AsosiySport

Indoneziyadagi Osiyo o`yinlari qahramonlari Toshkentda tantanali tarzda kutib olindi

'Indoneziyadagi Osiyo o`yinlari qahramonlari Toshkentda tantanali tarzda kutib olindi 'ning rasmi

O`zbekistonlik sportchilar Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida o`tkazilgan XVIII Osiyo o`yinlarini yakunlashdi.

Hamyurtlarimiz ushbu o`yinlarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, 21ta oltin, 24ta kumush va 25ta bronza medallariga ega chiqishdi. Musobaqa davomida 70ta medal qo`lga kiritgan O`zbekiston terma jamoasi umumjamoa hisobiga ko`ra beshinchi o`rinni egalladi.

Bugun Osiyo o`yinlarida ishtirok etgan o`zbekistonlik sportchilar Jakartadan yurtimizga qaytib kelishdi. O`zbekiston sport delegasiyasi a`zolari poytaxtimizga mamlakatimiz Prezidenti jo`natgan Boing 787 Dream Liner’a charter reysda uchib kelishdi.

Osiyo o`yinlari qahramonlari poytaxtimizdagi Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali tarzda kutib olindi, deb xabar berdi MOQ.

Kutib olish marosimida O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Prezident maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, Bosh vazir o`rinbosari Aziz Abduhakimov, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo`jaev, Milliy olimpiya qo`mitasi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi mutasaddilari va boshqa bir qator mas`ul mutasaddilar, sportchilar, ularning yaqinlari, muxlislar va OAV xodimlari ishtirok etishdi.

Tadbirni O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov ochib berdi. Bosh vazir so`zga chiqar ekan, ushbu Osiyo o`yinlari sportchilarimiz uchun muvaffaqiyatli kechganligi, hamyurtlarimiz qit`aning bir qator yirik mamlakatlarini ortda qoldirib ketganligini, demak sportchi va murabbiylarimiz ayni paytda to`g`ri yo`ldan ketayotganliklarini alohida ta`kidlab o`tdi.

Shundan so`ng delegasiyamizni tabriklash uchun bir qator taniqli shahslar, Osiyo o`yinlari chempionlari Svetlana Radzivil, Isroil Madrimov, musobaqalarda sovrindor bo`lgan sportchilarimizning yaqinlari so`zga chiqishdi va ushbu muvaffaqiyat uchun xalqimiz, Prezidentimiz, Milliy olimpiya qo`mitasi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga minnatdorchilik bildirishdi.

Tadbir yakunida O`zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova so`zga chiqdi va yurtdoshlarimizni ushbu muvaffaqiyat bilan tabrikladi. So`ngra yig`ilganlar bilan jo`rlikda «Xech kimga bermaymiz seni, O`zbekiston!» qo`shig`i kuylandi.

Aeroportdagi tadbir yakunlanganidan so`ng sportchilarimiz maxsus ajratilgan ikki qavatli avtobuslarda Milliy olimpiya qo`mitasiga yo`l olishdi. Sportchilar u erda ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan muloqot qilishdi, esdalik uchun suratga tushishdi.

Demak, to`rt yillikning eng nufuzli musobaqalaridan biri hisoblangan Osiyo o`yinlari ham ortda qoldi. Indoneziyadagi o`yinlar yakunlanishi bilan, Tokio 2020 Olimpiya o`yinlariga tayyorgarlik rasman boshlandi. Umid qilamizki, ikki yildan so`ng kunchiqar yurtda o`tkaziladigan Olimpiya o`yinlarida ham O`zbekiston terma jamoasi muvaffaqiyatli ishtirok etib, ushbu zafarli yurishlarni davom ettiradilar.

Boshqa yangiliklar