Xitoyning Nankin shahrida davom etayotgan II o`smirlar Olimpiadasida o`zbekistonlik yana ikki nafar sportchi g`olib va sovrindorlar safidan joy oldi. Bu haqda O`zA xabar beradi.
Dzyudo bo`yicha jamoaviy bahslarda qatnashgan yosh polvonimiz Suhrob Tursunov delegasiyamiz hisobini yana bir oltin medal bilan boyitdi. Puerto-Riko vakili Adrian Gandia, rossiyalik Mixayl Igolnikov, fransiyalik Morgane Duchene, argentinalik Aelen Elizeche, gollandiyalik Liza Millenberg va portugaliyalik Mariya Siderot bilan “ROUGE” jamoasida qatnashgan Suhrob Tursunov 66 kilogrammgacha bo`lgan polvonlar bellashuvida bolgariyalik Stoyan Tarapanovni, belaruslik Dmitriy Minkouni, armanistonlik Xarutyun Dermishyanni va Kosta-Rika vakili Xulian Sanchoni engib, jamoadoshlari bilan birga shohsupaning eng yuqori pog`onasini egalladi.
O`smirlar Olimpiadasining taekvondo (WTF) bo`yicha o`tkazilgan bahslarida ishtirok etgan yana bir hamyurtimiz Umida Abdullaeva vazni 63 kilogrammdan og`ir bo`lgan taekvondochilar o`rtasida ikkinchi o`rinni egalladi. Musobaqaning chorak finalidan bahslarga kirishgan Umida svazilendlik Sharlota Munavini 17:3, yarim finalda xitoylik Chen Lini 1:0 hisobida engib, kumush medalni qo`lga kiritdi.
Ayni paytda o`zbekistonlik sportchilar hisobida II o`smirlar Olimpiadasining 2 oltin, 1 kumush va 2 bronza medali bor.