1

I l o n (hikoya)

Mutolaa 03.07.2018, 11:20
I l o n (hikoya)

Ertalab ishga otlangan Abdumalik kadrlar bo`limi boshlig`ining gapi esiga tushib, uyga qaytib kirdi. Harbiy guvohnomasini so`rashgan. Oxirgi marta bu hujjat qachon kerak bo`lgani esida yo`q. Odatda bunday kam «yo`qlanadigan» hujjatlar alohida, baland tokchadagi qog`oz qutida saqlanardi.

Qutining og`zini ochishi bilan dahshatdan tosh qotdi. Qo`l oyog`i bo`shashib, quti ham erga tushib ketdi. Bir dasta hujjat ustiga xuddi Ruxsora tavsiflab bergan yarim qarichlik sariq ilon lapanglab tushdi.

Demak... ilon chindan ham bor ekan-da! Ruxsorani, xotini aytganidek, hech qanday «jin chalib» ketmagan, u bechora ham bekorga hovliqib yurmagan ekan-da! Sho`rlikniqo`rqitib, bolalarini nobud qilgan mana shu yaramas maxluq ekan-da! Qutining ichiga qanday kirib oldiykin la`nati?..

******

...Abdumalik hovliga kirishi bilan o`gay onasini tund, mahzun qiyofada ko`rib, xiyol ajablandi. Yana Karima bilan oralarida gap qochib qolgandir, degan xayolga borib, dili g`ashlandi.

U xotinining fe`lini yaxshi biladi. Sho`rlik ayolga shu xonadonga kelganidan beri kun bermaydi.

...Erining ters savolidan so`ng Karima ham to`nini teskari kiyib oldi.

- Sizga nima jin urdi o`zi? Kelganidan beri shu oyimchaning tarafini olganingiz olgan. Mabodo jigar-pigaringizdan urib qolmadimi ishqilib?

Bu beandisha iddao Abdumalikning qulog`iga qo`rg`oshindek quyulib, ko`z oldida olov chaqnagandek bo`ldi. Beixtiyor qo`llari musht bo`lib tugildi. Ammo shu paytga qadar ayol zotiga qo`l ko`tarmagani uchunmi, bu safar ham shaytonga hay berdi.

- Og`zingga qarab gapirsang-chi?! Shunaqayam bo`ladimi odam?O`z otamning jufti haloli...

- Ha endi, aytdim-qo`ydim-da! - Karimaning chimirilgan qoshlari o`rtasida tuguncha paydo bo`ldi. - Popukdekkina ayol. Yoshi ham sizdan kichik. Xayol o`lgur har yoqqa opqocharkan-da!

- Bas! - Abdumalik bo`g`ilib xontaxtaga musht tushirdi. - Yana yo`q joydan janjal chiqargandirsan-da!

Ayol erining bu galgi savolini ham istexzo bilan qarshi oldi:

- Ha, o`zi bu xonadonda hamma narsaga o`zim balogardon. Men unga nima qipman? Homiladorlikni ham eplaganga chiqargan. Uddalay olmas ekan...

Abdumalikning ustidan bir chelak suv ag`darilgandek bo`ldi.

- Nimalar deyapsan? Yana avvalgidek...

- Ha, o`zi aytgandim-ku, bu xotinni avvaldan jinmi, ajinami chalib ketgan. Yana tushiga ilon kirganga o`xshaydi. Kallai saharlab hovlida shaytonlab yuribdi. Qo`yniga yana o`sha sariq ilon kirib yotganmish. Hay-haylab etib bordim. Tavba qildim ming marta! Hech balo yo`q! Ko`rpa-to`shakning avra-astarini chiqarib tashladim. Ko`ziga ko`ringan bo`lsa ko`ringandir..

- Yana o`sha sariq ilon! - Abdumalik taajjub ila elka qisdi. - Qishning chillasida ilon qaerdan kep qoldiykin?

- Menam shuni aytaman-da, - jonlandi xotini. - Avval ham xuddi shunday degandi.Kim bilsin, homilasini ko`tarolmagani uchun o`zi shunaqa bahona topganmi, nima balo...

Abdumalik uh tortgancha unniqib ketgan kresloga o`zini tashladi.

... Besh yil ilgari onasi qazo qildi-yu, hammasi izdan chiqdi.

Albatta, har banda Tangri bergan umrni yashab o`tadi. Bechora onasining umri qisqaroq ekan.

Erkakni tan mahramidan bevaqt ayirmasin ekan. Muqim tog`a yolg`izlik nima ekanligini o`shandan keyin tushundi. Davangirday odam bir haftada cho`kdi-qoldi. Salkam qirq yil bir-biriga suyanib yashashgan edi...

Bunaqa paytda bola-chaqa ham o`zidan ham ortmay qolarkan. Qaynotasining kir-chirini yuvish har qanday kelinga ham malol keladi.

Onasining yili o`tar-o`tmas mahallaning oqsoqllari Abdumalikni o`rtaga olishdi:

- Onagni Alloh rahmatiga olgan bo`lsin! Hech qaysimiz bu dunyoga ustun bo`lolmaymiz. Lekin hammadan ham otangga qiyin bo`ldi. O`g`il voyaga etganidan keyin uni uylantirish, uyli-joyli qilish har bir otaning burchi. Lekin o`rni kelganda farzand ham otasining koriga yarashi kerak. O`zing hamma narsani yaxshi tushunasan. Xullas, otangga biror bevami, bechorami, ishqilib mahram topmasak bo`lmaydi.

Avvaliga bu taklif Abdumalikning elkasini bir qop qumdek bosib tushdi. Onasining o`rniga ega chiqishi mumkin bo`lgan ayolni ko`z oldiga keltirib badaniga muz yugurdi. Ammo, chuqurroq mulohaza yuritib rozi bo`lishdan boshqa chorasi yo`qligini angladi.

Bu haqda otasiga oqsoqollarning o`zi og`iz soladigan bo`lishdi.

Har qalay otasi bu taklifgaqarshilik ko`rsatmabdi. Ikki opasi ham biroz qovoq tumshuq qilgan bo`lishdi-yu, ish pishganligini anglagach, «mayli, o`zlaring bilasizlar» degandek taqdirga tan berishdi.

Bu ishga keskin qarshilik bildirgan faqat Karima bo`ldi:

- Qarilikka yo`rg`alik deganlari shudir-da! Oltmishga kirgan cholga uylanishni kim qo`yibdi? Endi o`gay qaynonaning noz-firog`iga chidab yurishim qoluvdi.

Abdumalik odatiga ko`ra xotiniga hammasini yotig`i bilan tushuntirishga kirishdi:

- Onasi, otam ham uylanaman deb o`lib turgani yo`q edi. Lekin o`ylab qarasam shunga majbur ekanmiz. O`zing-ku, otamning bitta ko`ylak yo yaktagini malol bilan chayib berasan. Keksa odam bo`lsalar. Issiq-sovug`idan xabar olib turasanmi? Ikki dunyoda ham yoniga yo`lamaysan.

Karima ham bo`sh kelmadi.

- Men qaramasam, siz borsiz-ku! Opalaringiz bor! Bitta otani qarovsiz qoldirmassizlar? Endi shu arzimas narsalarni ro`kach qilmoqchi bo`lyapsizmi? Menga desa...

- Ko`pam hovliqaverma, - xotininingn gapini belidan kesdi Abdumalik. - Endi g`isht qolipdan ko`chgan. Bir ikki jo`rasi o`rtaga tushib otamning roziligi olishibdi. Endi sening ra`yingga qarab, lafzimdan qaytsam, bu mahallada bosh ko`tarib yurolmay qolaman.

Abdumalik xotinining javobini ham kutmay. Kostyumini elkasiga taglab, chiqib ketdi. Karima esa, o`zicha ming`irlagancha qolaverdi.

Bo`lajak kelinni topish ham anchaga cho`zildi. Muqim tog`a tengi beva kampirni topishning iloji bo`lmadi. Bori ham «shu yoshimda er qilib, malomatga qolamanmi, boshimda bolalarim bor, bir amallab boqib olishar» deya rad javob berishdi.

Axiyri ikki qishloq naridan eridan ajrashgan o`ttiz besh yoshlardagi juvonni topishdi. Imi-jimida mahallaning uch-to`rt mo`ysafidini chaqirib, nikoh o`qitishdi.

Yangi kelin Ruxsora kelganidan beri Karimaning chiroyi ochilgani yo`q. Na eri bilan ochilib-sochilib gaplashadi, na bolalariga tuzukroq muomala qiladi. Qaynotasiga ham har kuni ertalab o`lganning kunidan salom beradi.

Yangi qaynonasi bilan gaplashmaydi, hisob. Ruxsora haliyam og`ir-bosiq, ichidagini sirtiga chiqarmaydigan, muloyimtabiatjuvon ekan. Karima har-har zamonda janjal chiqarish uchun ilmoqli gap tashlaganda ham, bechora eshitib eshitmaganga oladi.

Karima qildan qiyiq axtarib, qaynonasining har ishiga zimdan razm solsa-da, biror kamchilik topolmaydi. Bu esa, uning xunobini oshiradi, yanada jig`ibiyron bo`ladi.

Boshida begona ayolning otasiga tan mahram bo`lib kelishi Abdumalikka ham yoqmagan bo`lsa-da, bu mushtipar ayolning og`irkarvonligi, beozorligi unga ham ma`qul tushdi. Uning ana shu xislatlari o`z onasiga ham o`xshab ketarkan.

Oila a`zolari safiga yangi kelib qo`shilgan ayol bolalarni ham tezginao`ziga el qilib oldi.

Avvalgi xotinining vafotidan keyin o`zini ancha oldirib qo`ygan Muqim tog`a ham o`zgarib qolgan. Rang-ro`yiga qon kirgan, ancha et olib qolgan. Har kuni ertalab top-toza, dazmollangan kiyimda chiqib ketadi. O`zi ham xiyla yoshargandek. Teng-to`shlari «Muqimboy, maza-maza sizga maza bo`ldi-da, yurish-turishingiz joyida, obi-ovqatingiz tayyor, ust-boshingizga gard yuqmagan, yana kechalari yoshgina xotin biqiningizda yotsa, Xudoning bergani shu-da!» deb hazillashishadi.

Oradan olti oy o`tar-o`tmas Ruxsoraning og`iroyoqligi ma`lum bo`lib qoldi. Ma`lum bo`ldi-yu, Ruxsoraning bir dardiga o`n dard qo`shildi. Na yurish-turishida, na eyish-ichishida halovat qoldi. Qaynota-qaynonasiga-ku, qovuq-tumshuq qilishdan nariga o`tmaydi. Bor alamini eriyu bolalaridan oladi.

- Yaqinda yangi buvilaring sizlarga amakichami, ammachami tug`ib beradi, ko`tariib katta qilasizlar, - deb piching otishini qo`ymaydi. Eri biror nima degudek bo`lsa, shartta yoqasiga yopishtiradi.

- Sizam suyunibgina qolgandirsiz? Otangiz bechorayam ja kutib yurgan ekanlar-da! To`ridan go`ri yaqin odamga bola tug`dirishni kim qo`yuvdi. To`rt-besh yilda «to`p» etib qolgudek bo`lsalar, «onajoningiz»ni ko`chaga chiqarib haydamassiz? Qiz bola bo`lsa, eplab-seplab erga berishingiz, o`g`il bola bo`lsa, uylantirib, keyin mana shu hovlini qo`sh-qo`llab topshirishingiz kerak bo`ladi, bildingizmi?

Abdumalik beandisha ayolini boplab so`kib bergan bo`lsa-da, o`zidan o`tgani o`ziga ma`lum edi. Rostda, qarigan chog`ida bunaqa sho`xliklar otasiga yarasharmidi? Qolaversa, xotinining ham gapida jon bor.

Harqalay Abdumalik ichidagini sirtiga chiqarmadi.

- Har banda Xudoning xohish-irodasi bilan dunyoga keladi. Rizq-nasibasini ham o`zi beradi. Otamning peshonasiga shu yoshda farzand ko`rish bitilgan ekan, ko`radi. Qo`rqma, sen bilan menga og`irligi tushmaydi.

Biroq, Abdumalik aytganidek bo`lib chiqmadi...

Bir kuni kechki payt Ruxsora oshxonadan idish-tovoqni yuvib qaytayotsa, ayvonchada yarim qulochcha keladigan sariq ilon to`lg`onib yotganmish. Juvon bor ovozi bilan dod solib, uyiga yugurdi.

Qo`rquv yomon, odamni har kuyga solishi mumkin. O`sha qo`rqish sabab Ruxsoraning uch oylik gumonasi nobud bo`ldi.

Shunda... Karimaga ham picha jon kirib qoldi.

- O`zi menga yoqmagan ish Xudoga ham xush kelmaydi-da! Oltmishdan oshgan choldan bo`lgan gumona qayoqqa ham borardi? Tug`ilsayam, gungmi, sholmi, ishqilib, bir nimasi kam bo`lib tug`ilardi. Shoyad, endi bu «kelin-kuyov»ning ko`zi ochilib qolgan bo`lsa?..

Bu ko`ngilsizlik Muqim tog`aga ham, Ruxsoraga ham yomon ta`sir qildi. Bechora ayol anchagacha Karimaning ham, Abdumalikning ham ko`ziga qarolmay yurdi. Muqim tog`a avvalgidek indamasga aylanib qoldi. Ammo, Karima aytganidek, ularga hali «aql kirmagan» ekan. Qishning qoq chillasida Ruxsoraning ko`ngli dovuchcha tusab qopti. Buniyam Karima qo`shni xotindan eshitdi. Eshitdi-yu, uyiga fig`oni falakka chiqib qaytdi.

- Odamzotga uyat ham yaxshi gap, - deya zahrini eriga to`kib soldi. - Bularda-ku, sharmu hayo qolmabdi. Loaqal siz uyaling! Men hali o`ttizga kirmasimdan «bo`ldi, endi tug`ishni yig`ishtir, bolaning shu yog`i ham etadi, borini eplab boqib olaylik», demabmidingiz? Mana, otangiz shu yoshdayam bola tug`dirishdan charchamayaptilar-ku!

Abdumalik yana dardini ichiga yutdi. U bechora ham nima qilsin? Otasiga borib, «bunaqa ishlar sizga yarashmas ekan, kelinigiz aytdi» desinmi?

Karimani ranjitgan ish bu gal ham xudoga xush kelmadi, shekilli. Garchi Abdumalik o`gay onaning ikkinchi marta homilador bo`lganini eshitgani xiyla g`ash tortgan edi. Ammo, yana homilaning nobud bo`lganini eshitib, zarracha ko`ngli ko`tarilgani yo`q.

Chunki, o`tgan safar ana shu ko`ngilsizlik tufayli otasi qanchalik o`zgarganini sezgandi. Odam qariganda boshqacharoq bo`lib qolarkan, shekilli. Kim bilsin, otasi shu yoshda yana go`dak hidini qo`msab qolgandir? Umidning yo`qqa chiqishi har qanday odamning ko`nglinin cho`ktiradi. Bu holat keksalarga yanada qattiqroq ta`sir ko`rsatishi tabiiy.

Muqim tog`a bu safar o`zini tamomila yo`qotib qo`ydi. Hatto, tobi qochib, yotib ham qoldi. Avvaliga keksalik-da, o`tib ketar, deb uncha e`tibor qilishmadi. Qariyaning ahvoli tez orada o`nglanavermagach, «Tez yordam» chaqirishdi. Do`xtirlar Muqim tog`ani opketmoqchi bo`lishganda, cholning o`zi ko`nmadi. Azaldan kasalxonada yotishni yoqtirmasdi.

«Tez yordam» mashinasida kelgan yoshgina shifokor yigit dori-darmon yozib berdi. Ammo... Otasining dardi tuzalmaydigan ekan. Ikki kun o`tib... uzildi.

Qishloq ahli rusm-rusumini joyiga qo`yib, marhumni tuproqqa topshirib qaytishdi. Ruxsora erining qirqi chiqquncha elib yugurib xizmatini qildi. Keyin lash-lushini yig`ishtirib, onasinikiga ketdi. Hech kim unga loaqal ko`ngil uchun ham «qol» demadi.

Shundagina Karimaning chiroyi ochildi. Eriga, bolalariga muomalasi ham o`zgardi.

Ammo Abdumalikning ichiga chiroq yoqsa yorishmasdi. Nimagadir otasining o`limida o`zini aybdordek his qilaveradi. Balki, bola eson-omon tug`ilganida otasi ham tirik yurgan bo`larmidi? Yana kim bilsin? Har kim peshonasida bitilganini ko`radi, deyishadi-ku!

Ana shu xayollargina unga xiyla taskin berar, yupanardi. Bugun esa...

...Mana o`sha ilon! Mavhum qondoshlariningyorug` dunyoga kelishiga yo`l bermagan, otasining umrini qisqartirgan manfur jonzot. Abdumalik es-hushini to`plab atrofga ko`z yugurtirdi. Tilini chiqargancha, unga sovuq ko`zlarini qadab jimgina yotgan bu zaharli ilonning boshini nima bilan yanchsa ekan? Aksiga olib, uyda qo`lga ilingulik narsa ko`rinmaydi.

Abdumalik endi ilonga qo`rquv va dahshat emas, allanechuk qiziqish bilan tikilib qoldi. Ajab! Nega ilon xuddi sehrlangandek, undan ko`z uzmay yotibdi? Shu lahzada bolaligida dalada tengdoshlari bilan ko`lvor ilonlarni qo`rqmasdan qo`lda ovlab yurgan paytglari esiga tushdi. Xiyol hadiksirab, jimjilog`i bilan ilonning dumini turtib qo`ydi. Qimir etmaydi-ya, yaramas! Abdumalik bir muncha jur`atlanib, avval ilonning dumidan tutib, baland ko`tardi. Keyin tiliga, ko`zlariga diqqat bilan tikildi va shu asnoda bir fikr miyasini o`qdek teshib o`tdi:

Axir bu rostmana ilonga chunonam o`xshatib yasalgan rezina o`yinchoqdan boshqa narsa emas-ku!

Rustam Jabborov

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1