O`zbekiston kinematografchilari shu yil 21-30 sentyabr kunlari Rossiyaning Anapa shahrida bo`lib o`tadigan “Kinoshok” XXIII ochiq kinofestivalida ishtirok etadilar.
Kinoforum doirasida to`rtta tanlov bo`lib o`tishi kutilmoqda. Asosiy tanlov dasturidan Mansur Vasatiyning “Quduq” filmi (O`zbekiston) o`rin olgan. “TV-shok” tanlovida “O`zbekfilm” studiyasida rejissyor Javohir Qosimov tomonidan suratga olingan “Ziyoda” kartinasi taqdim etilgan, deya xabar beradi Uz24.uz nashri.
«KinoMalShok» festivalida esa Rashid Malikovning “Tog`a” filmi qatnashadi. Aytish lozimki, ushbu kartina Irkutskda bo`lib o`tgan “Oila davrasida” xalqaro teatr va kino festivalining bosh sovriniga sazovor bo`lgan edi.
Eslatib o`tamiz, ushbu “Kinoshok” XXIII ochiq kinofestivali Anapa shahrida 1992 yildan buyon o`tkazib kelinadi. Festival tadbirlari keng ko`lamligi va ochiqligi bilan farq qiladi. Ular nafaqat tanlov namoyishlaridan, balki tanlovdan tashqari ochiq maydonchalardagi aktyorlar bilan uchrashuvlar, kino san`ati arboblari bilan o`tkaziladigan ijodiy kechalar, gala-konsertlar va boshqalardan iborat.





