O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 24 iyuldagi “Milliy kinoindustriyani rivojlantirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 6 apreldagi “Respublikada yagona repertuar siyosati yuritilishini ta`minlashga yo`naltirilgan respublika kinoprokat tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qaroriga muvofiq “O`zbekkino” Milliy agentligi tizimda bir qator o`zgarishlarni amalga oshirmoqda. Ulardan eng asosiysi “Respublika kinoprokat markazi” va ularning respublikaning barcha hududlaridagi filiallarining tashkil etilishi bo`ldi.
Ushbu markaz oldiga bir qator masalalar qo`yilganki, ularning echimi kinoprokat sohasidagi mavjud muammolarni hal etishda asosiy omil bo`lib xizmat qiladi. “Respublika kinoprokat markazi” oldida, eng avvalo ekranlarimizga chiqarilayotgan filmlarning prokatini qayta jonlantirish, kino mahsulotlarini mamlakatimizning barcha nuqtalariga o`z vaqtida etqazib berish, munosib ijod namunalarini jahon kinobozorlariga taqdim etish va ularda faol ishtirok etish kabi boshqa muhim vazifalar turibdi.
Bugun ushbu tizimda ko`p yillik an`alarni buzgan, “olamshumul” bir yangilik sodir bo`ldi. Ya`ni, bundan buyon kinostudiyalarning mamlakatimizdagi davlat tasarrufida bo`lgan mavjud kinoteatrlar bilan to`g`ridan-to`g`ri aloqalari tugatildi. “O`zbekkino” Milliy agentligi bosh direktori Furqat Zokirovning “Respublikada yagona repertuar siyosati yuritilishini ta`minlashga yo`naltirilgan respublika kinoprokat tizimini tashkil etish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi buyrug`iga ko`ra:
Bundan buyon Agentlik tizimidagi barcha kinoteatrlarni milliy va xorijiy filmlar bilan ta`minlash markazlashgan holda “Respublika kinoprokat markazi” tomonidan amalga oshiriladi;
Kinoprokat tizimiga kiruvchi barcha kinoteatrlarda filmlar namoyishini tashkil etish xususiy kinoishlab chiqaruvchilar (studiyalar) va distribyuterlar bilan tuziladigan shartnomalar asosida “Respublika kinoprokat markazi” tomonidan amalga oshiriladi.
Endilikda kinoprokat tizimiga kiruvchi Agentlik tizimidagi va boshqa kinoteatrlarda “Respublika kinoprokat markazi” bilan prokat shartnomalari tuzilmagan va repertuar rejaga kiritilmagan filmlar namoyishini amalga oshirish mumkin emas.
Agentlik tizimidagi “Alisher Navoiy nomidagi kinosaroyi”ga (Toshkent shahri) va “Sharq yulduzi kinoteatri”ga (Samarqand shahri), “Alisher Navoiy nomli kinoteatr” (Farg`ona shahri) qarashli bo`lgan barcha kinoafisha stendlari yagona repertuar siyosati yuritilishini ta`minlash uchun operativ boshqaruv asosida “Respublika kinoprokat markazi” ixtiyoriga o`tkazib beriladi va ular zamonaviy elektron stendlarga bosqichma-bosqich almashtiriladi.
Shu bilan birga, tizimda shaffoflikni ta`minlash maqsadida kinoteatrlar optik tolali aloqa liniyasi orqali kinoprokat elektron tarmog`iga ulanadi va ularda elektron kinochiptalarni yuritish avtomatlashtirilgan tizimi joriy qilinadi.
O`zbek kinosining sifati va saviyasi haqida gap ketganda tilga olinadigan asosiy muammolardan biri – filmlarning mavzusidan tortib, janrigacha, davomiyligidan tortib, to unda kimlarningdir buyurtma asosida “tezda mashhurlikka erishish” uchun asosiy rollarni ijro etishiyu, hatto repertuar siyosatini belgilashi shu kunga qadar ayrim kinostudiyalar va mopopol kinoteatrlar qo`lida bo`lganligi sababli kelib chiqqanini nazarda tutadigan bo`lsak, demak endi o`zbek kinosida yangi davr boshlanayotganiga ishongimiz keladi.






