AsosiySport

Ebola virusi tarqalgan mamlakat sportchilari Toshkentdagi JChga kelmaydi

Gvineya, Liberiya, Serra-Leone, Nigeriya va Kongo mamlakati sportchilari Toshkentda bo`lib o`tadigan sport kurashi bo`yicha Jahon chempionatiga kela olishmaydi. Bu haqda O`zbekiston sport kurashlari assosiasiya sayti xabar bermoqda.  

21 avgust kuni Birlashgan kurash turlari xalqaro federasiyasi (FILA) O`zbekiston Respublikasi sog`liqni saqlash vazirligiga Ebola virusi tarqalgan G`arbiy Afrika mamlakatlari sportchilarining Toshkentda bo`lib o`tadigan Jahon chempionatidagi ishtiroki yuzasidan so`rov yubordi.

Kuni kecha esa O`zbekiston Respublikasi sog`liqni saqlash vazirligi ushbu masala yuzasidan rasmiy qaror qabul qildi va musobaqada qatnasha olmaydigan mamlakatlar ro`yxati ko`rsatilgan javob xatini FILAga yubordi.

Unga ko`ra, Gvineya, Liberiya, Serra-Leone, Nigeriya va Kongo mamlakati sportchilari Toshkentda bo`lib o`tadigan sport kurashi bo`yicha Jahon chempionatiga kela olishmaydi.   

 Shuningdek, xatda yozilishicha, Afrikaning boshqa mamlakatlaridan tashrif buyuruvchi sportchilar O`zbekiston Respublikasi hududiga kirishlari oldidan tibbiy nazorat ko`rigidan o`tishadi.

Eslatib o`tamiz, sport kurashi bo`yicha Jahon chempionati 8-14 sentyabr kunlari poytaxtimizdagi gimnastika saroyida bo`lib o`tadi.  

    Boshqa yangiliklar