AsosiySport

Futbolchilar videosi kimning buyurtmasi edi? Umid Ahmadjonov bunga aniqlik kiritdi

'Futbolchilar videosi kimning buyurtmasi edi? Umid Ahmadjonov bunga aniqlik kiritdi'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda bosh murabbiy va futbolchilarning O`zbekiston futbol assosiasiyasi birinchi vise-prezidentidan uzr so`ragani aks etgan video tarqaldi va foydalanuvchilarning bahs-munozarasiga sabab bo`ldi.

"Championat.asia" nashri Umid Ahmadjonovning mazkur video borasidagi fikri bilan qiziqib, u bilan telegram orqali bog`landi.

— Xayrli kun, Umid Mahamadjanovich! Jakartada charchash yo`qmi?
— Salom! Charchashga vaqt yo`q desa to`g`riroq bo`ladi (kuladi).

— Futbolchilarga nima bo`ldi? Chempion bo`ladi, deb kutgandik...

— Biz ham bunga katta umid bog`lagandik. O`yinni ko`rgan bo`lsangiz kerak, nasib qilmadi. Hamma birdek harakat qildi. Endi sportning boshqa turlarida oltin medallar yo`lida kurash olib boryapmiz.

— Bilishimizcha, futbolchilarning natijasi rahbariyatga yoqmagan ekan...

— Buni kim aytdi? Agar futbolchilar umuman harakat qilmay, raqibni shunchaki o`tkazib yuborganlarida fikringizga qisman qo`shilishim mumkin edi. Axir ular maydonda jonlarini berib o`ynashdi. Bizga eng keragi ham aslida shu.


— Bunday deyayotganimning sababi — kecha hamma joyda tarqalib ketgan Ravshan Haydarov hamda futbolchilarning sizga murojaati...

— To`g`risini aytsam, videoni ertalab sizning saytingizda ko`rdim. Jamoa a`zolari chin ko`ngildan nimadir qilmoqchi bo`lishgan ekan. Ammo bunday narsani hamma joyga tarqatish birinchi xato. Qolaversa, nima bo`lganini hammamiz ko`rdik, demak, jamoaning ortiqcha tushuntirish berishiga hojat yo`q. Biz ulardan buni talab qilmaymiz.

— Rosti men ham shunga hayron bo`lgandim.

— Bu ishni kim qilganini tagiga etdik. Yomon niyatda qilmagan, shunchaki, yoshlik qilgan. Mag`lubiyat bizniki, keyingi safar xatolar ustida biz ishlashimiz kerak. G`alaba esa muxlislarniki, biz xalqimizni xursand qilish yo`lida mehnat qilamiz. Sportchilar bilan uchrashganda ham doim shuni ta`kidlayman. Chunki o`zimga ham Prezidentimiz asosiy maqsadim odamlar ko`zida quvonch va baxt ko`rish, deb aytganlar. Sportchilar shu yo`lda harakat qilishlari, sport esa sog`lom turmush tarzini targ`ib qilishi kerak.

— Demak, jamoaga hech qanday e`tiroz yo`q?

— Qanday e`tiroz bo`lishi mumkin?! Bu aslida norasmiy musobaqa. Biz shunchaki futbolchilarni, muxlislarni uyg`otib olish uchun ham har qanday o`yinda, musobaqada g`olib bo`lish uchun o`ynayapmiz. Futbolchiga nima farqi bor u qanday o`yin ekanini, terma nomidan maydonga tushyaptimi, borini berishi shart. Koreyaga qarshi o`yinda yigitlar buni sidqidildan bajarishdi. Asosiy maqsadimiz esa Tokio-2020 va Qatar-2022. Shuning uchun ham xorijdan mashhur mutaxassislarni taklif qildik.

— Hakamlar haqida nima deya olasiz?

— Hech narsa demayman. Ular o`yinni yaxshi boshqarib bordi. Biz o`z xatolarimiz evaziga mag`lub bo`ldik. Xato esa hammada ham bo`lib turadi.

— Ob-havo, maydon holati haqida-chi?
— Har ikki jamoa bir xil sharoitda to`p surdi. To`g`ri, iqlim ancha murakkab edi biz uchun. Biz tribunada o`tirib ba`zida nafas olishga qiynaldik. Lekin unutmaylikki, Osiyo o`yinlariga kelgan hamma sportchi shu iqlim bilan to`qnashmoqda. Sportning qiziq tarafi ham, murakkabligi ham shunda. Biz bunga doim tayyor turishimiz kerak.

— Javobingiz uchun rahmat! Musobaqa davomida omad yor bo`lsin!

— Sizga ham rahmat. Faqat bitta iltimos, saytga qo`ymoqchi bo`lsangiz o`zingiz yana bir qararsiz, noto`g`ri tushunib yurishmasin. Ravshan akaga ham, yigitlarga ham, videochilarga ham o`zimiz tushuntirib qo`yamiz. O`zi shundoq ham mag`lubiyatni hazm qila olishmayapti, odamlarning gapi ularni bundan battar ezadi. Shuning uchun o`zim ham qattiq gapirganim yo`q (ovozli yo`llanmada kelgani).

    Boshqa yangiliklar