1

​Taniqli o`zbek aktrisasi bugun 88 yoshni qarshi oldi

Madaniyat 14.08.2018, 17:00
​Taniqli o`zbek aktrisasi bugun 88 yoshni qarshi oldi

Taniqli o`zbek aktrisasi Yayra Abdullaeva 1930 yil 14 avgust kuni Toshkentda tug`ilgan.

Ijodiy faoliyatini 1944—1945 yillarda Gavhar Rahimova rahbarligidagi xotin-qizlar ansamblida boshlab, 1950 yilda A. Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomlik san`ati institutini tugatgan. 1950 yildan Hamza nomidagi O`zbek Davlat (hozirgi O`zbek Milliy) akademik drama teatrida ishlab, Gulnor ("Qutlug` qon"), Gulbahor ("Boy ila xizmatchi"), Qorasoch ("Yulduzlar jamoli"), Eleyn ("Qonli sarob"), Katerina ("Momaqaldiroq"), Milfordxonim ("Makr va muhabbat"), Xemnolini, Kamola, Xemenkori ("Gang daryosining qizi"), Maryam ("Jazoir — mening Vatanim") kabi o`nlab rangbarang obrazlarni yaratdi. Izzat Sultonning "Noma`lum kishi" asaridagi Turg`unoy yoshligida onasidan etim qolgan, bevafo ota esa uni tashlab ketgan. U bobosi qo`lida tarbiyalanadi, o`sib-ulg`ayadi, hayotda o`z yo`lini topadi.

Yayra Abdullaeva Turg`unoy xarakteridagi aql-zakovat, xotin-qizlarning erki yo`lida shum taqdirga qarshi jon-jahdi bilan kurashish kabi olijanob fazilatlarni aniq ko`rsatgan, Morimoto Kaoruning "O`g`irlangan umr" asarida esa yapon ayolining og`ir hayot yo`lini, murakkab taqdirini psixologik teranlik va nihoyatda ustalik bilan ochib bergan. Kelishgan qaddi-qomat, go`zal tashqi qiyofa va yoqimli ovozga ega bo`lgan Yayra Abdullaeva o`z ijodida yuz ifodasi, imo-ishora, kinoya, piching va boshqa tasviriy vositalardan mohirona foydalana olgan san`atkordir. Iste`dodli aktrisa tomonidan yaratilgan Persiya ("Yuliy Sezar"), Antigona ("Antigona"), Anita ("G`ariblar"), Nodirabegim (shu nomli asar), Mamaeva ("Har to`kisda bir ayb"), Gavharshodbegim ("Mirzo Ulug`bek"), Siyonxonim ("Jonimni ol, jonginam") va boshqa etuk obrazlar faqat Yayra Abdullaeva ijodidagina emas, balki o`zbek teatr san`ati tarixida ham o`ziga xos o`rin egalladi.

Yayra Abdullaeva "Boy ila xizmatchi" filmidagi Gulbahor roli bilan 1953 yildan boshlab o`zbek kino san`atida o`z faoliyatini boshladi, birin-ketin "Opa singil Rahmonovalar" (1954), "Stadionda uchrashamiz" (1956), "Hamza" (1960), "Vijdon amri bilan" (1967) kabi filmlarda suratga tushdi. U kinoda yaratgan Gulbahor, Dildor, Ra`no, Saodat va boshqa obrazlar yorqinligi, jozibasi bilan alohida diqqatga sazovordir. Bu obrazlar talqinida ham aktrisa ijodining o`ziga hos muhim individual qirralari yarq etib ko`zga tashlanib turadi.

San`atkor o`zbek kino va teatr san`atida o`z o`rniga, o`z ovoziga ega bo`lgan diapozoni keng, qiziqish doirasi katta, ma`naviy jihatdan teran, tinib-tinchimas, etuk aktrisadir. U bir necha o`n yillardan beri O`zbekiston televideniesida ham faoliyat ko`rsatib kelmoqda. 1960 yilda yaratilgan birinchi o`zbek telefilmi "Azizaxon" dagi bosh rol, "Zaynab va Omon" (1957), "Ettinchi qadah" (1977) telespektallaridagi Zaynab, Xonim obrazlari keng san`at muxlislariga manzur bo`ldi. Yayra Abdullaeva 50-yillardan beri respublika radiosida qatnashib "Teatr mikrofon oldida", "Bir aktyor teatri" nomli eshittirishlarda faol ishtirok etdi.

Evripidning "Medeya", Sh.R.Rashidovning "Kashmir qo`shig`i", "Qudratli to`lqin", A.S.Pushkinning "Dubrovskiy" asarlari asosida tayyorlangan radiospektakllarda Medeya, Bahor, Mariya obrazlarini katta mahorat bilan ijro etdi. Ibsenning "Nora" asari asosida tayyorlangan radiospektaklda u ham postanovkachi rejissyor, ham aktyor sifatida qatnashdi.

Yayra Abdullaevaning sermazmun va serqirra ijodiy faoliyati yuksak takdirlandi. 1964 yilda aktrisaga "O`zbekiston xalq artisti" faxriy unvoni berildi. V.Shekspirning "Qirol Lir" tragediyasida yaratgan Regina obrazi uchun 1967 yilda Respublika Davlat mukofotaga sazovor bo`ldi.

Aktrisa 1998 yilda “Do`stlik” ordeni, 2011 yilda “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlangan.

Yayra Abdullaevaning umr bekatlari

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1