Buxoroda “Adolatli qaynona” ko`rik-tanlovining viloyat bosqichi bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
O`zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasi viloyat kengashi tomonidan tashkil etilgan tanlovda 10 nafar qaynona ishtirok etdi. Ishtirokchi-qaynonalarning oilada o`ziga xos muhit yaratish, farzand tarbiyasi borasidagi dunyoqarashi, O`zbekiston Respublikasining Oila kodeksi, partiya faoliyatiga doir bilimi sinovdan o`tkazildi. Shuningdek, erkin mavzudagi chiqish, sahna ko`rinishlari orqali hayotiy muammolarni talqin etish qobiliyatiga ham e`tibor berildi.
Ijtimoiy daxldor, oila va mahalla munosabatlari bilan bog`liq milliy an`analar rivojiga hissa qo`shishga harakat qilib kelayotgan G`ijduvon tumani “Zarangari” mahalla fuqarolar yig`ini faoli Norbibi Mardonova birinchi o`rinni egallab, tanlovning mamlakat bosqichiga yo`llanma oldi.

– Oilaning totuvligi ko`p jihatdan xonadondagi muhit va yoshi ulug`larning bosiqlik bilan ish ko`rishiga bog`liq, – deydi Norbibi Mardonova. – Biz, jamoatchilik vakillari muammoli oilalarda bo`lganimizda ana shu masalaga alohida e`tibor qaratamiz. Olib borilayotgan ishlar samarasida 9 ming aholi istiqomat qilayotgan mahallamizda ayollar bilan bog`liq noxush holatlarga barham berildi, ajrimlar soni keskin kamayishiga erishildi.
Buxoro tumani “Navro`z” mahalla fuqarolar yig`ini faoli Gulmira Rashidova ikkinchi o`ringa sazovor bo`ldi. Kogon shahridagi "Ulug`bek” mahalla fuqarolar yig`ini faoli Laylo Murodova hamda Jondor tumani “Navgadi” mahalla fuqarolar yig`ini faoli Mohira Hamidova uchinchi o`ringa munosib ko`rildi.
G`olib va sovrindorlar diplom va esdalik sovg`alari bilan taqdirlandi.






