz. Erkin bo`lish faqat jisman kishanlardan ozod bo`lish emas, balki bugun o`zimiz qo`lga kiritgan barcha to`laqonli fuqarolik erkinliklarini suiiste`mol qilmaslik, uni qasos olish va boshboshdoqlik uchun behuda ketkazmaslik, murosada yashash har bir nafas olib turgan yurakka irqi, millati va diniy e`tiqodi uchun past nazar bilan qaramaslik hamdir. Ana shundagina biz haqiqiy erkinlikka erishamiz. O`zimizni alamzadalikdan qutqarib, erkin nafas olamiz, madaniyat va ma`rifatga kuch-qudratimizni sarflaymiz.

Mening ozodlikkacha bo`lgan yo`lim juda olis va mashaqqatli kechdi. U uchun kurashdim. Qaerdadir toyib ketdim. Past-balandliklardan o`taverib, angladimki, ozodlik hech qachon osonlik bilan qo`lga kiritilmaydi. Doim birining ketidan ikkinchi mushkulotlar kelaveradi. Bugun ortga nazar tashlarkanman, ular izsiz ketmaganligi bu ishni davom ettirishga undayverdi. Va mening ozodlikkacha bo`lgan yo`lim hali poyoniga etmadi.

Erkinlik - ulkan mas`uliyat, uni yo`qotishga, suiiste`mol qilishga zinhor - bazinhor harakat qila ko`rmang!!!

Bolalik xotiralarim

Haqiqiy hayotdan yiroqda, Thembu (Janubiy Afrikadagi qabilalardan biri) qabilasi sardori xonadonida otam menga Rolihlahla, oddiy tilda tarjima qiladigan bo`lsak, “To`polonchi” degan ma`noli ism berdi. Bu xuddi mening kelajak taqdirimni bilib berilgandek go`yo. Mandela nomi menga keyinchalik, maktabga qatnay boshlaganimdan keyin o`sha paytdagi qonun-qoidalarga ko`ra berilgan.

Kamina 1918 yilning 18 iyulida Mbashi daryosi qirg`og`ida joylashgan Mbashe qishlog`ida tavallud topdim. Qishlog`imiz Umtata tumaniga qarashli bo`lib, uning markazi Transkei edi. Men tavallud topgan yil bir qancha olamshumul voqealarga boy bo`lganligi bilan ham ajralib turadi. Birinchi jahon urushi tugallanishi, gripp epidemiyasining tarqalib, millionlab kishilarning qurbon bo`lishi va eng muhimi, Janubiy Afrika tarixi uchun muhim bo`lgan Afrika milliy kongressi (AMK) delegasiyasining ilk bora Versalda bo`lib o`tgan xalqaro anjumanda qatnashishi, qora tanli Afrika tub aholisining oq tanli koloniyachilar kamsitishlari ostida yashayotgani haqida chiqishlar qilishi kabi muhim voqealar shular jumlasidandir.

Transkei Janubiy Afrikaning katta siyosiy, iqtisodiy, madaniy markazlari hisoblangan Cape Toshndan 1289 kilometr sharqda, Johannesburgdan esa qariyb 900 kilometr masofa uzoqlikda joylashgan. Tabiati juda go`zal bo`lgan bu kichik shaharchaning bir tomonida Kei daryosi oqsa, shimoliy tomonidan Drakensburg tog`liklari, sharqiy tomondan esa to`q moviy rangli Hind okeani bilan o`ralgan ko`rkam vodiydan o`rin olgan. Bu o`lka shunchalik go`zal ediki, minglab mayda-mayda irmoqlar, serhosil tuproq, hatto qish oylarida ham yam-yashil qir-adirlardan ko`zingiz quvnardi. Bu kichik shaharcha bir paytlar Janubiy Afrikaning eng katta hududi (Automiya) bo`lib, uning hajmi Shveysariya hududiga teng, 3,5 million aholi istiqomat qilardi.

Otam Gadla Henri ota-bobolarimiz udumini davom ettirgan holda qabilamiz boshlig`i etib tayinlangan. Va bu Tembu urug`i tomonidan ham tasdiqlangan. Shunga qaramasdan, Britaniya mustamlakasi bo`lganimiz va o`sha paytdagi qonun-qoidaga ko`ra, otam mahalliy ma`muriyat tasdiqnomasini olishi shart edi. Shu asosda otamga davlat tomonidan ma`lum miqdorda maosh, er va chorva mollariga egalik huquqi ham berilgandi. Ammo oq tanli hukumat boshliqlari bilan ish yuritish hamisha nozik va nomo``tadil vazifalardan edi. Ularning Janubiy Afrikada hukmronligiga 75 yil to`lishiga qaramasdan, biz, tub aholiga hanuz shubha bilan qarash kayfiyati juda ustun edi.

Otam uzun bo`yli, qotmadan kelgan, qora tanli kishi edi. Shunga qaraganda men ham otamga tortgandekman. U kishi o`jar va farzandlariga nisbatan qattiqqo`l edi. Bu ham menga qonimdan o`tgan bo`lsa kerak. U kishi davlat siyosatidan xabardor bo`lgani uchun urug`imiz boshliqlari orasida hurmat qozongan va aksariyat hollarda oq tanli hukumat boshliqlari bilan o`tadigan muzokaralarda faol qatnashardi. Mening tariximizga bo`lgan qiziqishimga otamning ta`siri katta edi. Shunga qaramasdan otam na yozishni va na o`qishni bilar, uning barcha ma`naviy boyligi og`izdan og`izga ko`chib kelayotgan rivoyatlar, pand-nasihatlar asosida edi. U kishining notiqlik qobiliyati butun jamoani qamrab olar, ularga va`zxonliklar jarayonida qabiladoshlarimizga ota-bobolarimizdan meros bo`lib kelayotgan madaniyat va urf-odatlarni singdirib kelardi. O`sha paytlardagi qabilamiz urf-odatlariga mansub holda otam to`rt marta uylangandi. Men ularning uchinchisidan tug`ilganman. Har biriga o`zgacha nomlar berilgandi. Birinchisi katta xotin, ikkinchisi chap qo`l xotin, o`ng qo`l xotin (mening onam) va nihoyat, qo`llovchi xotin. Ularning hammasi o`zining uy-joyi, xo`jalik va chorva mollariga ega bo`lib, bir-birlaridan bir necha kilometr uzoqlikdagi masofada yashashardi. Otam esa muntazam ravishda ularning uy-joylariga qatnab yashar va jami 13 farzand(4 o`g`il va 9 qiz)ga otalik qilardi. Men esa onamning to`ng`ich farzandi, otamning esa kenja o`g`li edim. Mening uch nafar singlim bor edi. Otamning to`ng`ich o`g`li, qonun bo`yicha qabila boshlig`i merosxo`ri Mlahla 1930 yilning boshida dunyodan bevaqt ko`z yumdi va mening ikki akam faqat yosh bo`yicha emas, balki lavozim bo`yicha ham mendan ulug` hisoblanardi.

Ikkinchi qism

Qishlog`imiz Quni yam-yashillikka boy bo`lgan qir-adirlar orasida joylashgandi. Aholisi bir necha yuz nafar bo`lib, xonadonlari qo`ldan qurilgan paxsa devorlardan iborat, uy shiftini xona o`rtasida mustahkam qoqilgan ustun, o`sha ustun va devorni mahorat bilan birlashtirgan xashaklar shift vazifasini bajarardi. Uy ichida maydalab quritilgan xashak bir xil qalinlikda yozilgan shiftdan iborat bo`lib, o`tovdan chiqadigan tutun uy ichini qoplar, yupqa xashak shiftdan burqsib samoga ko`tarilardi. Achchiq tutun tufayli o`tovga kirib bo`lmasdi. Bir necha o`tovlar bir joyda joylashgan bo`lib, asosiy dehqonchilik qilinadigan erdan alohida ajratilgan edi. Bizda maxsus reja asosida qurilgan ko`chalar yo`q edi. Bir manzildan ikkinchisiga eltadigan yo`llar bolalar va ayollarning yalang oyoqlari ostida bosilgan o`t-o`lanlar asosida barpo bo`lgandi. Qishlog`imizning ayollari va yosh bolalari tabiiy giyohlar bilan bo`yalgan, oddiygina to`rt burchak matoni vujudiga o`ziga xos tarzda o`rab yurardi. Faqatgina xristianlikni qabul qilgan hamqishloqlarimizning bir nechasigina bugungi kundagi zamonaviy kostyum-shimda yurishardi.

Xonadonimizda ot, qo`y, mol va parrandalar hammasi bir joyda boqilardi. Qishlog`imiz atrofidagi erlar eng tanqis joylardan edi. Erga davlat egalik qilar, har bir afrikalik o`zi tug`ilib o`sgan joyda qonunan erga egalik huquqidan mahrum edi. Erlarni faqatgina ijaraga olish mumkin bo`lib, hukumatga yillik ijara haqi to`lanardi. Atrofimizda ikkita boshlang`ich maktab bor edi.

Makkajo`xori, loviya, kadi mahsulotlari oshxonamizning asosiy masalliqlari hisoblanib, aholining aksariyat qismini qimmatbaho bo`lgan boshqa turdagi oziq-ovqatlarni xarid qilishga qurbi etmasdi. Quniliklar ichida barmoq bilan sanarli kishilargina choy, kofe va shakar sotib olar, boshqalar uchun bu tasavvur ham qilib bo`lmas darajadagi shohonalik edi. Suv ayollar va bolalar tomonidan tashib keltirilardi. Erkaklarning asosiy qismi esa uzoq-uzoqlarda joylashgan fermalarda qora ishchi va daryo bo`yidagi konlarda qazuvchi bo`lib ishlardi. Ular yilda ikki marta oilasini ko`rishga kelar, shunda ham dam olishga emas, balki muhim vazifa - er ag`darish bilan mashg`ul bo`lardi. Ekish, o`tash va hosilni yig`ib olish ayollar va bolalarning zimmasida edi. Farzandlarining zamonaviy maktablarda ta`lim-tarbiya olishi esa ko`pchilik uchun g`ayritabiiy va notanish g`oya edi.

Onamning uchta o`tovi bo`lib, birinchisi yotoqxona, ikkinchisi oshxona va uchinchisi omborxona vazifasini o`tardi. Ular juda odmi, hech qanaqa zamonaviy mebellarga ega emas edi. Biz oddiy ko`rpachada uxlar va erda o`tirardik. Men yostiq degan narsani birinchi marta o`smirlik davrimda, boshqa posyolkaga ko`chganimda ko`rgandim. Onam uch oyoqli odmigina qozonimizda shox-shabbalarni yoqib taom tayyorlardi. Nimaiki iste`mol qilsak ularning hammasini o`zimiz etishtirgan bo`lib, tejamkorlik bilan ishlatardik.

Bolaligimning ilk yillaridanoq asosiy vaqtimni tengqurlarim bilan olishib o`tkazdim. Chunki o`sha paytdagi tushunchaga binoan onasi yonida oshxona yumushlariga ko`maklashadigan o`g`il bolaga kasalmanddek qaralardi. Kechasi esa ko`rpa-to`shagimni kuni bilan olishib o`tkazgan bolalar bilan bo`lishib uxlardim. Ammo bu qishloq bolalari faqatgina o`ynab vaqt o`tkazadi degan ma`nodan ancha yiroq edi. Men mol va qo`ylarimizni bo³ayotganimda endigina besh bahorni qarshilayotgan edim. Ammo buning ham o`ziga yarasha gashti bor edi. Podamizni sug`orish, soyada dam oldirish bilan bir qatorda bolalar bilan rogatkada otish, yovvoyi asal olish, yalanglikda o`sayotgan o`simliklarni is`temol qilish, to`ppa-to`g`ri sigir elinidan iliq sut ichish, suzish, baliq ovlash singari tirik qolish uchun asqotadigan hunarlarni o`rganar va bolalarcha zavqlanar edik. Shu bilan birga afrikaliklarga xos cho`p orqali olishish va himoya qilish singari jang o`yinlari biz uchun faqatgina o`yin emas, balki kundalik hayotda qo`l keladigan zaruriy bilimlardan sanalardi. Tepaliklardan daraxt shoxlari va silliq toshlarni saralab, xuddi chanada uchgandek tepaliklardan o`zimizni pastga qarab urar, toki dumbalarimiz ko`karib, og`riqqa dosh berolmay qolgunimizcha to`xtashni xayolimizga keltirmasdik. Shu bilan birga mazkur o`yinlar bizga o`zimiz anglamagan holda saboq berardi. Afrikada bir guruh mol va eshaklar ustida bir-biriga o`tib yura olish qobiliyatiga ega bo`lish katta g`urur. Biz bolalar buni kundalik amaliyotda qo`llashga harakat qilardik. Ammo menga qolganda jonivor o`jarlik qila boshladi. Sakraganimni bilamanki, uloqtirib tashladi. Bu har bir yigit uchun ulkan mag`lubiyat edi. Afsuslar bo`lsinki, men tengqurlarim orasida obro`yimga putur etkazib bo`lgandim. Ammo bu mag`lubiyatim menga unutilmas hayot sabog`ini, ya`ni o`zgalarni ularning o`z ixtiyorida bo`lmagan kamchilik bilan kamsitish kerakmasligini anglatdi. Shu bilan birga mazkur damlar meni bepoyon kenglikka bo`lgan muhabbatimni uyg`otgan, Vatan, ona tuproq degan tuyg`ularni yuragimga qadagan desam mubolag`a qilmagan bo`laman.

Kechasi esa hamma o`z o`toviga qaytar, shuningdek, men ham onam tayyorlagan mazali taomni eyishga shoshilar, uyqu oldidan otamning bahodirligi ila yo`g`rilgan rivoyatlarini eshitishni orziqib kutardim. Ular ko`z oldimda xuddi kinolentalari singari namoyon bo`lardi. Otam odatdagidek ota-bobolarimizga xos to`g`riso`zlik, jasurlik va har bir tirik jonga, u qaysi urug`ga mansub bo`lmasin, hurmat bilan qarashni ongimga singdirib borardi. Oqko`ngillilik va ochiqqo`llik hamma vaqt rag`batlanishini uqtirardi.

Bizning urf-odatlarimizga ko`ra, bolalar bilan suhbat qurish, ularning adoqsiz savollariga javob qaytarish odatiy emasdi. Biz aksariyat bilimlarni yoshi ulug`larning qilgan ishlarini takrorlab o`rganardik. Keyinchalik oq tanli oilalarga qilgan tashrifimda ular farzandlarining adoqsiz har bir savollariga berayotgan javoblarini ko`rib, hayratga tushgandim.

Mening hayotim esa o`sha paytda an`analar, urf-odatlar va man qilingan toifalardan uzoq turish falsafasigagina asoslangan edi. O`g`il otasi izidan, qiz esa onasi izidan, unga chizib berilgan chiziqlar asosida hayot kechirardi. Bordi-yu, ularga amal qilinmasa, kimsani baxtsizlik kutishi tillardan tillarga o`tib kelardi. Qabila keksalarining ko`nglini og`ritish, ularning istaklariga qarshi chiqish gunoh hisoblanib, buning yakkayu yagona yo`li qabila tabibi orqali turli irim-sirimlar orqali “davolash” edi. Mazkur odatlar bu paytlar men uchun juda tabiiy edi.

Ilk bor oq tanli kishiga qishlog`imizda duch kelganman. U mahalliy okrug boshlig`i va tabiiyki, oq tanli sifatida shaxsiy do`kon egasi edi. Ba`zan oq tanli sayohatchilar va polisiya xodimlari o`tib qaytib turardi. Ko`z o`ngimda ular go`yoki Xudo yoxud ma`buda timsolida gavdalanardi. Shu bilan birga, ularga o`zgacha hurmat-ehtirom ko`rsatish, ehtiyotkorlik va o`ta noziklik bilan munosabatda bo`lish kerakligidan ozmi-ko`pmi xabardor edim. O`sha kezlarda ularning hayotimizga bo`lgan ta`siri juda kamdek edi. Shu bilan birga mazkur paytlar ko`pchilik afrikaliklar o`z qadimiy dinlaridan voz kechib, xristianlikni qabul qila boshlagandi. Ammo otam o`z qabilasi urf-odatlariga sodiq qolib, qabilaning norasmiy ruhoniysi sifatida qo`y-qo`zilarni sadaqa qilar, to`y va motam marosimlariga bosh-qosh bo`lardi. Shu bilan bir qatorda xristian dinini qabul qilgan kishilar bilan yaqin o`rtoqlik munosabatlarini yo`lga qo`ya olgan edi. Onam esa xristianlikni qabul qilgan va u kishiga xristiancha ism ham berilgan edi. Shuningdek, menga ham keyinchalik xristianlik dini berilgan va ilk maktabim ham o`sha cherkov qoshida tashkil etilgan edi.

Kunlarning birida otamning yaqin o`rtog`i George Mbekala uyimizga keldi. Bu kishi ilgarilari ham tez-tez kelib turar, men bilan erinmasdan bolalarcha suhbatlashardi. Uning odatiy tashriflaridan birida Mbekala amaki onamga meni maktabga jo`natish taklifini o`rtaga soldi. Onam ancha payt sukut saqladi. Chunki bizning oilamizdan shu damgacha hech kim evropacha uslubdagi maktabga bormagandi. Shunga qaramay onam qarorni otam chiqarishini istadi. O`qish va yozishni bilmagan otam esa hech ikkilanmay, hech bo`lmasa kenja o`g`li xat-savodli bo`lishi umidida darrovgina rozi bo`la qoldi. Men bu payt 7 yoshda edim.

Maktab bizning uyimizdan bir qir narida bo`lib, bor-yo`g`i bitta katta xonadan iborat yagona g`arbiy uslubda qurilgan binolardan edi.

Maktabga borishimdan bir kun oldin otam meni chekkaga chaqirib, maktabga yaxshi kiyimda borishim kerakligini uqtirdi. Shu paytgacha qishloqdagi tengqurlarim singari elkamga tashlangan bittagina matoh biz uchun yagona kiyim-kechak hisoblanardi. Zamonaviy uslubdagi maktabga alohida shim va k´ylak kiyish talab qilinardi. O`shanda otam o`zining shimlaridan birini mening bo`yimga loyiq keladigan holda kesib berdi. Va albatta, dadamning beli menikidan ancha katta edi. Uning ham ilojini topishdi. Kit osishga ishlatiladigan oddiy kanopdan menga belbog` qilib berdi. Bugun nazar solsam o`sha paytdagi ko`rinishim juda kulgili edi. Ammo men hech qachon kostyum-shimimni o`shandagiday faxr bilan kiymaganman.

Maktabning birinchi kuni o`qituvchimiz Mdinganexonim har birimizga inglizcha ism berib chiqdi va har birimiz o`sha kundan boshlab yangi nom bilan chaqirilishimizni uqtirdi. Bu qanchalik g`ayritabiiy bo`lib ko`rinmasin, maktab Britaniya uslubida bo`lib, barcha ishlar Britaniya madaniyati, urf-odatlari asosida yuritilar va unda qat`iy ravishda µar qanday afrikaliklarga xos uslub ta`qiqlanardi.

Bugungi kundagi men qatori ta`lim olgan afrikalikning har birida ikkitadan ism mavjud, birinchisi - ota-onasi tomonidan berilgan afrikacha ism, ikkinchisi - maktab tomonidan (maktabga borgan bo`lsa, albatta) g`arbiy ism. Men esa o`sha kundan boshlab o`qituvchim tomonidan berilgan ism - Nelson nomi bilan chaqirila boshladim. Ba`zida ismning inson hayotiga ta`siri borday, mening ismim aslida esa buyuk ingliz kema kapitani Lord Nelsonga taalluqli edi.

Uchinchi qism

Men 9 yoshli bo`lib, urf-odatlarimizdan ancha-muncha xabardor edim. Otam oyning bir haftasini biznikida onam bilan o`tkazardi. O`sha kun kelgan va otam odatiga qarshi o`laroq biz bilan ikki-uch kun ortiqcha vaqt o`tkazayotgandi. U kishi onamning chaylasida yotar va tinimsiz yo`talayotgandi. Har qancha kichik bo`lishimga qaramay, otamning bu olamdagi kunlari qisqaligini ich-ichimdan his qildim. Otam qandaydir o`pka kasalligidan aziyat chekayotgandi. Ammo bu aniq tashxis emas, chunki otam zamonaviy uslubdagi shifoxonaga hech qachon bormagan edi. U kishi bir necha kun o`tovda hech qaeri qimirlamasdan, deyarli bir so`z demasdan yotdilar. Onam va otamning eng yosh xotini Nodayiomani ikkalasi otamga ko`z-quloq bo`lib, navbatma-navbat qarashardi. Kunlarning birida otam Nodayiomanidan tamaki berishini so`radi. Ular otamning holatida tamaki chekish mumkinmasligidan xabardor bo`lsalar-da, ra`yini qaytargisi kelmadi chog`i, uzoq suhbatdan keyin tamaki o`ramini berishga qaror qilishdi. Tamakidan so`ng otam ancha tinchlandi, deyarli bir soatlar sekin-asta tutatganicha jon berdilar.

Men o`zimni bunchalar ojiz va najotsiz sezganimni hech qachon eslolmayman. Shu bilan birga onam men uchun eng katta borliqqa aylandi. Otamning vafoti butun hayotimni o`zim tasavvur qilolmaydigan darajada o`zgartirib yubordi. Qisqagina davom etgan motam marosimidan so`ng onam menga tayyor bo`lishim va ertaga qishlog`imizni tark etishimni aytdi. Men buning sababini va qaergaligini so`ramadim. Narsalarimni tugunga tukkan holda erta tongda yurtimizning g`arbiga qarab onamning ortidan yangi qarorgohim tomon ergashdim. Yo`lga chiqar ekanmiz, hattoki otam olamdan o`tganda ham bunchalik qayg`uga tushmaganimni angladim. Chunki men ortimda qoldirib ketayotgan qishlog`imning har bir burchagi men uchun qadrdon, uni ich-ichimdan o`zgacha muhabbat bilan sevar va undan faxrlanar edim. Qirliklar orasidan joy olgan yarmi xasdan bo`lgan odmi o`tovlar, mayda-mayda ko`lmaklar, undagi samimiy odamlar, onamning issiq bag`ri va mehri yuragimni tirnab borardi. Men ularning hammasini ketish oldi o`pib, quchmaganimdan yuragim lim-lim qayg`uga to`lib ketayotgan edi. Men oldinga qarab yurar ekanman, kelajakda nimalar kutayotgani va nimalarni tark etayotganimni tasavvur ham qilolmas edim.

Onam ikkalamiz erta tong yo`lga chiqqanimizdan kun botguncha uzun yo`lni jimlikda, o`y-xayollarimizga cho`mgancha bosib o`tdik. Biz boshdanoq unchalik ko`p suhbatlashavermasdik. Ammo shubhasiz, bir-birimizga bo`lgan muhabbatimizni chin dildan his qilardik. Safarimiz juda olis va ikkalamiz ham juda toliqqan edik. Kech peshinga yaqinlashar chog`ida atrofi yam-yashil daraxtlar bilan o`ralgan gavjum posyolkaga kirib keldik. Uning o`rtasida joylashgan villa oldida to`xtadik. Bu men tug`ilib o`sgan qishloq o`tovlariga solishtirganda juda hashamatli bino edi. Bino ikkita to`rt burchak qilib qurilgan alohida binolardan iborat bo`lib, unda ettita yoshi ulug`lar uchun yotoqxonalar bor edi. Unda kattagina hajmdagi bog` bo`lib, u shaftoli, olma daraxtlariga boy, makkajo`xorizorga ulanib ketgan va turli-tuman sabzavotlar mo`l edi. Bino yaqinida oq tanlilarning alebastrdan naqshinkor qilib bezalgan cherkovi ham joylashgandi.

Darvozadan kirar ekansiz, unda birinchi bosh xona joylashgan bo`lib, unda qabila boshliqlarining yigirmaga yaqini o`tirardi. Hamma narsa juda chiroyli qilib o`rnatilgan, davlat va mol-mulk nafasi ufurardi. Bu manzil juda ulug` qadamjo, mashhur Thembuland urug`ining muvaqqat poytaxti, urug`boshi janob Jongintaba Dalindeboning qarorgohi edi. U kishi ayni paytda hukumat tomonidan tayinlangan hudud boshqaruvchisi edi.

Men bu binoning ulkanligidan hayratlanib turganimda g`arbona darvoza ochilib, mashina hovli tomon kirib kela boshladi. Hovlidagi har bir kishi o`rnidan turib, “Jongintabaga hamdu sanolar”, deya qalpoqlarini echgancha salyut berishdi. Qora tanli, yuzidan ziyoli ekanligi bilinib turgan bu kishi butun qabilalarni birlashtirgan urug` boshlig`i bo`lib, keyingi o`n yillikda mening homiyim va yo`lboshchimga aylandi.

Men shu damda ulkan kuch-qudrat, o`zim ham anglamagan g`alati tuyg`ularga to`lgan edim. Meni bugungacha qornim to`q bo`lishi, qo`shni bolalar bilan cho`p jangidan boshqa hech qanday orzu-havas qiladigan narsa qiziqtirmagan. Na pul topish, na yuqori tabaqaga ega bo`lish va na shon-shuhrat, kuch-qudrat.

Kutilmagan holda ko`z o`ngimda tamoman yangi dunyo kashf bo`layotgandi.

Sir emas, kambag`al oilada katta bo`lgan bolalar shohona mehmondorchilikka guvoh bo`lishganida o`zlari anglamagan holda boylik orttirish degan tuyg`uning asiriga aylanadilar. Men ham bundan mustasno emasdim. Men o`zim shu paytgacha ardoqlagan, ota-onam tomonidan qayta-qayta takrorlangan tushunchalarim va tuyg`ularimdan ortga chekinayotgandek edim. O`shanda dunyo cho`p jangida g`olib chiqishdan ham ko`ra kattaroq narsa ekanini his qilayotgan edim. Keyinchalik menga ayon bo`lishicha, otamning vafotidan keyin hazrat Jongintaba meni o`z otalig`iga olish taklifini bildirgan. Onamning esa bunday olijanob va saxovatli taklifni qabul qilishdan boshqa iloji yo`q edi. Onam meni sog`inishini bilsa-da, bu badavlat oilada tarbiya topish, ilm egallash faqatgina yaxshilik olib kelishini anglab etgandi. Bu urug`boshi bir paytlar mening rahmatlik otam qilgan yaxshilik uchun javob tariqasida meni o`z farzandidek bag`riga olgandi. Chunki bir necha yillar ilgari qabila boshlig`i bo`lgan otam janob Jongintabaning bugungi lavozimga saylanishi uchun yordam bergan va boshqalarni ham shunga undagan ekan.

Ingliz tilidan Zohida Milne-Boymatova tarjimasi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1