1

​Dehlidagi Lal Bahodur Shastri xotira majmuasida O`zbekiston madaniy merosiga bag`ishlangan kitoblar taqdimoti bo`lib o`tdi

Madaniyat 21.09.2018, 17:07
​Dehlidagi Lal Bahodur Shastri xotira majmuasida O`zbekiston madaniy merosiga bag`ishlangan kitoblar taqdimoti bo`lib o`tdi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Hindistonga davlat tashrifi arafasida Dehlidagi Lal Bahodur Shastri xotira majmuasida 10 tomlik “O`zbekiston madaniy merosi dunyo san`at xazinalarida” kitoblar turkumining taqdimoti bo`lib o`tdi.

O`zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari assosiasiyasi va mamlakatimizning Hindistondagi elchixonasi hamkorligida Dehli shahrida tashkil qilingan xalqimizning boy madaniy merosiga bag`ishlangan kitoblar taqdimoti tadbirlari Lal Bahodur Shastri majmuasida boshlanganida ramziy ma`no bor.

Mamlakatimizda mustaqil Hindistonning ikkinchi Bosh vaziri nomini chuqur hurmat bilan eslashadi. Nafaqat yoshi ulug` insonlar, balki yosh avlod vakillari ham Hindiston va Pokiston o`rtasidagi 1966 yilgi tarixiy deklarasiya Toshkentda imzolanganidan faxrlanadi.

Bugun Toshkentda Lal Bahodur Shastri yodgorligi qad rostlab turibdi. Shuningdek, poytaxtimiz ko`chalaridan biriga hind xalqining buyuk farzandi nomi berilgan.
Mashhur Bosh vazir farzandi Anil Shastri bugun O`zbekiston-Hindiston do`stlik jamiyatiga rahbarlik qilmoqda. Taniqli siyosatchilar, jamoat arboblari, olimlar, jurnalistlardan tashkil topgan Do`stlik jamiyati a`zolari o`zbek va hind xalqlari o`rtasidagi an`anaviy do`stlik munosabatlarini yanada rivojlantirishga munosib hissa qo`shmoqda.

Hindiston-O`zbekiston do`stlik jamiyati raisi Anil Shastri, O`zbekistonning Hindistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Farhod Arziev va boshqalar O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Hindistonga birinchi davlat tashrifini ikki mamlakat xalqlari katta qiziqish bilan kutayotganini ta`kidladi. Tashrif davomida bo`lib o`tadigan uchrashuv va muzokaralar Markaziy va Janubiy Osiyoning ikki yirik davlati o`rtasidagi o`zaro manfaatli aloqalarni yanada rivojlantirishda yangi istiqbollar ochishiga ishonch bildirildi.

“O`zbekiston madaniy merosi dunyo san`at xazinalarida” turkumidagi kitoblar xalqimizning xorijdagi mashhur muzeylarda saqlanayotgan boy va betakror madaniy-ma`rifiy merosi namunalari haqida hikoya qiladi.

Mazkur loyihaning tashabbus guruhi a`zolari taniqli o`zbek va hind olimlari bilan hamkorlikda Hindistonning yirik muzey, kutubxona va boshqa xazinalarida saqlanayotgan ilmiy-madaniy meros namunalarini o`rganishmoqda. Ilmiy izlanishlarning natijalari turkumning yangi boblariga kiritiladi.
Mazkur kitoblar turkumi Dehlidagi Javaharlal Neru universiteti, Jamiya Milliya universiteti, Jome masjidi va Hindiston islom madaniyati markazida ham tashkil etiladi.

25 sentyabr kuni Hindiston Milliy muzeyida “Hindiston-O`zbekiston: madaniyatlar muloqoti” qo`shma ko`rgazmasi ochiladi. Tadbir 24 oktyabrgacha davom etadi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1