1

​«Pashsha, chivin dastidan dod!»

SUG'DIYONA 21.06.2018, 11:46
​«Pashsha, chivin dastidan dod!»

Quyoshli kunlarda derazalarni lang ochib, gullar iforidan mast bo`lgingiz keladi. Ammo bu kichik orzumizning amalga oshishida bizga to`sqinlik qiluvchi muammo bor. Ha, topdingiz, bu pashshayu chivinlar! G`ing`illab asabingizni egovlaydigan hashorotlar sog`lig`imizga jiddiy muammo tug`dirishi bilan ham xavflidir. Xo`sh, nima qilamiz deysizmi? Pashshayu chivinlar bilan kurashamiz!

Ishni derazalardan boshlang

Pashshalar hujumidan himoyalanishning eng oddiy va samarali usuli – derazalarga mayda teshikchali maxsus qoplama o`rnatishdir. Bunday qoplamalar bezarar va xamyonbopligi bilan ham qulay. Qoplamani har ikki haftada derazadan olib, yuvib turishni odat qiling, shunda teshikchalarida yig`ilgan changdan xalos bo`lasiz.

Fumigatorlar haqida eshitganmisiz?

Yo`q deysizmi unda diqqat qiling, fumigator bu pashshalarga qarshi kurashuvchi zamonaviy moslamadir. Hozirgi paytga kelib fumigatorlarni istalgan do`kon rastasida uchratishingiz mumkin. Kechga yaqin fumigatorni elektr tokiga ulasangiz, ichidagi maxsus plastinkasi xona bo`ylab flyuid moddasini tarqatadi. Havotirlanmang, ushbu modda sog`liq uchun beziyon. Faqat yoshiga to`lmagan bolalar xonasida qo`llamasangiz bo`lgani. Fumigator uskunasini bir marta sotib olsangiz etadi, keyinchalik plastinasini yo`riqnomaga qarab almashtirib turasiz.

Qo`rqitamizmi?

Ana endi qo`lbola usullar haqida gaplashamiz. Faqat bir narsani bilib qo`ying, ayrim hidlar pashshalarni qirishga xizmat qilsa, boshqalari ularning hayotini cho`zishi mumkin. Masalan, namlik va ter hidi.

1. Agar siz ko`p qavatli uyda istiqomat qilsangiz, gultuvakka pomidor ko`chatini, eking. Hosil bermasa ham mayliga, asosiysi, barglaridan taralayotgan hid pashshalarni shoshirib qo`yadi.

2. Rayhon ham eking, yoki bo`lmasam bozordan o`simlikni sotib oling-da, uyning har eriga ilib chiqing.

3. Evkalipt va lavanda moylarini esa uxlashdan bir necha daqiqa avval, krovatingiz chetlariga surtib chiqing.

4. Vanillin hidiga allergiyangiz bo`lmasa, uxlashdan avval, bitta kichik xaltasini yarim stakan suv bilan aralashtiring. So`ng vanilinli aralashmani qo`l, oyoq va bo`yin sohasiga surtib uyquga keting.

5. Bir nechta sarimsoq piyozni maydalab, ochiq deraza oldida qoldiring, shunda bir o`q bilan ikkita quyonni urasiz qo`yasiz. Sizni na pashsha va na viruslar bezovta qiladi. Sarimsoq piyozni har 12 soatda yangilab turishni unutmang.

Xovlida yashaydiganlar uchun...

O`z qo`llarimiz bilan pashsha uchun qopqon tayyorlaymiz. Buning uchun 2 gr xamirturush, 200 ml issiq suv, 50 gr shakar va bitta plastik idish kerak bo`ladi.

Plastik idishni ikkiga bo`ling-da, ichiga shakar va suvni solib aralashtiring, so`ng xamirturushni qo`shing. Plastik idishning «og`iz» tarafini idish ichiga qaratib yoping, idish yonlarini qog`oz bilan qoplang. Hovlining biror burchagiga qo`lbola qopqonni joylang. U o`zidan karbonat angidrid gazini tarqatadi, bu hid esa nafaqat pashsha balki barcha hasharotlarni o`ziga ohangraboday tortadi va sizni muammodan xalos etadi.

Tomorqasi borlar esa yashil armiyaga murojaat qilishlari mumkin. Tomorqangizga yalpiz, pomidor va chinniguldan ko`proq ekib qo`ying, shunda hovlingizda mazza qilib dam olaverasiz.

Chaqib tashladi deysizmi?

1. Iste`mol sodasining 2 osh qoshig`ini 1 stakan suv bilan aralashtiring. Aralashmani doka yordamida chivin chaqqan joyga surtib chiqing. Teri qichishishi va qizarishidan asar ham qolmaydi.

2. Yana bir usul esa, limon bo`lagi bilan zararlangan teri ustini artishdir.

Anora G`ULOMOVA tayyorladi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1