1

Qishloq xo`jaligida kechiktirib bo`lmaydigan chora-tadbirlar bo`yicha navbatdagi videoselektor yig`ilishi o`tkazildi

Siyosat 01.08.2018, 10:38
Qishloq xo`jaligida kechiktirib bo`lmaydigan chora-tadbirlar bo`yicha navbatdagi videoselektor yig`ilishi o`tkazildi

Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida 31 iyul kuni g`o`za rivojini jadallashtirish, g`alla o`rimidan bo`shagan maydonlarga takroriy ekinlar ekish, aholi tomorqalaridan samarali foydalanish va qishloq xo`jaligi mahsulotlarini eksport qilish masalalariga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishi o`tkazildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Joriy yil 4 iyul kuni bo`lib o`tgan videoselektorda 5 iyuldan 5 sentyabrga qadar “hosilga-hosil qo`shish dolzarb ikki oyligi” e`lon qilingan edi. Yig`ilishda shu borada amalga oshirilgan ishlar atroflicha tahlil qilindi.

O`tgan vaqtda g`o`za rivojining kechikishi bartaraf etilmagani, hali ham 8-10 kunga, ba`zi joylarda 12-15 kunga ortda qolish kuzatilayotgani ta`kidlandi. Ayrim tumanlarda paxta o`z holiga tashlab qo`yilgani, muhim agrotexnik tadbirlar vaqtida bajarilmagani, g`o`za chanqatib qo`yilib, bu hosil yo`qolishiga olib kelayotgani tanqid qilindi.

Qishloq xo`jaligidagi vazifalarni bajarishda kamchiliklarga yo`l qo`ygan tumanlar rahbarlariga tegishli choralar ko`rish bo`yicha ko`rsatma berildi.

Paxta maydonlarida agrotexnik tadbirlarni o`z vaqtida va sifatli o`tkazish, g`o`zani chanqatmay, qator oralariga ishlov berish, kultivatorlardan samarali foydalanish zarurligi qayd etildi.

Yana bir muammo bu yil g`o`za zararkunandalari va hasharotlari ko`payganidir. Olimlarning aniqlashicha, birgina ko`sak qurti kapalagining qishdan chiqish darajasi 76 foizni tashkil etmoqda. Bu oxirgi yillardagi eng yuqori ko`rsatkichdir.

“Hasharotlarning qishdan chiqish darajasi 50 foiz bo`lganda favqulodda holat deb baholanadi. Bu yil esa hasharot 1,5 barobar ko`p. Bundan barcha rahbarlar tegishli xulosa chiqarishi, ayniqsa, fermerlar o`z hosili uchun ma`suliyatni kuchaytirishi shart”, dedi davlatimiz rahbari.

Zararkunanda va hasharotlarga qarshi kurashish ishlarini tizimli tashkil qilish, g`o`zaga ilmiy yondashuv asosida kimyoviy ishlov berish bo`yicha chora-tadbirlar belgilandi.

Yig`ilishda g`o`zani sug`orish masalasiga ham to`xtalib o`tildi. Suvdan maqsadli foydalanish, g`o`za maydonlarini sug`orish jadvalini ishlab chiqish, uzoqdagi fermer xo`jaligi dalasigacha suv etib borishini ta`minlash, “sharbat” usulida sug`orishni tashkil qilish bo`yicha topshiriqlar berildi.

G`alladan bo`shagan maydonlarga takroriy ekinlar ekish, shartnoma tuzish va bo`nak mablag`lari berish masalalariga alohida e`tibor qaratildi.

Bugungi kunda dunyoda oziq-ovqat mahsulotlariga talab va ularning narx-navosi oshib bormoqda. Bunday sharoitda qishloq xo`jaligi mahsulotlari etishtirishni ko`paytirib, ichki bozorni arzon oziq-ovqat bilan to`ldirish va eksport hajmini oshirish juda muhim hisoblanadi.

Shu maqsadda joriy yilda g`alladan bo`shagan 680 ming gektar maydonga takroriy ekin ekish belgilangan. Lekin oradan bir oydan ko`proq vaqt o`tgan bo`lsa-da, joylarda ekish ishlari tizimli tashkil qilinmagan, to`liq yakuniga etkazilmagan.

“Takroriy ekin bu – birinchi navbatda eksport, ikkinchidan oziq-ovqat mahsulotlarining zaxirasi, ya`ni ichki bozordagi to`kinlik va barqaror narx-navo degani”, dedi Shavkat Mirziyoev.

Mutasaddi rahbarlarga takroriy ekinlar uchun zarur bo`lgan moddiy-texnik resurslarni to`liq etkazib berish va agrotexnik tadbirlarni o`z vaqtida o`tkazish, mahsulotlarni xarid qilish bo`yicha qayta ishlash korxonalari, eksportyor va tayyorlov tashkilotlari bilan shartnomalar tuzish, fermerlarga bo`nak pullarini to`lash yuzasidan topshiriqlar berildi.

Aholi tomorqalaridan samarali foydalanish, “Tomorqa xizmati” korxonalari faoliyatini jonlantirish, xonadonlarga urug`lik, mineral o`g`it va boshqa zarur narsalarni etkazib berish bo`yicha vazifalar belgilandi.

Mahalliy byudjetga qo`shimcha daromad tushirish zaxiralarini safarbar qilish, mahsulot va xizmatlarni eksport qilish bo`yicha prognoz ko`rsatkichlarni bajarish masalalari ham atroflicha muhokama qilinib, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1