AsosiyMutolaa

MAYIB-MAJRUHLAR ONASI (Hikoya)

'MAYIB-MAJRUHLAR ONASI (Hikoya)'ning rasmi

Shu kunlarda cho`ntagi qappayganlar makoniga aylangan plyajda yosh, durkun, hammaning sevgisiyu hurmatiga sazovor parijlik ayolni ko`rib, o`sha dahshatli voqeani, o`sha battol xotinni esladim.

O`sha voqeadan keyin ancha suvlar oqib o`tdi, lekin hanuz unutolmayman.

Provinsial shaharchadagi bir oshnam kaminani mehmonga chaqirdi. Oshnam hurmat-izzatimni joyiga qo`yib, meni har yoqqa sudragancha, qal`a, fabrika, shaharning ko`hna xarobalarini ko`rsatdi; bir qancha yodgorliklar, cherkovlar, eski o`ymakor darvozalar, azim va shakldor daraxtlarni tomosha qildik. Shaharning barcha diqqatga molik joylarini tomosha qilib bo`lganimizdan so`ng oshnam kuyib-pishgancha boshqa boradigan joy qolmaganini aytdi. Engil tin oldim. Ana endi soyada dam olish mumkin. Ammo chuchvarani xom sanabman.

– Darvoqe, “mayib-majruhlar onasi” qolib ketibdi-ku, senga, albatta, ko`rsatishim kerak , – deb qoldi oshnam.

– “Mayib-majruhlar onasi” deganing kim bo`ldi?

– U o`taketgan razil, naq iblisning o`zi, har yili atayin mayib-majruh, badbashara bolalarni dunyoga keltirib, boyaqishlarni ajabtovur tomoshalar ko`rsatadigan odamlarga pullaydigan yalmog`iz. Manfur tomoshalari bilan kun ko`radiganlar vaqti-vaqti bilan bironta tasqarani tug`madimikin, deya yalmog`iznikiga yo`qlab borishadi, mabodo bola ma`qul kelsa, olishadi, onasiga esa badal to`lashadi. O`sha xotinning bundaqa bolalari o`n bir nafar. Tuvagi tillodan uning. Meni hazillashyapti yoki lof uryapti, deb o`ylayotgan bo`lsang, adashasan, azizim. Bor haqiqatni aytyapman. Yur, o`sha xotinni borib ko`ramiz. Keyinroq senga uni qanday qilib mayib-majruhlar korxonasiga aylanib qolganini so`zlab beraman.

Oshnam meni shahar chekkasiga boshladi.

Haligi xotin yo`l bo`yidagi mo``jazgina uyda turarkan. Hamma yoq saranjom-sarishta, yog` tushsa, yalagudek. Qiyg`os ochilgan gullarga to`la bog`dan hushbo`y islar taraladi. Bu erda bitta-yarimta iste`foga chiqqan amaldor yashasa kerak, degan fikr keladi kishining xayoliga.

Oqsoch bizni qishloqcha jihozlangan mehmonxonaga olib kirdi, shunda ilk bor uy sohibasi — o`sha battol xotinni ko`rdim. Yoshi qirqlar atrofida. Bo`ydor, dag`albashara. Sog`lom-baquvvatligi esa chayir dehqon ayolini eslatadi, sirasini aytganda, yarimmahluq-yarimayol. Yon-atrofdagilar u haqda visir-visir gaplar qilishini bilarmidi, bizni qovog`idan qor yog`ib qarshiladi.

– Sizlarga nima kerak? – deb so`radi u.

– Eshtishimcha, oxirgi bolangiz oddiy bolalardan farq qilmas ekan, akalariga ham zig`ircha o`xshamas ekan. Shu rostmi-yolg`onmi, o`z ko`zim bilan ko`rmoqchiydim, – dedi oshnam.

Xotin xo`mrayib-o`qraygancha shunday dedi: .

– E, yo`q, taqsir! Yo`q! Kichkinam akalaridan ham battar. Peshonam sho`r ekan. Hammasi majruh, taqsir, hammasi. Qaysi gunohim uchun Parvardigor men mushtipar onadan marhamatini darig` tutdiykin-a?

U munofiqlarcha boshini xam qilib, shosha-pisha bidirladi. Qo`poldan-qo`pol ovozini yumshotishga tirishar, o`ktam tovushda eshitilayotgan bu mungli so`zlar suyakdor, beso`naqay, davangir jussadan chiqayotganiga ishonish dushvor edi.

– Bolangizni bir ko`rsak bo`larmidi, – deb so`radi oshnam.

Xotin sal qizarinqiragandek tuyuldi. Yo adashdimmikin? Birpas sukut saqlab:

– Ko`rib nima qilasiz?! – dedi-da, boshini shahd-la ko`tarib, bizga chaqchaygan ko`zlarini tikdi.

Oshnam so`zida davom etdi:

– Nega uni bizdan yashiryapsiz? Ba`zi bir odamlarga ko`rsatarmishsiz-ku?! Kimlarni nazarda tutayotganimni yaxshi fahmlab turibsiz.

Xotin fig`oni falakka ko`tarilib, bizga o`shqira ketdi:

– Ha, demak, shunga kelibsizlar-da? Meni haqorat qilish uchun, to`g`rimi? Bolalarim hayvonsifat bo`lgani uchun ustimdan istagancha kulish uchunmi? Sizlar uni ko`rmaysiz, yo`q, aslo ko`rmaysiz. Qani, tuyoqlaringni shiqillatinglar! Namuncha qonimga tashna qilasizlar?

U qo`lini biqiniga tiragancha, bizga tashlandi. Shu chog` qo`shni xonadan qo`pol ovozga javoban ingroq, to`g`rirog`i, mushukning miyovlashi yanglig` telbaning ayanchli chinqirig`i eshitildi. Etim jimirlab ketdi. Biz chekindik.

Oshnam sannab-sannab:

– Ehtiyot bo`l, urg`ochi iblis (odamlar unga laqab qo`yishgan ekan), ehtiyot bo`l, bir kun kelib qilmishlaringga javob berasan.

Xotin g`azabdan qaltirab, qo`llarini paxsa qilib bo`kirib berdi:

– Daf bo`linglar! Hech qanaqa javob-pavob bermayman. Yo`qolinglar! Ablahlar!

Sal qolsa bo`g`zimizdan olardi. Dilimiz xufton bo`lib, quyonning rasmini chizdik.

Uydan chiqqanimizda oshnam:

– Xo`sh? Ko`rdingmi? Nima deysan? – deb so`radi.

– Bu yalmog`izning o`tmishini gapirib ber, – dedim.

O`roqqa kelib qolgan, shabadadan dengiz misol shovullayotgan bug`doyzor oralab keng so`qmoqdan o`tib borayotganimizda oshnam menga quyidagi hikoyani so`zlab berdi.

Bir zamonlar u fermada xizmatkor bo`lib ishlaydigan mehnatkash, ibo-hayoli va o`ziga pishiq qiz ekan. Jazmanlari bormi-yo`qmi, hech kim bilmagan, qolaversa, hech qanday illati ham bo`lmagan.

Ammo-lekin o`rimdan so`ng, kishini lohas qiladigan dim havodan yigitlaru qizlarning badanlaridan marjon-marjon ter quyiladigan qora bulutli oqshomlardan birida, bug`doy bog`lamlari orasida iffatini yo`qotadi.

Tez orada bo`yida bo`lganini bilib, uyat va dahshat hissidan ich-etini eydi. Gumonasini yashirish uchun arqon va taxtalardan maxsus korset yasab, qornini mahkam bog`laydi. Homila ulg`aygani sari korsetni qattiqroq siqib bog`layveradi, mislsiz azob-uqubatlarga dosh berib, sir boy bermaslik uchun o`ynab-kulib yuraveradi.

Qiz qornidagi mitti vujudni iskanjaga olib, mayib-majruh qiladi, uni ezib, pachog`ini chiqaradi, mahluq qiyofasiga soladi. Yapasqi boshchanoq cho`zinchoq shaklga kiradi, katta-katta bir juft ko`z peshonaga chiqib qoladi, tanaga chippa yopishgan oyoqchalar tok zangidek akashak, barmoqlar o`rgimchak panjalaridek ingichka bo`lib qoladi. Gavda esa mitti va yumaloqligicha qoladi.

Bahor kunlarining birida, dalada qizning ko`zi yoriydi. Yordamga shoshgan ishchi xotinlar qizning qursog`idan chiqib kelgan mahluqni ko`rib, dodlab qochib qolishadi. Iblisdan bola tuqqanmish, degan mish-mish ovoza bo`ladi. O`shanda beri qizni “urg`ochi iblis” deydilar.

Qizni fermadan haydab yuborishadi. U tilanchilik qilib kun ko`radi, ehtimol, yashirincha tanasini ham sotgandir, axir hamma erkaklar ham do`zax azoblaridan qo`rqavermaydi.

Nogiron bolasini ming bir nafrat ila boqadi, agar ruhoniy sud bilan qo`rqitmaganda, kim biladi, balki bolasini bo`g`ib o`ldirarmidi.

Kunlarning birida ajabtovur tomoshalar ko`rsatadigan odamlar shu yaqindan o`tib ketayotib majruh bola haqida eshitib qoladilar va onasidan uni ko`rsatishini iltimos qiladilar. Mabodo tasqara ularga to`g`ri kelsa, o`zlari bilan olib ketishlarini aytishadi. Tasqara bolakay ularga to`g`ri keladi va o`sha zahoti ayolga besh yuz frank to`lashadi. Avvalboshda ayol bolasini ko`rsatishga uyaladi, biroq evaziga pul berishlarini, majruh bolasi ularga zarurligini tushungach, har bir tiyin ustida savdolasha boshlaydi, go`dagining mayib-majruhligi bilan ularni avrashga tushadi. Chuv tushirib ketmasliklari uchun ular bilan bitim tuzadi. Shunday qilib, ular go`yoki bolani xizmatga olgandek ayolga yiliga to`rt yuz frank to`lashga va`da berishadi.

Kutilmagan omaddan ona aql-hushini yo`qotib qo`yadi, yanada mo`lroq pul topish ilinjida boshqa bir mayib-majruhni dunyoga keltirishni ko`ngliga tugadi. Pushti issiq bo`lgani uchun niyatini amalga oshiradi ham. Keyinchalik homiladorlik paytida qornining bir erini mahkamroq, bir erini bo`shroq qisib, tug`ilajak bolalariga turli-tuman shakl berishni o`rganib oladi.

Undan naynov va kaltabaqay, qisqichbaqaga, kaltakesakka o`xshagan bolalar tug`iladi. Ba`zilari nobud bo`lganida, tushkunlikka tushadi. Sud aralashmoqchi bo`ladi-yu, ammo hech narsani isbot qilolmaydi. Axiyri, yangi-yangi mahluqchalarni dunyoga keltirishiga qo`yib berib, uni o`z holiga tashlashadi.

Hozir uning o`n bir nafar bolasi bor va ular onalariga har yili, taxminan, besh-olti frank daromad keltirishadi. Faqat bittasi, bizga ko`rsatishni istamagani “ishga” joylashtirilmagan. Lekin u ham onasining qaramog`ida uzoq qolmasa kerak, endilikda ko`zboylog`ichlar ayolni, yangi bironta tasqara yo`qmikin, deya tez-tez yo`qlab turishadi.

Agar bolasi o`ta tasqara bo`lsa, hatto kimoshdi savdosi ham o`tkazarmish...

Oshnam hikoyasini tugatib, jimib qoldi. Men ich-ichimdan nafratlanib, fig`onim falakka ko`tarildi, hali yonimdaligida uying kuygur yalmog`izni bo`g`ib o`ldirmaganimga afsuslandim.

– Ularning otasi kim? – deb so`radim oshnamdan.

– Kim biladi deysan. Urg`ochi iblis buni sir tutadi. Balki daromadga ham sherik qilgandir...

Shu kunlarda plyajda yosh, durkun, hammaning sevgisiyu hurmatiga sazovor parijlik ayolga ko`zim tushmaganida, balki bu azalgi voqeani yodga olmasmidim.

Kurortda shifokor bo`lib ishlaydigan do`stim bilan sohil bo`yida sayr qilib yurardik. Bir mahal enaga bilan qumda o`ynayotgan uch bolakayni ko`rib qoldim. Qumloqda bir juft qo`ltiqtayoqchalarni ko`rib esa yuragimga simillagan og`riq kirdi. Shunda uchala bolakay ham majruh, bukri, qo`rqinchli ekanini payqadim.

  • Bular hozirgina ko`rganing — oyimtillaning bolalari, – tushuntirgan bo`ldi do`xtir do`stim.

Bu ayol va uning bolalariga rahmim kelib :

– Eh, sho`rlik ona! O`ynab-kulib yurishga qayoqdan kuch topyapti-ya?!

– Oyimtillaga rahming kelmasin, aziz do`stim, – dedi do`xtir oshnam. – Undan ko`ra manavi norasidalarga achin. Belni tarang tortib, xipcha qilib yurishning kasriga mana shular aziyat chekyapti. Bu nogironlar — korset taqib yurishning hosilasi. Xonimcha korset taqib o`z hayotini ham xavf ostiga qo`yayotganini juda yaxshi biladi. Lekin unga baribir — qaddi raso bo`lsa, uni sevib-ardoqlashsa bas!

Alqissa, mayib-mahruh bolalarini pullagan o`sha battol xotin, urg`ochi iblisni esladim.


Gi de MOPASSAN (farang adibi)


Rus tilidan Saidjalol Saidmurodov tarjimasi.


    Boshqa yangiliklar